
Prezidentning yangi farmoniga ko‘ra, 2026-yil yakunigacha sun’iy intellekt, “yashil” texnologiyalar, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi kabi istiqbolli yo‘nalishlarda kamida 200 ta startapni ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Farmonga binoan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligi, UzVC venchur fondi, Biznesni rivojlantirish banki va Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasiga ushbu loyihalarni amalga oshirish topshirildi.
Ustuvor yo‘nalishlar quyidagilar:
- sun’iy intellekt, blokcheyn, big data va raqamli texnologiyalar;
- “yashil” energiya va resurslarni tejaydigan texnologiyalar;
- innovatsion tibbiyot xizmatlari;
- muqobil energetik yechimlar asosida isitish va sovutish;
- suvni tejash va qayta ishlash texnologiyalari;
- yer hosildorligini oshirish va irrigatsiya muammolarini hal etish;
- qurg‘oqchil hududlar uchun mos o‘simliklarni yetishtirish.
Shuningdek, davlat xaridlarida startap mahsulotlarini sotishga ruxsat beriladi. Buning uchun ularni standartlarga kiritish jarayoni soddalashtiriladi. Iyun oxirigacha UzVC qoshida startaplarni muvofiqlashtiruvchi markaz tashkil etiladi. Milliy venchur jamg‘armasi esa startaplarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish huquqiga ega bo‘ladi. Markaziy bank va tijorat banklari United Ventures va SQB Ventures fondlari orqali startaplarga $50 mln ajratadi. Bundan tashqari, aprelgacha davlat banklari va vazirliklar xorijdan yana $50 mln jalb qilishi rejalashtirilgan.
Fikr bildirish