Press ESC to close

“E-KON” xalqaro tanlovda yilning eng yaxshi loyihasi deb topildi

Xalqaro professional IT hamjamiyati Global CIO tomonidan tashkil etilgan xalqaro tanlovda “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan amalga oshirilgan “E-KON” loyihasi yoqilg‘i-energetika sohasidagi “Yilning eng yaxshi loyihasi” deb e’lon qilindi.

Bu natija O‘zbekistonning raqamli transformatsiya sohasidagi erishgan yutuqlaridan biri sifatida tarixga kirdi va mamlakatning nafaqat ichki, balki xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamladi.

Ushbu loyiha davlatimiz rahbarining “Raqamli O‘zbekiston – 2030 strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq amalga oshirilayotgan muhim islohotlardan biri hisoblanadi. Uning asosiy maqsadi “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi konlarni raqamlashtirish orqali samaradorlikni oshirishdan iborat.

Loyiha doirasida shu kunga qadar “E-KON” axborot tizimi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq qilindi. Jamiyat tasarrufidagi neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida umumiy hisobda 80 ta gaz tayyorlash qurilmasi qurib bitkazildi. Buning natijasida quduqlardan qazib chiqarilayotgan tabiiy gaz parametrlarini real vaqt rejimida onlayn nazorat qilish hamda zarur bo‘lganda favqulodda choralar ko‘rish imkoni yaratildi.

“Global CIO” xalqaro tanlovi har yili dunyoning eng ilg‘or va samarali IT loyihalarini aniqlash, ularni keng ommaga tanishtirish maqsadida o‘tkaziladi. Unda texnologik sohadagi eng yaxshi amaliyotlar, innovatsion qarorlar va raqamli transformatsiya loyihalari saralanib, xalqaro miqyosda e’tirof etiladi.

2024-yilda tanlovga 30 dan ortiq davlatdan jami 129 ta loyiha taqdim etilgan. Muhokamalarda 500 dan ortiq IT-menejer ishtirok etgan. G‘oliblar orasida O‘zbekiston, Xitoy, Braziliya, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus, Malayziya, Turkiya, AQSHning nufuzli kompaniyalari joy olgan.

Yana bir quvonchli jihati, “O‘zbekneftgaz” AJ Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari departamenti boshlig‘i Norqulov In’om Eshmirzayevich, xalqaro Global CIO professional IT hamjamiyatida dunyoning eng faol IT liderlar qatoriga kiritildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan