
Amazon’ning audiokitob servisi Audible sun’iy intellekt narratsiya texnologiyasi yordamida katalogini tez sur’atda kengaytirish maqsadida nashriyotlar bilan hamkorlikni boshladi. Bu qadam kompaniyani Apple, Spotify kabi raqobatchilarga qarshi kuchliroq pozitsiyaga olib chiqishi kutilmoqda.
Audible foydalanuvchilarga 100 dan ortiq AI ovoz variantlarini taqdim etadi. Ingliz, fransuz, ispan va italyan tillarida turli aksent va lahjalarga ega sintetik ovozlardan tanlash mumkin. Shuningdek, kompaniya AI asosida tarjima xizmati ustida ham ishlamoqda: yil oxirigacha ingliz tilidan ispan, fransuz, italyan va nemis tillariga matndan matnga va ovozdan ovozga avtomatik tarjima imkoniyatini beta rejimda taqdim etadi. Nashriyotlar tarjima sifatini professional lingvistlar bilan tekshirtirish imkoniyatiga ham ega bo‘lishadi.
2023 yilda Amazon AQShdagi mustaqil mualliflar uchun virtual ovoz vositasini test tariqasida joriy qilgan edi. Hozirda Audible’da “Narrated by: Virtual Voice” yorlig‘i ostida 50 000 dan ortiq sarlavha mavjud.
Biroq, AI yordamida audiokitoblar ishlab chiqarish amaliyoti nashriyotchilar va tinglovchilar orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Tanqidchilar bu yondashuv inson narratorlarining hissiy yetkazish mahorati va sifatini pasaytirishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.
Raqobatchilar ham bozorni bo‘sh qoldirmayapti. Masalan, Spotify 2024 yil boshida AI narratsiya bo‘yicha ElevenLabs bilan hamkorlikni boshladi.
AI asosidagi kontent yaratish jarayonining tijoratga jadal integratsiyasi audiokitob sanoatini tubdan o‘zgartirishi aniq.
Fikr bildirish