
Qozog‘istonning Olmaota shahrida bir guruh ambitsiyali tadbirkorlar fitnes ixlosmandlari duch keladigan umumiy muammo – sport zaliga a’zolik moslashuvchan emasligiga e’tibor qaratdi. Ko‘pchilik sog‘lom turmush tarzini olib borishni istar, lekin an’anaviy sport zaliga a’zolik shartnomalari qimmat, qat’iy va faqat bitta joy bilan cheklangan edi. Odamlar bir zalga bog‘lanishni xohlamas, ularning ehtiyojlariga mos kelish yoki kelmasligiga shubha qilardi.
Aynan shu muammo 1Fit g‘oyasiga turtki bo‘ldi – Markaziy Osiyodagi fitnes sanoatini tubdan o‘zgartiradigan startap. 1Fit an’anaviy fitnes a’zolik tizimidan farqli ravishda yagona obuna orqali bir nechta sport zallari, studiyalar va fitnes mashg‘ulotlariga kirish imkoniyatini taqdim etadi. Bu esa foydalanuvchilarga o‘z jadvali va xohishiga mos tarzda mashg‘ulot qilish erkinligini beradi. Biroq, muvaffaqiyat sari yo‘l oson kechmadi.
Qiyinchilikdan tug‘ilgan biznes

1Fit asoschilari bo‘lgan Murat Alixonov, Abzal Toremuratuli, Askar Akshabayev va Meir Adiljanovlar tadbirkorlik olamida yangilik emasdi. 1Fit’dan avval, turli dasturiy ta’minot kompaniyasini yuritgan. Biroq, 2017-yilda yirik mijozlardan biri kutilmaganda hamkorlikni to‘xtatdi, bu esa foydalanilmay qolgan resurslar va biznesni yangi yo‘nalishga burishni taqozo etardi.
Ammo ular bu vaziyatga muvaffaqiyatsizlik sifatida qarash o‘rniga, imkoniyatga aylantirishdi. Ular texnologik tajriba, kuchli biznes netvorkingga ega edi va eng muhimi – odamlarning fitnesga a’zolik bilan bog‘liq muammolarini chuqur tushunardi. Shu sababli, birgina obuna orqali foydalanuvchilarga bir nechta sport zallariga kirish imkonini beruvchi raqamli yechim yaratishga qaror qilindi. Bu nafaqat mashg‘ulotlarni qulayroq qilish, balki fitnesni hamyonboplashtirish imkoniyatini ham ochdi.
1Fit oddiy, lekin kuchli maqsad bilan ishga tushirildi, odamlarga uzoq muddatli shartnomalar bilan bog‘lanmasdan, fitnes turmush tarzini erkin tanlash imkoniyati berildi. Dastlab, Olmaotadagi mahalliy sport zallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Foydalanuvchilar turli sport zallari, basseynlar va mashg‘ulotlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Natija darhol sezildi – odamlarga bunday moslashuvchan yondashuv yoqdi, sport zallar esa doimiy yangi mijozlar oqimiga ega bo‘ldi.
Mahalliy startapdan mintaqaviy gigantga qadar
1Fit xizmatiga talab oshgach kompaniya Olmaotadan tashqariga chiqib, butun Qozog‘iston bo‘ylab faoliyatini kengaytirdi. Biroq, haqiqiy burilish nuqtasi bu model faqat bitta mamlakat bilan cheklanib qolmasligini anglaganlarida yuz berdi. 2022-yilga kelib, 1Fit muvaffaqiyatli ravishda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjonga kirib, o‘zining noyob fitnes obuna xizmatini yangi bozorlarga olib chiqdi.
Kompaniyaning tez o‘sishi moliyaviy natijalarida ham aks etdi. 2022-yilda 1Fit yillik daromadini $12 millionga yetkazdi, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 151 foiz o‘sishni anglatardi. Platformadan faol foydalanuvchilar soni 50,000 dan oshib, butun mintaqada moslashuvchan fitnes yechimlariga bo‘lgan talab juda yuqori ekanini ko‘rsatdi.
1Fit’ning asosiy muvaffaqiyat omili “cheksiz” tizimi edi. Ya’ni foydalanuvchilar hech qanday cheklovlarsiz istalgan hamkor sport zallariga borishi mumkin. Bu esa faqat professional fitnes ixlosmandlarini emas, balki turli xil mashg‘ulotlarni afzal ko‘radigan oddiy foydalanuvchilarni ham jalb qildi.
Qiyinchiliklarni yengish va biznes modelini mukammallashtirish
Bir nechta mamlakatlarda startapni kengaytirish oson emas. Har bir yangi bozor o‘ziga xos muammolarni keltirib chiqardi – mahalliy sport zallari egalari bilan hamkorlik kelishuvlarini tuzishdan tortib, mijozlarning xulq-atvoriga qarab narx siyosatini moslashtirishgacha bo‘lgan qiyinchiliklar paydo bo‘ldi. Eng katta to‘siqlardan biri sport zallari egalari bilan ishonch o‘rnatish edi.
