
IT Park Uzbekistan’ning yangi bosh direktori tayinlandi — bu lavozimni 2025-yil fevral oyidan boshlab Abdulahad Quchqorov egalladi. U 2017-yildan buyon texnoparkni boshqarib kelgan Farhod Ibragimov o‘rnini egalladi.
Endilikda Farhod Ibragimov IT Park Uzbekistan’ning Kuzatuv kengashi raisi lavozimida faoliyat yuritadi. U ekotizimning strategik rivojlanishi va yangi Enterprise Uzbekistan tashabbusining ishga tushirilishi uchun mas’ul bo‘ladi.
Abdulahad Quchqorov 2019-yildan buyon texnopark tarkibida ishlaydi. Dastlab operatsion direktor sifatida faoliyat boshlagan, keyinchalik esa ijrochi direktor lavozimiga ko‘tarilgan. IT Park’dan avval u Groundzero kovorking tarmoqlarini boshqargan va O‘zbekiston-Yaponiya markazida biznes kurslarini muvofiqlashtirgan.
Hozirda Abdulahad Quchqorov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida magistratura bosqichida tahsil olmoqda. Shuningdek, u xalqaro ta’lim platformasi bo‘lgan Khan Academy Uzbek loyihasini mahalliylashtirish bilan shug‘ullanuvchi direktorlar kengashi a’zosi hisoblanadi.
Fikr bildirish