
2023-yilgi “Grammy” mukofoti tadbirida Lizzo qo‘lda tikilgan, turli rangda tovlanuvchi, ipak gullar bilan bezatilgan Dolce & Gabbana libosida sahnaga chiqib, tomoshabinlarni hayratga soldi. Boshqa hashamatli moda uylari orasida nisbatan yangi bo‘lishiga qaramay, Dolce & Gabbana o‘ziga xos dizayni va italyan madaniyatiga bo‘lgan sadoqati bilan dunyo bo‘ylab millionlab muxlislar qalbidan joy olgan.
Dastlabki qadamlar
1985-yilda asos solingan Dolce & Gabbana modalar olamida mustahkam o‘rin egalladi. Brend o‘ziga xos uslubi – italyan madaniyati unsurlarini zamonaviy moda bilan uyg‘unlashtirishi bilan ajralib turadi. Va bu uslub dunyo bo‘ylab moda ixlosmandlariga manzur bo‘ldi.
Uning tarixi bor-yo‘g‘i 1500 dollar mablag‘ bilan yo‘lga chiqqan ikki iste’dodli dizayner – Domenico Dolce va Stefano Gabbana bilan bog‘liq. Ular o‘z faoliyatini Milandagi atelyeda yordamchi sifatida boshlagan. O‘zaro hamkorlik va modaga bo‘lgan ishtiyoq tufayli 1985-yilda ilk ayollar kiyimlari kolleksiyasini taqdim etishdi. Ushbu debyut katta muvaffaqiyat qozonib, yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
Keyingi yillar brend uchun nafaqat ayollar modasida, balki erkaklar kiyimlari, xushbo‘y atirlar va aksessuarlar kolleksiyasini ishlab chiqarishda ham juda omadli bo‘ldi. Italiya, Gongkong va Yaponiya kabi mamlakatlarda katta muvaffaqiyatga erishdi. Ularning dizaynida bohem uslubi yaqqol aks etgan: naqshlar, chuqur, dramatik ranglar ustuvorlik qilardi. Ular modani nafaqat san’at, balki kinematografik hikoya tarzida ko‘rardi va har bir kolleksiya muayyan syujet asosida yaratilardi.
Brend kolleksiyasida gangstercha pinstripe kostyumlar, naqshli palto kabilar mavjud edi. Ayniqsa, ayollar kolleksiyasi hozirgi kunda ham kuchli reklama kompaniyalari bilan doimiy e’tiborda bo‘lib kelmoqda. 1996-yilda dizaynerlar moda va musiqa uyg‘unligini sinab ko‘rdi, o‘zlari yozgan qo‘shiq orqali “D&G bu – sevgi” shiorini ilgari surishdi.
1997-yilga kelib kompaniya 400 million funt sterling miqdorida daromad ko‘rsatkichiga erishdi va dizaynerlar 40 yoshida nafaqaga chiqish rejasini e’lon qildi.
2010-yilda brend Avstraliyaning Melburn shahrida o‘zining yangi markazini ochdi. Garchi joy tanlash jarayoni qiyin bo‘lgan bo‘lsa-da, yakunda shaharning markaziy nuqtasi bo‘lgan Collins ko‘chasi tanlandi. Domenico Dolce va Stefano Gabbana bugun romantik munosabatda bo‘lmasalar-da, ularning professional hamkorligi tobora mustahkamlanmoqda. Milan sahnasida ilk bor paydo bo‘lgan bu duet hozirda zamonaviy modaning yirik nomlaridan biriga aylangan.
Brend qanday sotuvga erishdi?
Dolce & Gabbana bugungi kunda o‘z mahsulotlarini asosiy ehtiyojga ega auditoriya sifatida 65 foiz ayollar va 35 foiz erkaklarga mo‘ljallagan. Mijozlarning yoshi odatda 25 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lsa-da, kompaniya o‘z marketing strategiyasida 15 – 25 yosh oralig‘idagi auditoriyani ham faol qamrab oladi.
Brendning bozorga yo‘nalishi shuni ko‘rsatadiki, Dolce & Gabbana yuqori yoki o‘rta daromadga ega, xarid qobiliyati yuqori bo‘lgan ijtimoiy qatlamni qamrab oladi. Shu bois kompaniya klassik marketing miksi – ya’ni mahsulot, narx, targ‘ibot va kommunikatsiya kabi tamoyillarga asoslangan strategiyadan foydalandi. Bu yondashuv har bir bosqichda mijozlarning ehtiyoji va talablariga moslashish imkoniyatini yaratadi.
Brendning raqobatchilar orasida ajralib turishiga sabab bo‘luvchi asosiy jihat shundaki, Dolce & Gabbana har doim aniq maqsad va yo‘nalishga ega bo‘lgan strategik rejalashtirish orqali o‘z o‘rnini mustahkamlab kelayotganidir. Kompaniya hashamatni faqat narx bilan emas, balki taassurot, eksklyuzivlik va shaxsiy qadriyatlarning ifodasi sifatida taqdim etadi. Shu bois Dolce & Gabbana mijozlar ongida sifat va estetik nafislik timsoli sifatida shakllangan.
Brendni zamon bilan uyg‘unlashtirish maqsadida dizaynerlar Dolce & Gabbana qadriyatlarini yangicha kontekstda taqdim etdi. Jumladan, ular oilaning rang-barangligini madh etish uchun #DGFAMILY xeshtegi ostida faoliyat boshladi. Foydalanuvchilardan o‘z oilaviy suratlarini kompaniyaning rasmiy saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda baham ko‘rishni so‘rashdi. Bu esa kontent hajmini keskin oshirdi. Natijada, yil yakunida brendning umumiy daromadi 1 milliard 55.9 million yevroni tashkil etdi.
Brendning logotipi esa uning barqarorlik falsafasini o‘zida mujassam etadi. U tashkil topganidan buyon mutlaqo o‘zgarmagan. Bu esa brend imiji va marketing olamida sodir bo‘layotgan keskin o‘zgarishlar fonida Dolce & Gabbananing izchil va mustahkam qadriyatlar asosida harakat qilayotganini ko‘rsatadi.
Logotip: ramzlar ortidagi falsafa
Dolce & Gabbana brendi turli mahsulot va kolleksiya yo‘nalishlariga mos holda uch xil logotipdan foydalanadi. Birinchisi – klassik, katta harflarda, qalin qora shrift bilan yozilgan Dolce & Gabbana yozuvli logotip. Ikkinchisi – qisqartirilgan, soddalashtirilgan ko‘rinish bo‘lib, Dolce and Gabbana yozuvi bilan ifodalanadi. Uchinchi logotip esa kamdan-kam hollarda ishlatiladi, chunki u faqat yuqori toifadagi hashamatli mahsulotlar uchun mo‘ljallangan. Uning dizayni o‘ziga xos nafisligi bilan ajralib turadi: Futura shriftida yozilgan matn, qoramtir oltin rangda bezatilgan, markaziy qismida dafna yaproqlaridan iborat girlyanda, tepasida esa shohlik toji tasviri. Ushbu logotip qirollik, nafislik va o‘ziga bo‘lgan ishonch ramzini ifodalaydi.
Avval boshdanoq brend logotipi zamonaviylik va abadiylik ruhida yaratilgan bo‘lib, yillar davomida o‘zini oqlab kelmoqda. Unda ishlatilgan shriftlar mashhur dizayner Paul Renner tomonidan yaratilgan va zamonaviylikni anglatuvchi Futura shriftining modifikatsiyasidir.
Bu yondashuv asosida Domenico Dolce va Stefano Gabbana’ning shaxsiy falsafasi yotadi: “Zamonaviylikni kuchaytirish uchun avval tarixga sho‘ng‘ish kerak”.
Logotipdagi kattalashtirilgan harflar va qalin shriftli wordmark usuli oddiy tuyulsa-da, aynan shu soddalik orqali kuch va nafislik g‘oyasi aks etadi. Bunday tipografik yechimga Tiffany & Co. ham yaqin turadi, biroq Dolce & Gabbana logotipidagi ampersand (“&”) belgisi ancha kichik ishlanishining boisi e’tiborni asosiy nomlarga qaratishdir. Bu detaldagi noaniqlik emas, balki ong ostida saqlanadigan mustahkam xotiraviy effektni yaratishga qaratilgan.
Logotipda ishlatiladigan ranglar ham mazmun jihatidan teran: qora, oq va qoramtir oltin. Qora rang – kuch, nufuz va mukammallik timsoli; oq esa soddalik va minimalizmni ifodalaydi. Ular birgalikda brendning shioriga aylangan falsafani ya’ni minimalizm orqali kuch va hashamat yaratish g‘oyasini ilgari suradi. Qoramtir oltin esa boylik, farovonlik va nafislik timsolidir. Bu rang qora bilan uyg‘unlashganida “eski oltin” deb ataluvchi murakkab va chuqur tusga kiradi.
Girlyanda – qadimgi yunon xudosining ramzi bo‘lib, Apollon bilan bog‘liq. U go‘zallik va yoshlikni anglatadi. Bu esa yana bir bor Dolce & Gabbana’ning italyan madaniyati va zamonaviylik uyg‘unligidan ilhom olishini tasdiqlaydi.
Eng muhim ramzlardan biri tojdir. U brend tarixiga singib ketgan abadiylik va shon-shuhratni ifodalaydi. U Dolce & Gabbananing hashamatli, o‘ziga xos va noodatiy brend sifatida turli qatlamlardagi insonlar qalbiga qanday kirib borishni ko‘rsatadi.
Tayyorladi: Zuhraxon Mansurova
Fikr bildirish