Press ESC to close

AI orzusi va haqiqati: Mechanize startapi atrofidagi bahslar

Ba’zi startaplar jasorat bilan yo‘lga chiqadi, boshqalari esa shunchalik keskin fikrlar bilan maydonga tushadiki, ularni hazil deb o‘ylaysiz. Biroq mashhur AI tadqiqotchisi Tamay Besirogluning navbatdagi tashabbusi – Mechanize loyihasi hazil emas. Uning maqsadi inson mehnatini butunlay sun’iy intellekt bilan almashtirish. 

Tadqiqotchidan inqilobchigacha

Ilgari Epoch nomli nufuzli AI tadqiqot institutiga asos solgan Tamay Besiroglu o‘zining yangi startapi — Mechanizeni X (sobiq Twitter) orqali taqdim etdi. Unga ko‘ra, kompaniyaning uzoq muddatli maqsadi – iqtisodiyotning avtomatlashtirilgan modelini yaratish.

Mechanize sun’iy intellekt agentlari istalgan ishni bajara olishi uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar, sinov muhiti va baholash tizimlarini ishlab chiqmoqda. Uzoq muddatli maqsad? Har qanday ish, ayniqsa ofis ishlarini, AI ga topshirish mumkin bo‘lgan dunyo yaratish.

Bu raqamning miqyosini tushunish uchun Besiroglu startapning “umumiy bozor imkoniyati”ni barcha odamlar oladigan ish haqlari yig‘indisi sifatida hisoblagan – faqat AQShda insonlar oladigan ish haqi yig‘indisi $18 trillionni, butun dunyoda esa taxminan $60 trillionni tashkil etadi.

Tanqidlar va tortishuvlar

Bu startap e’lon qilingan zahoti ko‘pgina tanqidlar yog‘ildi. Ayrim tanqidchilar bu tashabbusning axloqiy jihatlaridan xavotirda, boshqalar esa Epoch’ning ishonchliligiga shubha bildirdi. Bir tadqiqotchi hazil aralash shunday yozdi:
 “Ha, tug‘ilgan kunimga aynan shunaqa narsa kerak edi — kommunikatsiya inqirozi (comms crisis).”

Hatto Epoch tadqiqotlarini qadrlovchilar ham bu safar hafsalasi pir bo‘lganini bildirishdi. Asosiy xavotir shuki: AI ta’sirini xolis o‘rganadigan institut endi sun’iy intellektni eng radikal ko‘rinishda targ‘ib qilmoqda.

Besirogluni esa yuqori darajadagi sarmoyadorlar — Nat Friedman, Patrick Collison va Jeff Dean kabi shaxslar himoya qilmoqda. Ulardan biri jamoani “betakror” deb atab va ularning AI haqidagi qarashlarini olqishladi. Biroq hanuzgacha ko‘pchilik ishchi kuchining to‘liq AI bilan almashtirilishini ijobiy kelajak deb hisoblamaydi.

Ishlarsiz dunyo – utopiyami yoki distopiyami?

Besirogluning ta’kidlashicha, bu loyiha distopiyaga emas, balki farovonlikka olib boradi. Unga ko‘ra, butun ishni AI agentlari bajarishi orqali ulkan iqtisodiy o‘sish yuz beradi, va bu barcha odamlar hayotini yaxshilaydi. Nazariy jihatdan, insonlar ishlamasdan ham yaxshi turmush kechiradi.  

Ammo tanqidchilar haqli savolni o‘rtaga qo‘yadi: agar hech kim ishlamasa, daromad qayerdan keladi? AI ishlab chiqaradigan mahsulot va xizmatlarni kim xarid qiladi?

Javob sifatida Besiroglu odamlar dividendlar, ijara daromadlari va davlat yordami orqali pul topishda davom etishini ta’kidlaydi. U hattoki AI bajara olmaydigan sohalarda ish haqlari oshishi mumkinligini ham taklif qilmoqda, garchi bu barcha ishlarni avtomatlashtirish maqsadiga ziddek tuyulsa ham.

Texnik muammo

Garchi g‘oya radikal bo‘lsa-da, Mechanize hal qilmoqchi bo‘lgan muammo haqiqatdan ham mavjud. AI agentlari atrofidagi shov-shuvlarga qaramay, ularning aksariyati hali hanuz ishonchli ishlamaydi — ular ko‘rsatmalarni unutadi, xatolarga yo‘l qo‘yadi va murakkab vazifalarda qiynaladi.

Besiroglu aynan shu muammoni hal etmoqchi. Mechanize sun’iy intellekt agentlarini masshtabda barqaror va samarali ishlaydigan darajaga olib chiqish uchun zarur infratuzilmani yaratmoqda. Microsoft, Salesforce va OpenAI kabi kompaniyalar ham shunga o‘xshash maqsadlar sari harakat qilmoqda.

Ammo Mechanize boshqalardan tubdan farq qiladi — ular yarim avtomatik agentlar yoki inson-AI hamkorligini istamaydi. Ularning yondashuvi bitta: to‘liq almashtirish.

Keyingi qadamlar

Hozircha Mechanize e’tiborini raqamli tarzda bajariladigan ofis ishlariga qaratmoqda. Ular jim, ammo katta maqsadlar bilan jamoani kengaytirmoqda.  Silikon vodiysi ko‘proq insonlarga yordam beradigan AI yaratishga intilayotgan bir paytda, Besiroglu esa ularni butunlay almashtiradigan AI kelajagiga pul tikmoqda.

Bu kelajak utopiyami yoki falokatmi – bunga vaqt javob beradi.

Ammo bitta narsa aniq: Mechanize boshlagan bahs endi osonlikcha to‘xtamaydi.

Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan