
Qozog‘istonda asos solingan 1Fit startapi — yagona fitnes-abonement platformasi — 2025-yil aprel oxirida Meksikadagi faoliyatini kutilmaganda to‘xtatdi. Kompaniya foydalanuvchilar va hamkorlarni ogohlantirmasdan bozordan chiqib ketdi. Natijada, bir necha ming mijoz, jumladan yillik va yarim yillik obuna xarid qilganlar, xizmatlardan foydalana olmay qoldi.
Meksikalik foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda norozilik bildirgan, ular orasida @andygachvz nomli foydalanuvchi 29-aprel kuni barcha mashg‘ulotlar bekor qilinganini aytib, kompaniya javob bermayotgani va pullar qaytarilmasligidan xavotir bildirgan.
Kompaniya nima dedi?
1Fit 30-aprel kuni o‘zining rasmiy Instagram sahifasida bayonot e’lon qilib, Meksikadagi faoliyat to‘xtatilishiga sabab jiddiy moliyaviy qiyinchiliklar va xodimlarga nisbatan xavfsizlik tahdidlari bo‘lganini bildirdi.
2024-yil avgustida Meksikaga kirgan kompaniya Mexiko, Gvadalaxara va Keretaro kabi shaharlarda muvaffaqiyatli ish boshlagan. Biroq 2025-yil aprelida kompaniya jamoasi agressiv harakatlar va moliyaviy talablar bildirgan noma’lum shaxslar bilan to‘qnash keldi.
“Xodimlarimizga real xavf tug‘ilgach, biz ularni Qozog‘istonga qaytarishga qaror qildik. Ularning xavfsizligi biz uchun eng ustuvor masala,” — deyiladi rasmiy bayonotda.
Shundan so‘ng 1Fit bosqichma-bosqich chiqish rejasini ishga tushirgan. Kompaniyaga ko‘ra, barcha xodimlar bilan hisob-kitob qilingan, qolgan majburiyatlar esa Meksika qonunchiligiga muvofiq hal etiladi.
Jarayon nega izdan chiqdi?
1Fit asoschisi va CEOsi Murat Alixanovga ko‘ra, Meksikani tark etish rejalashtirilgan va nazorat ostida bo‘lishi kerak edi — avval ham boshqa bozorlarda bunday chiqishlar bo‘lgan.
Ammo bu safar shoshilinch evakuatsiya sababli ichki axborot tarqalib ketgan. Xodimlardan biri, kelishuvga zid ravishda, hamkorlarga xizmat yopilayotgani haqida xat yuborgan. Bu esa studiyalarning foydalanuvchilarni bloklashiga, va ijtimoiy tarmoqlarda salbiy munosabatlar to‘lqiniga olib kelgan.

“Biz aslida xizmatni davom ettirib turgan holda huquqiy jarayonlarni bosqichma-bosqich bajarishni rejalashtirgandik,” — deydi Alixanov.
Hozirda kompaniya yuridik firma bilan birga Meksikadagi faoliyatni rasmiy tartibda yakunlash ustida ishlamoqda. Jarayon doirasida audit va sud orqali mablag‘lar taqsimlanishi mumkin.
Fikr bildirish