
Biror xalqaro brendni mamlakatga olib kirish oson jarayon emas. Sohaning o‘ziga xosliklari, qiziqarli jihatlari ham bor, albatta. Masalan, o‘tgan yili turk oshxonasi afsonasi bo‘lgan “Chef Burak Gurme” restorani tarmog‘i Toshkentda ham o‘z restoranini ochdi. Pivot.uz nashri ushbu franshizani olib kirish jarayonida bevosita ishtirok etgan, Tourism and Entertainment Group (TEG)ning xalqaro loyihalar bo‘limi menejeri O‘tkirbek Qahhorov bilan suhbatlashdi.

– Biz yangiliklarda ko‘p o‘qiymiz falon davlatga mana bu brend kirib keldi, ilk filialini ochdi yoki aksincha brendlar qaysidir mamlakatni tark etdi deb. Umuman xalqaro brendlarning bir davlat bozoriga kirib kelishi yoki chiqib ketishiga nimalar sabab bo‘lishi mumkin?
– U yoki bu brendning biror hududga kirib kelishidan avvalambor oʻsha yerning mahalliy aholisi manfaatdor boʻlishi kerak. Brendlar oʻz-oʻzidan chet elga borib filialini ochmaydi, bu boshqaruvni qiyinlashtiradi. Shu sababli ham koʻp hollarda brendning oʻzi yashab turgan hududga kirishini mahalliy biznes egasi istaydi va uni olib kelishga urinadi. Har bitta loyihaning oʻz talablari boʻladi, albatta. Olib kirilayotgan hudud iqtisodiyoti, insonlarining imkoniyatlari va jarayonni zimmasiga olayotgan mahalliy biznesmenning bilimi yetarli boʻlishi lozim.
Istisno holatlar ham boʻlishi mumkin, aytaylik siz va siz yashab turgan muhit hamma talablarga javob bersa-yu lekin brend kelishni istamasa, demak ularning oʻz rejalari bor, ular globusning boshqa taraflariga koʻproq e’tibor qilayotgan boʻlishlari ham mumkin.
Franshizalarning mamlakatni tark etishiga kelsak, bu judayam normal holat. Odatda bunday keyslar rivojlangan bozor iqtisodiyoti sharoitida raqobatning kuchliligi sabab yuzaga keladi. Mahalliy brendlar franshiza taqdim etayotgan mahsulot va servis oʻrnini bosoladigan darajada rivojlansa, ularni xorijdan kelgan turistlar ham taniy boshlasa tadbirkor shartnomani tugatishni oʻylab qolishi mumkin. Siyosiy sabablar, davlat boshqaruvidagi oʻzgarishlar sabab mamlakatlarni tark etish holatlari ham bor va ommadan yashirin emas. Bunga McDonald’s fast-fud ovqatlanish tarmoqlarining Rossiyani tark etganini misol sifatida koʻrsatish mumkin.
– O‘zbekiston bozori dunyo brendlari uchun qay darajada qiziq? Kirib kelganlar afsuslanmayaptimi?
– Oʻzbekiston ular uchun yangi, istiqbolli bozor sifatida doim qiziq. Lekin bu qiziqish darajasi qay darajada degan savolga aniq javob berish qiyin. Eng muhimi shu – qiziqtira olish. Mamlakatingizga begona boʻlgan insonlar uchun uni qanday taqdim qila olasiz, koʻrsata oladigan konkret nimangiz bor?
Tajribamizdan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, xorijlik tadqiqotchi, tijoriy hamkor, ekspertlarimiz Oʻzbekiston bozori va insonlari haqida turlicha fikr bildiradi. Italiyaning hashamdor brendlari bilan ishlaydigan ekspertimizdan bir shunday degani yodimda: “Bu yer navbatdagi Dubay, faqat jozibaliroq, oʻz tarixi va aytar soʻzi bor boʻlgan Dubay. Bu yer sun’iy emas. O‘zbekiston yirik iqtisodiy hub bo’lishi mumkin”. U mamlakatimiz insonlari, bozori haqida Italiya ishbilarmonlariga yetkazayotganini ko‘p aytadi.
Oʻzbekistonga kirganidan afsuslanib, “notoʻgʻri boʻlgan ekan” degan xulosa bilan chiqib ketgan biror brendni eshitmaganman.

