Press ESC to close

Ayol asoschilarning ko‘payishi: ayollar boshchiligidagi startaplar nega tobora ortib bormoqda?

So‘nggi yillarda dunyo tadbirkorligida katta o‘zgarish ro‘y bermoqda. Har qachongidan ko‘ra ko‘proq ayollar o‘z biznesini boshlamoqda. Texnologiyadan tortib modagacha, moliyadan sog‘liq va go‘zallik sohasigacha – ayollar turli yo‘nalishlarda startaplar ochib, nafaqat yangilik kiritmoqda, balki biznesga yangi, o‘ziga xos yondashuv olib kelmoqda. Bu vaqtinchalik trend emas. Bu tadbirkorlik dunyosining tobora o‘zgarayotganidan darak.

Bunga bir nechta sabablar bor. Hozirgi kunda ayollar ta’lim olish, foydali tanishlar orttirish va startap boshlash uchun kerakli texnologik vositalarga ega. Jamiyatda ham ayollarning lider bo‘lishiga nisbatan ijobiy qarash paydo bo‘lmoqda. Endi ayollar o‘zlari istagan uslubda yetakchi bo‘lishga imkon topyapti.

Imkoniyatlar sari ayollar uchun yo‘l ochilmoqda

Uzoq yillar davomida ayollar biznes sohasida erkaklarga nisbatan ko‘proq to‘siqlarga duch kelishgan – uchrashuvlarda jiddiy qabul qilinmaslik, to‘g‘ri mentor topolmaslik yoki moliyaviy yordamga erisha olmaslik kabi muammolar keng tarqalgan edi. Ammo bu holat asta-sekin o‘zgaribmoqda. Aynan ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan tashkilotlar va hamjamiyatlar soni ortmoqda. Masalan, SheEO yoki WBENC (Women’s Business Enterprise National Council) kabi platformalar ayollar uchun mentorlik, investitsiya imkoniyatlari va haqiqiy yordam tarmoqlarini taqdim etmoqda.

Bu kabi maydonlar ayollarga odatda uchraydigan muammolarni yengishga yordam beradi – o‘ziga bo‘lgan ishonch yetishmasligi, investor topishda qiynalish yoki oila va ish o‘rtasida muvozanat saqlash kabi. Bundan tashqari, bu platformalar ayollarning bir-biridan o‘rganishiga va o‘z bizneslarini ishonch bilan rivojlantirishiga imkon yaratadi.

Texnologiyalar imkoniyatlarni tenglashtirmoqda

Raqamli vositalarning ommalashuvi biznes boshlashni hamma uchun ancha qulaylashtirdi. Ayniqsa ayollar bu texnologiyalardan jasorat va ijodkorlik bilan foydalanishmoqda. Tadqiqotlarga ko‘ra, ayol tadbirkorlar sun’iy intellekt (AI)ni eng faol qo‘llayotganlar qatorida – mijozlarga xizmat ko‘rsatishdan tortib mahsulot ishlab chiqishgacha bo‘lgan jarayonlarda aynan AI ularga yordam bermoqda.

Bu esa ayollar boshchiligidagi startaplarga kichik jamoa yoki cheklangan mablag‘ bilan ham global miqyosda raqobatlasha olish imkonini beradi. Bulutli platformalar, onlayn marketing vositalari va AI asosidagi dasturlar tufayli ular mijozlarga yetib borish, masofaviy iste’dodlarni yollash va biznesni tezda kengaytirish imkoniga ega. Buning uchun katta byudjet yoki Silikon vodiysida ofis bo‘lishi shart emas.

Rahbarlik haqidagi tasavvurlarning o‘zgarishi

Eng muhim o‘zgarishlardan biri – odamlarning rahbarlik haqida o‘ylash tarzidir. Biznes dunyosi endi nihoyat, kuchli rahbar har doim kostyum kiygan erkakni anglatmasligini tan olmoqda. Ayollar hozir empatiya, hamkorlik va uzoq muddatli qarashlar bilan yetakchilik qiladi, va bu fazilatlar bugungi tez o‘zgarayotgan dunyoda kamida an’anaviy usullar kabi samarali bo‘lib chiqyapti.

Ayol asoschilarning jamiyatda ko‘rinishi ularning ta’sirini kuchaytiradi va bu beqiyos ahamiyatga ega. Ayollarning yuqori lavozimlarda ko‘payishi yosh avlodga faqat orzu emas, real voqelik ekanini anglatadi. Bu esa “CEO faqat erkak bo‘lishi mumkin” degan eskicha qarashlarni yo‘q qiladi va yanada ko‘proq ayollarni o‘z biznesini boshlashda ilhom beradi.

Ayollar tadbirkorligining iqtisodiy ta’siri

Ayollar boshchiligidagi bizneslarning ko‘payishi shunchaki ilhomlantiruvchi hikoya emas, bu butun iqtisodiyotga ta’sir qiluvchi hodisa. McKinsey tadqiqotiga ko‘ra, tadbirkorlikdagi gender tafovutini yo‘qotish 2025-yilgacha global iqtisodiyotga 12 trillion dollar qo‘shishi mumkin.

Ayollar asos solgan kompaniyalar aqlli va barqaror bizneslar qurmoqda, ish o‘rinlari yaratmoqda va haqiqiy muammolarga yechim topmoqda. Yashil texnologiyalar, ruhiy salomatlik platformalari kabi sohalarda ular nafaqat foyda olish, balki jamiyatga foyda keltirishga ham e’tibor qaratganlar – ya’ni foyda va maqsad bir-biriga zid emasligini ko‘rsatishgan.

Ammo muammolar hali ham mavjud

Yutuqlarga qaramay, ayol tadbirkorlar hanuz katta to‘siqlarga duch kelishmoqda. Ya’ni aynan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasida. Ko‘plab davlatlarda sarmoya (venture capital) mablag‘larining 2 foizdan kamrog‘i ayollar asos solgan startaplarga beriladi. Bu degani, kuchli g‘oya va jamoaga ega bo‘lishlariga qaramay, ayollar kerakli mablag‘ni yig‘ish uchun erkaklarga qaraganda ko‘proq harakat qilishlariga to‘g‘ri keladi.

Bu nomutanosiblikni bartaraf etish uchun barcha tomonlardan harakat talab etiladi. Investorlar o‘z portfellarini diversifikatsiya qilishlari kerak. Hukumatlar va xususiy kompaniyalar esa grantlar va moliyalashtirish dasturlariga kirishni osonlashtirishi lozim. Eng muhimi, ayollarga qaror qabul qiluvchi rollarda ko‘proq o‘rin berilishi kerak.

Kelajak

Ayol tadbirkorlarning ko‘payishi vaqtinchalik to‘lqin emas – bu uzoq muddatli o‘zgarishning belgisi. Ayollar innovatsiya qilgan, rahbarlik qilayotgani va o‘z bizneslarini rivojlantirayotgandek, ular tadbirkorlik qoidalarini ham yangidan yozishmoqda.

Ayollar asos solgan startaplarni qo‘llab-quvvatlash va ularga sarmoya kiritish orqali biz nafaqat xilma-xillikni rag‘batlantiramiz, balki barchamiz uchun kuchliroq, ijodiy va inklyuziv iqtisodiyotni quramiz. Harakat boshlangan. Endi esa uni davom ettirish vaqti keldi.

Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan