
2030-yil tobora yaqinlashmoqda, ish dunyosi esa misli ko‘rilmagan sur’atda o‘zgarishda davom etmoqda. Bu faqat mavjud ish o‘rinlari emas, balki muvaffaqiyatni belgilovchi ko‘nikmalarning ham yangilanishi demakdir. Sun’iy intellekt, avtomatlashtirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi harakatlar va demografik siljishlar tufayli kompaniyalar endi xodimlardan nimalarni kutishni qayta ko‘rib chiqmoqda. Natijada ayrim ko‘nikmalar oldingi qatorga chiqmoqda, boshqalari esa asta-sekin tarix sahifasiga o‘tmoqda.
Kelajakni belgilovchi qobiliyatlar
Eng zarur ko‘nikmalardan biri – bu tahliliy fikrlash. U murakkablikni anglab yetish, noaniq sharoitlarda oqilona qarorlar qabul qilishni o‘z ichiga oladi va 2030-yilgacha barcha sohalarda ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Uning ortidan esa bardoshlilik, moslashuvchanlik va chaqqonlik keladi — ya’ni muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng tiklana olish, o‘zgarishlarga tez javob bera olish. Bu uchlik bugun o‘sayotgan kasblar bilan yo‘qolayotgan kasblarni ajratuvchi eng muhim omil sifatida qaralmoqda.
Ijodkorlik, yetakchilik va ijtimoiy ta’sir – bu ko‘nikmalar sun’iy intellektning imkoniyatlariga qaramay, inson aqli va hissiyotlarining ustunligini saqlab qolmoqda.
Texnologik savodxonlik esa endilikda faqat IT sohasigagina emas, balki barcha kasblarga zarur bo‘lgan asosiy kompetensiyaga aylanmoqda. Ayniqsa, AI va katta ma’lumotlar bilan ishlash tez o‘sayotgan sohalar sirasida.
Bundan tashqari, tizimli fikrlash, qiziquvchanlik, umrbod o‘rganish va iste’dodni boshqarish kabi ko‘nikmalar ham o‘sishda davom etadi — bular ishlar, vositalar va bozorlar doimiy o‘zgarayotgan dunyoda muvaffaqiyatga erishish uchun zarur bo‘lgan fikrlash tarzidir.
Yuzaga chiqayotgan ko‘nikmalar
Hozircha markaziy o‘rinda bo‘lmagan ayrim ko‘nikmalar yaqin yillarda dolzarb bo‘lishi kutilmoqda. Masalan, kiberxavfsizlik – masofaviy ish va raqamli tahdidlarning kuchayishi fonida barcha sohalar uchun zaruratga aylanmoqda.
Atrof-muhitga mas’uliyatli munosabat ham o‘sib borayotgan yo‘nalish bo‘lib, ayniqsa energetika, kommunal xizmatlar va davlat sektori ishlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Iqlim maqsadlari siyosat va biznes sarmoyalarini shakllantirar ekan, barqarorlikni tushunish endi oddiy ustunlik emas — u strategik ko‘nikmaga aylanmoqda.
Mashinalar hali ham tenglasha olmaydigan insoniy jihatlar
AI rivojlangan bo‘lsa-da insoniy muloqotga asoslangan ayrim ko‘nikmalar hanuz yuqori talabda qolmoqda. Hamdardlik va faol tinglash, xizmatga yo‘naltirilganlik va mijozlarga g‘amxo‘rlik kabi ko‘nikmalar hatto eng ilg‘or AI tizimlari tomonidan ham qiyinlik bilan almashtiriladi. Bu ko‘nikmalar sog‘liqni saqlash, ta’lim va xizmat ko‘rsatish sohalarida ayniqsa dolzarb bo‘lib, bu yerda ishonch, e’tibor va shaxsiy ishtirok hal qiluvchi omillardir.
Shuningdek, resurslarni boshqarish, operatsiyalarni muvofiqlashtirish va loyiha yuritish kabi rollar ham inson mantiqi va tajribasini talab qiladi.
So‘nib borayotgan ko‘nikmalar
Qo‘l chaqqonligi, jismoniy kuch va aniqlik – bu kabi ko‘nikmalar avtomatlashtirish fonida o‘z ahamiyatini yo‘qotyapti. Chunki mashinalar takrorlanuvchi jismoniy ishlarni tobora ko‘proq o‘z zimmasiga olyapti. O‘qish, yozish va oddiy matematika hali ham asosiy bilimlar sirasiga kirsa-da, sun’iy intellekt oddiy bilimga asoslangan ishlarni bajarayotgani sababli ularning nisbiy ahamiyati kamayishi kutilmoqda. GenAI kabi vositalar allaqachon hisobotlarni xulosa qilish, maqolalar yozish va kod yaratish kabi ishlarni bajara olmoqda — bu esa inson tomonidan bunday vazifalarni qo‘lda bajarish zaruratini kamaytiradi.
Avvallari ishonchlilik bilan bog‘langan ko‘nikmalar — masalan, mas’uliyatlilik va detallarga e’tibor — ham hozir talab kamayganini ko‘rsatmoqda. Chunki endi takroriy va aniqlik talab qiladigan ishlarni mashinalar odamlarga qaraganda samaraliroq bajaradi deb hisoblanmoqda.
Bu orada sifat nazorati, sezgi asosida ishlash va global fuqarolik kabi ko‘nikmalar barqaror bo‘lib qolmoqda — ular ko‘tarilmayapti, lekin hozircha pasaygan ham emas. Biroq ular endi ish o‘sishi uchun ilgari bo‘lganidek markaziy ahamiyatga ega emas.
AI omili
Generativ AI imkoniyatlari yanada kengaymoqda: ijodiy, strategik, hatto hissiy ishlarga ham kirishmoqda. Biroq bu odamlarni chetga chiqaradi degani emas. Aksincha, GenAI’ni tushunadigan va u bilan ishlay oladigan insonlar uni tushunmaydiganlarni asta-sekin o‘rnini egallaydi.
GenAI tajribasiz xodimlarga mutaxassis darajasida ishlash imkonini berishi, malakali mutaxassislarga esa tezlik va chuqur tushuncha taqdim etishi mumkin. Lekin bu sehrli yechim emas — to‘g‘ri insoniy nazorat bo‘lmasa, u noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishi, nozik ma’nolarni tushunmasligi yoki noto‘g‘ri qarorlar qabul qilishi mumkin.
Shu sababli, inson va AI hamkorligi — almashtirish emas — eng ehtimoliy yo‘l bo‘lib qolmoqda. Muammolarni hal qilish, ijodkorlik va muloqotni AI orqali kuchaytira oladigan ishchilar muvaffaqiyatga erishadi. Eski ish ta’riflarining qaytishini kutayotganlar esa ortda qolib ketishlari mumkin.
Xulosa: Moslashuvchanlik — barcha ko‘nikmalarning asosi
Kelajak bitta diplom yoki kasb bilan emas, balki o‘rganishni davom ettiradigan, texnologiyani vosita sifatida qabul qiladigan, insoniy fazilatlarni rivojlantiradigan mutaxassislar bilan bog‘liq. Kompaniyalar texnik malakadan tashqari endi insoniy salohiyatni ham ustun deb bilmoqda.
Eng oqilona yo‘l – AI bilan birga ishlashni o‘rganish va u ko‘chira olmaydigan ko‘nikmalarga sarmoya qilishdir.
Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva
Fikr bildirish