– Bilamizki yaqinda turk oshxonasi afsonasi bo‘lgan Chef Burak Gurme restorani tarmog‘i Toshkentda ham o‘z restoranini ochdi va bunda siz, jamoangizning mehnati katta. Kelishuv, muzokaralar qanday olib borildi, jarayon qanday o‘tdi?
– Chef Burak Gurme restoran franshizasi – oʻz vaqtida va toʻgʻri bozorga kirgan brend. Turk oshxonasi mamlakatimizda oʻzbek taomlaridan soʻng ikkinchi oʻrinda turuvchi deyarli milliy oshxona hisoblanadi. Qolaversa, turk oshxonasi bugungi kunda xoʻrandalariga faqatgina ovqat berish emas, balki butun boshli kulinariya shousini taqdim etuvchi drayverga aylangan. Bu bozor shunisi bilan ham jozibali, ham mashaqqatli.
Chef Burak brendiga tegishli turli konseptdagi restoranlar mavjud boʻlib, ular Markaziy Osiyoga begona emas. Brend Toshkentdan oldin Dushanbega kelgan edi. Sir emas, tashqi biznes uchun Toshkent Markaziy Osiyo shaharlari orasida eng jozibadorlaridan hisoblanadi. Qolaversa, Chef Burak brendining yuzi boʻlgan Burak O’zdemirning ham mintaqamizga qiziqishi katta.
Chef Burak franshizalarini chet davlatlarga yoyish boʻyicha markaziy boshqaruv Dubayda joylashgan. Burakning barcha oshxona sirlari esa Istanbulda dunyoga kelgan. Biz Chef Burak brendini Toshkentda toʻlaqonli aks ettirishimiz uchun har ikkala shahardan oʻzimizga olishimiz kerak boʻlgan jihatlar bor edi. Brendning biroz murakkabligi ham shunda.
O‘tgan yili 20-oktyabrda test rejimida ochilganidan beri 11:00 dan 00:00 ga qadar faoliyat yuritayotgan restoranda mahalliy mijozlar va turistlar qadami arimaydi. Hattoki ikki oy ichida restoran Google Review ga koʻra Toshkentdagi kam sonli 5 yulduzli restoranlar qatoriga qoʻshildi. Boshqa turk restoranlarida uchramaydigan, maxsus Chef Burak retseptli taomlar Burak Oʻzdemirning oʻzi, restoran menejeri va bosh oshpazning maxsus olovli shoulari yordamida tashrif buyuruvchilarga tortiq qilinadi.

– Suhbatlardan birida hali yana ko‘plab brendlarni O‘zbekistonga olib kirish niyatingiz borligi haqida aytgan edingiz. Sir bo‘lmasa qaysilar? Qanday brendlar kelishini kutsak bo‘ladi?
– Tourism and Entertainment Group (TEG) mamlakatimizda turizm va koʻngilochar sektorlarga taalluqli boʻlgan loyihalar ustida ishlaymiz. Bular xizmat koʻrsatish sohasida mehmonxona, restoran-kafe, istirohat bogʻlari, ommaviy tadbirlarni oʻtkazish va dam olish maskanlari kabi yirik loyihalarni oʻz ichiga oladi. Bunday loyihalar vatanimiz aholisining turmush darajasini yaxshilashda muhim rol oʻynash bilan birga turizmni rivojlantirishga hissa qoʻshadi.
Aytganingizdek, bizda oʻnlab tasdiqlangan loyihalar bor. Ular oʻz navbati, vaqti-soati, auditoriyasini kutyapti. Aynan qanday loyihalar ekanini nomma-nom keltira olmasam-da, aytishim mumkinki, orasida yurtdoshlarimiz eshitgan-bilgan, chet elga borganda “Oʻzbekistonda ham shunaqasi boʻlsa edi” deya kutgan qadrdon brendlari bor.
Jamoamiz bilan Toshkentda Chef Burak Gurme restoran franshizasidan tashqari Rossiyaning Chalet restoran franshizasi ham ochdik. Bizni oldinda dunyoda yuqori darajadagi restoranlar muallifi bo’lgan Arkadiy Novikovning Novikov Café restoran franshizasi kutmoqda. Tez orada Novikov Café Tashkent City Park hududida o’z mijozlarini qabul qila boshlaydi.
Nafaqat franchayzing loyihalari balki mualliflik loyihalarimiz ham bor. Birma-bir, qadamma-qadam bularning hammasini mijozlari e’tiboriga namoyish etmoqchimiz.

– Milliy brendlarni xorijga olib chiqish bo‘yicha ham biror ishlar qilinyaptimi? Bu jarayonda qanday muammolar, qiyinchiliklar bor?
– Yuqorida ta’kidlab o’tganimdek, franshiza olish, avvalambor o’sha yerlik mahalliy tadbirkorlarning tashabbusi bo’lishi kerak. Bu qaysidir ma’noda kollektiv harakat. Mahsulotlarimiz brend bo’lishdan avval ular xorijda “o’zbek mahsuloti” degan nomga ega bo’lishi kerak, ya’ni bunga faqatgina bir ishlab chiqaruvchi yoki xizmat ko’rsatuvchi emas, mamlakatimizdagi umumiy biznes muhiti buni qabul qila boshlashi lozim.
“Bu borada biror ishlar amalga oshirilyaptimi?” – degan savolga kelsak, bugun O’zbekistonda avvalgidan ancha ko’proq ishlar qilinmoqda. Xizmat ko’rsatish bilan parallel ravishda, ishlab chiqarish sohasida ham rivojlanmoqda. Hech kimga sir emas, Artel, Akfa Aluminium kabi yirik kompaniyalar mahsulotlari bugungi kunda dunyoning 30 dan ortiq, shuningdek, Yevropa va okean orti mamlakatlariga ham eksport qilinmoqda. Dunyoning bir nechta mintaqasida bu mahsulotlarning rasmiy dilerlari ham mavjud.
Xizmat ko’rsatish, aynan restoran-kafe sohasida ham o‘sish katta. Bugun bir nechta milliy qandolatchilik do’konlarimizni qo’shni davlatlarimizda ko’rish mumkin.
O’zbekiston brendlari o’z mijozlari ishonchini qozonsa, ularni rozi qilsagina, mahsulotlarini xorijga olib chiqishi mumkin. Jarayonning eng mashaqqatli nuqtasi ham shu.
Fikr bildirish