Press ESC to close

Zuckerberg Instagram va WhatsApp’dan ajralishi mumkinmi?

Meta Platforms Inc. (sobiq Facebook) 2010-yillarda amalga oshirgan eng yirik xaridlar — Instagram va WhatsApp bitimlari yana muhokama markazida. AQSh Federal savdo komissiyasi (FTC) bu xaridlarni monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzgan holatlar deb hisoblab, sud orqali ularni bekor qilishga intilmoqda.

Birinchi marta 2020-yil dekabr oyida berilgan da’vo bo‘yicha sud muhokamasi 2025-yil 14-aprelga belgilangan.

Ana shu kuni Washington okrug sudyasi Jeyms Boasberg ishtirokida Meta va FTC o‘rtasidagi sud jarayoni boshlanishi kerak.

Nega bu muhim?

FTC vakillarining ta’kidlashicha, Meta 2012-yilda Instagram va 2014-yilda WhatsApp’ni sotib olish orqali halol raqobatga emas, balki o‘z raqobatchilarini bozorga kirishdan to‘xtatishga harakat qilgan. Regulyator fikricha, bu bitimlar bozordagi hukmronlikni mustahkamlash uchun amalga oshirilgan bo‘lib, aslida ular noqonuniy bo‘lgan va tasdiqlanmasligi kerak edi.

Komissiya endi Meta’ning asosiy platformalarini — Instagram va WhatsApp’ni kompaniyaning boshqa mahsulotlaridan ajratib chiqarishni talab qilmoqda.

FTC’ning asosiy dalillari:

  • Instagram va WhatsApp’dagi xizmat sifati pasaygan;
  • Reklamalar soni ortgan;
  • Maxfiylik darajasi pastlagan.

Bu holatlar, FTC fikricha, raqobatchilar bo‘lmagan holatda foydalanuvchilar zarar ko‘rayotganining isboti hisoblanadi.

Nima bo‘lishi mumkin?

Agar FTC g‘alaba qozonsa:

  • Meta o‘zining eng muhim aktivlari — Instagram va WhatsApp’dan ajralishi mumkin;
  • Bu kompaniya uchun yuzlab milliard dollarlik kapitallashuvni yo‘qotish degani (Meta’ning hozirgi bozor qiymati $1,3 trln);
  • Instagram reklama daromadlari sezilarli qismini tashkil qiladi — bu daromad oqimiga zarba bo‘ladi.

Meta rahbari Mark Sukerberg va sobiq operatsion direktor Sheril Sendberg sudda guvoh sifatida so‘roq qilinishi kutilmoqda.

Meta qanday javob bermoqda?

Meta o‘zining pozitsiyasida qat’iy:

“Instagram va WhatsApp’ni sotib olish iste’molchilar va raqobat uchun foydali bo‘lgan. FTC esa 10 yildan ortiq vaqt oldin tuzilgan bitimlarni hozirda ko‘rib chiqayotgani — bu holat adolat tamoyillariga zid.”

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, hatto Mark Sukerbergning o‘zi AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga murojaat qilgan, ammo hozircha siyosiy aralashuv kutilmayapti. Shunga qaramay, ayrim manbalar Tramp keyinchalik apellyatsiya jarayoniga bosim o‘tkazishga urinishi mumkinligini istisno qilmayapti.

Ushbu ish sudga tortilishi nafaqat Meta balki butun texnologik gigantlar uchun monopoliyaga qarshi kurashda yangi sahifa bo‘lishi mumkin. Yillar oldin imzolangan bitimlar hozirgi bozorda qanday oqibatlarga olib kelayotgani ilk bor jiddiy tarzda ko‘rib chiqilmoqda. Agar bu da’vo muvaffaqiyatli bo‘lsa — bu nafaqat Meta balki boshqa yirik texnologik kompaniyalarning strategiyasini keskin o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan