
Atigi ikki yil muqaddam, Sam Bankman-Fried (SBF sifatida tanilgan) kripto olamining porloq yulduzi, texnologiya va xayriya sohalarini birlashtirgan “oltin bola” sifatida e’tirof etilar edi. MIT bitiruvchisi bo‘lgan Sam FTX va Alameda Research kompaniyalarini barpo etib, tez orada butun dunyodagi eng taniqli kiripto tadbirkorlaridan biriga aylangandi. U jurnal muqovalaridan joy oldi, siyosiy kompaniyalarga millionlab ajratdi, jamiyat oldida o‘zini sahiy texnoxayriyachi sifatida ko‘rsatdi.
Bugunga kelib esa, u panjara ortida — AQSh tarixidagi eng yirik moliyaviy firibgarliklardan birini rejalashtirganlik uchun 25 yilga qamalgan.
Milliard dollarlik kripto imperiyasi
1992-yilda ikki nafar Stenford huquq professorlari oilasida tug‘ilgan Sam Bankman-Friedning yuksalishi chaqmoqdek tez kechdi. U MIT universitetini fizika yo‘nalishida tamomlagach, qisqa muddat Jane Street Capitalda ishladi va 2017-yilda Alameda Research treyding firmasi, 2019-yilda esa FTX kripto birjasiga asos soldi. Uning treyding firmasi va kripto birjasi bir-biriga juda bog‘langan edi, lekin bu bog‘liqlik darajasi aksariyat investorlar va regulyatorlar uchun noma’lum edi.
FTX qisqa vaqt ichida dunyodagi eng yirik kripto platformalardan biriga aylandi. Eng yuqori baholanishida kompaniya $32 milliardga teng edi va Sequoia Capital hamda SoftBank kabi yirik investorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. SBF esa har yerdan chiqardi — Kongressda guvohlik berar, etika va samarali xayriyachilik haqida intervyular berar, va boyligini butunlay xayriya qilishga va’da berar edi.
Firibgarlik, qulash va qo‘lga olinish
2022-yil noyabr oyida FTX imperiyasidagi yoriqlar ko‘rina boshladi. Yashirin moliyaviy hujjatlar sizib chiqishi Alameda kompaniyasining aktivlari milliardlab dollarga teng FTT tokenlari (FTX tomonidan chiqarilgan) ekanini ochiqladi — bu esa moliyaviy barqarorlikka shubha uyg‘otdi. Mijozlar ommaviy ravishda pullarini yechib olishga urinarkan, haqiqat ayon bo‘ldi: FTXda bu pullar yo‘q edi.
O‘tkazilgan tergovlar shuni ko‘rsatdiki, mijozlarning depozitlari noqonuniy tarzda ishlatilgan — Alameda’ning xavfli treydinglari va qarzlarini yopish uchun yo‘naltirilgan. 2022-yil dekabrda SBF Bagam orollarida hibsga olinib, AQShga ekstraditsiya qilindi. Unga nisbatan firibgarlik, qimmatli qog‘ozlar va tovarlar bilan aldov, pul yuvish va jinoiy til biriktirish bo‘yicha jiddiy ayblovlar qo‘yildi.
2023-yil noyabrida u yettita modda bo‘yicha aybdor deb topildi. 2024-yil mart oyida esa 25 yil federal qamoq jazosiga hukm qilindi va $11 milliarddan ortiq boyligini musodara qilish buyrug‘i chiqarildi.
Caroline Ellison: asosiy guvoh va sobiq qizi
Sud jarayonidagi asosiy shaxslardan biri bu Caroline Ellison edi — Alameda kompaniyasining sobiq bosh direktori va SBFning sobiq qizi. U o‘z aybini tan oldi va prokuratura bilan hamkorlik qildi, Bankman-Friedga qarshi halokatli guvohlik berdi. 2024-yil sentabr oyida u 2 yil qamoq jazosiga hukm qilindi, yaxshi xulqi evaziga esa 2026-yilda muddatidan oldin ozodlikka chiqishi kutilmoqda.
Ellisonning guvohligi orqali fosh bo‘ldiki, Alameda FTX mijozlarining pullaridan xavfli savdolar qilish, qarzlarni yopish va yo‘qotishlarni qoplash uchun foydalangan, va bu hammasi SBFning roziligi bilan amalga oshirilgan.
Panjaralar orqasidagi hayot
Hozirda Sam Bankman-Fried Kaliforniyadagi FCI Terminal Island nomli past xavfsizlik darajasiga ega qamoqxonada saqlanmoqda. Dastlab unga 25 yil qamoq jazosi tayinlangan bo‘lsa-da, Business Insider xabariga ko‘ra, u reabilitatsiya dasturlarida faol ishtirok etgani va yaxshi xulq-atvori tufayli uning ozodlikka chiqish sanasi 2044-yil 14-dekabrga — to‘rt yil oldinga surilgan.
FTX qulashi kripto olamini fosh qildi
FTX mojarosi butun kripto sanoatini larzaga soldi. Bu voqea yirik mablag‘lar, katta nomlar va shov-shuvli marketing ortida qanday xavfli moliyaviy manipulyatsiyalar yashiringanini ko‘rsatdi. Ayniqsa, asoschining karizmasi, texnologik jargon va sun’iy brending qanday qilib investorlar va regulyatorlarni chalg‘itganini yaqqol ochib berdi. FTX’ga milliardlab dollar sarflagan yirik fondlar hech qanday chuqur audit yoki tahlil qilmagan, regulyatorlar esa muammo yuzaga chiqqachgina harakatga tushgan.
Bu mojaro hali to‘liq yakuniga yetgani yo‘q. Ammo bugun u nafaqat kriptovalyutalar, balki cheklanmagan ambitsiyalar, yetarli regulyatsiya bo‘lmagani va shaxsga sig‘inishning xavfli oqibatlari haqida ogohlantiruvchi dars bo‘lib qolmoqda.
Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva
Fikr bildirish