Dastlab, ko‘plab sport zal egalari 1Fit’ni raqib deb hisoblardi. Ular cheksiz a’zolik modeli biznesiga zarar yetkazishi mumkinligini o‘yladi, chunki mijozlar bitta zalga bog‘lanish o‘rniga turli joylarga borib, doimiy mijozlariga aylanmaydi, deb qo‘rqishdi. Ammo, 1Fit ma’lumotlari mutlaqo boshqacha natijani ko‘rsatdi. Platformaga qo‘shilgan sport zallar nafaqat qatnovning oshganini, balki daromadning ham ko‘payganini kuzatdi, chunki 1Fit orqali sport bilan shug‘ullanishni odat qilgan yangi mijozlar jalb qilindi, ular ilgari hech qachon zalga a’zo bo‘lmagan.
Sport zallar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun, 1Fit ularga biznesni optimallashtirish bo‘yicha ma’lumotlarga asoslangan maslahatlar taklif qildi. Foydalanuvchilarning xatti-harakatlarini tahlil qilish orqali, ular sport zallari egalariga eng gavjum soatlar, ommabop mashg‘ulotlar va daromadni oshirishga yordam beruvchi narx strategiyalarini tavsiya qila boshladi.
Bundan tashqari, texnik muammolar ham yo‘l-yo‘lakay paydo bo‘ldi. Tez o‘sayotgan sport zallari bazasi, foydalanuvchilar soni va mashg‘ulot jadvalini boshqarish uchun kuchli va kengaytirishga mos platforma kerak edi. Shu sababli, jamoa sun’iy intellektga asoslangan avtomatlashtirishga katta sarmoya kiritdi, bu esa foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratdi va operatsion xarajatlarni kamaytirdi.
Xalqaro bozorga chiqish
2023-yilga kelib, 1Fit Markaziy Osiyo fitnes sanoatining yetakchisiga aylandi, ammo asoschilar bundan ham katta maqsadlarga ega edi. 2023-yil fevral oyida kompaniya Buyuk Britaniya bozoriga kirishini e’lon qildi, bu esa 1Fit’ning global brendga aylanish yo‘lidagi ilk jiddiy qadami edi.
Londonliklar 1Fit’ning moslashuvchan va qulay fitnes tizimi bilan tanishdi. Bu esa ularga qo‘shimcha to‘lovlar va qat’iy shartnomalarsiz o‘z mashg‘ulotlarini osongina tashkil qilish va to‘lash imkonini berdi. Buyuk Britaniya fitnes sanoati juda raqobatbardosh bo‘lsa-da, 1Fit’ning noyob modeli an’anaviy sport zalga a’zolik tizimiga jozibali muqobil taklif qildi.
Biroq, dastlabki qiziqishga qaramay, 1Fit kuchli raqobat, yuqori operatsion xarajatlar va tartibga solishdagi qiyinchiliklar tufayli olti oy ichida Buyuk Britaniyadan chiqishga qaror qildi. Kompaniya o‘z modelining eng yaxshi natija beradigan hududlarini tahlil qilib, parchalanib ketgan fitnes bozorlariga ega va moslashuvchan mashg‘ulot variantlariga yuqori talab mavjud bo‘lgan mintaqalarga e’tibor qaratish kerakligini tushundi.
Orqaga chekinish o‘rniga, 1Fit boshqa xalqaro bozorlarga yo‘naldi. 2024-yilda kompaniya muvaffaqiyatli ravishda Malayziya, Meksika va BAA bozorlariga kirdi.
Kompaniya bosh direktori Murat Alixonov ushbu kengayishni boshqarishda muhim rol o‘ynadi. Uning rahbarligi ostida 1Fit 72 foiz yalpi foyda marjasiga erishdi va ijobiy pul oqimini saqlab qoldi, bu esa shiddatli raqobat sharoitida moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga yordam berdi.
1Fit kelajagi
Qiyinchilikka uchragan dasturiy ta’minot kompaniyasidan boshlangan kichik burilish bugungi kunda bir nechta mamlakatlarga tarqalgan fitnes imperiyasiga aylandi. 1Fit’ning muvaffaqiyati foydalanuvchilar ehtiyojlarini tushunish va moslashuvchan, kengaytirishga oson biznes model yaratish uzoq muddatli o‘sishga olib kelishini isbotladi.
1Fit shunchaki fitnes obuna xizmati emas – u odamlarning sport va mashg‘ulotlarga bo‘lgan qarashlarini o‘zgartirdi. Endi foydalanuvchilar bitta sport zaliga bog‘lanib qolish o‘rniga, turli mashg‘ulotlarni sinab ko‘rish, yangi sport turlarini o‘rganish va o‘z turmush tarziga mos keladigan fitnes rejimlarini shakllantirish imkoniyatiga ega.
1Fit global fitnes brendiga aylanish yo‘lida barqaror harakat qilmoqda. Kompaniyaning yo‘li hali tugamagan, ammo uning rivojlanishi innovatsiya, chidamlilik va oqilona biznes qarorlari oddiy g‘oyani butun bir harakatga aylantirishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva
Fikr bildirish