
Sardor Xo’jayev IT sohasida qanday rivojlanganini, birinchi ishini qanday topgani va yangi boshlovchilar uchun foydali maslahatlarini ulashdi.
Men haqimda
Men Toshkentdagi Turin Politexnika Universitetida IT bo‘yicha tahsil olganman. Hozirda Uzum Technologies tarkibidagi Kapital Lab loyihasida ishlab chiqarish jamoasi rahbari – jamoa rahbari (teamlead) lavozimida ishlayman. Biz Kapitalbank bilan hamkorlikda uning raqamli xizmatlarini rivojlantirish ustida ishlayapmiz.
Dasturlashga bo‘lgan qiziqishim 15-16 yoshimda boshlangan. Matematikaga bo‘lgan mehrim dasturlashga qiziqishimni yanada oshirdi. Dastlab HTML, CSS va PHP ni o‘rganganman, keyin esa C++ ni o‘zlashtirib, Codeforces platformasida algoritmik masalalar yecha boshladim.
Vaqt o‘tib, robototexnika sohasi e’tiborimni tortdi. Turin Politexnika Universitetining texnik bazasi mustahkam bo‘lgani uchun ushbu universitetda o‘qishni tanladim va grant asosida talaba bo‘ldim. Birinchi kursdayoq robototexnika bo‘yicha loyihalarda qatnashdim, Koreyada yozgi maktab dasturida ishtirok etdim. Keyinchalik esa bilimlarimni boshqalar bilan bo‘lishish maqsadida robototexnika darslarini o‘ta boshladim.
IT sohasidagi ilk ish tajribam
IT’dagi ish faoliyatim universitetning ikkinchi kursida boshlangan. O‘shanda men Akfa kompaniyasining R&D markazida ishlay boshladim va shu bilan birga Westminster universiteti qoshidagi litseyda robototexnikadan dars berdim.
Akfa’dagi dastlabki lavozimim junior engineer (kichik muhandis) edi. Bu yerda mobil ilovalar ishlab chiqish, sun’iy ko‘rish tizimlari, AGV robotlari yaratish kabi loyihalarda qatnashdim. Python va C++ dasturlash tillarida kod yozdim, Robot Operating System va Android dasturlash bilan shug‘ullandim. Bu men uchun haqiqiy muhandislik laboratoriyasi bo‘ldi – men bu yerda turli sohalarni o‘rganib, o‘z ustimda ishlashga o‘rgandim.
Akfa’dagi faoliyatim bir tanishim orqali boshlangan. U kompaniyaning grant dasturida qatnashib, R&D markazida ishlayotgan edi. U yerda innovatsion loyihalar olib borilayotganini eshitib, qiziqib qoldim va tanishimdan meni tavsiya qilishini so‘radim. Oradan biroz vaqt o‘tib, meni suhbatga taklif qilishdi.
Dastlab, Akfa faqat deraza va eshik ishlab chiqaruvchi kompaniya deb o‘ylardim, lekin ular ilg‘or tadqiqot markaziga ham ega ekanini bilib hayratda qoldim. Suhbat davomida R&D markazi rahbari Denis Yermalayev bilan suhbatlashdim. U mening robototexnikadagi loyihalarim, dasturlash bo‘yicha bilimlarim va muammolarni qanday hal qilishim haqida so‘radi. Shuningdek, elektronika, dizayn va CAD dasturlari bo‘yicha bilimlarim ham sinovdan o‘tkazildi.
Men oldindan maxsus tayyorgarlik ko‘rmagan edim. Shunchaki o‘z bilimlarim, loyihalarim va tajribamni ulashdim. Menda professional ish tajribasi yo‘q edi, shuning uchun o‘qishdagi yutuqlarim, robototexnika loyihalarim, xakatonlarda qatnashganim va o‘qituvchilik tajribamni o‘z kuchli tomonlarim sifatida taqdim qildim. Shu yondashuv menga birinchi ish joyimni topishga yordam berdi.
Dastlabki qiyinchiliklar
IT’dagi ish faoliyatim tasodifan boshlanganligi sababli, birinchi marta ish qidirishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmadim. Men universitetda faol edim, loyihalarda qatnashdim, bilimlarimni amaliyotda sinab ko‘rdim, shuning uchun menga tezroq ish topish nasib qildi.
Ammo middle darajasi va undan yuqori lavozimlarga da’vogarlik qilganimda, vaziyat o‘zgardi. Rad javoblari ancha ko‘paydi. Ba’zan suhbatlardan o‘tolmadim, lekin men bunday holatlarni o‘zimni rivojlantirish uchun imkoniyat deb qabul qildim. Har bir rad javobi menga zaif tomonlarimni ko‘rsatib berardi va men motivatsiyamni yo‘qotmasdan, bilimlarimni oshirishga e’tibor qaratdim.
Akfa’dagi ish faoliyatimdagi eng katta qiyinchilik – noaniqlik edi. Har bir yangi loyiha menda mavjud bo‘lmagan bilimlarni talab qilardi, mentorlar esa kam edi. Masalan, biz AGV robotini yaratganimizda, hamma narsani noldan o‘ylab topish kerak edi: dizayn, byudjet, texnik echimlar. Tayyor yo‘riqnomalar yo‘q edi. Robotni uch marta qayta yaratdik, oxirida u ishga tushdi. Bilimlarni Stack Overflow, Telegram guruhlari va mutaxassislarning maslahatlari orqali o‘rgandim. Vaqt o‘tib, noaniqlik sharoitida ishlashga o‘rganib, “Baribir uddalayman!” degan ishonchni shakllantirdim.
Shuningdek, yangi boshlovchilar duch keladigan eng katta muammo – bu o‘zini to‘g‘ri taqdim eta olish. Ko‘plab kompaniyalar tajribasiz mutaxassislarni ishga qabul qilishni xohlamaydi. Junior lavozimlari uchun ham katta talablar qo‘yiladi va tajriba so‘raladi.
Bu muammolarni yengish uchun men o‘rganish qobiliyatim va amaliy faoliyatimga e’tibor qaratdim: ilmiy loyihalar, xakatonlar, o‘qituvchilik va musobaqalar orqali portfoliolarimni yaratdim.
IT sohasida ish topish bo‘yicha 3 ta foydali maslahat
- Soft-skills’laringizni rivojlantiring: Jamoada ishlash, vaqtni boshqarish, yangi texnologiyalarni o‘rganish va tez moslashish kabi ko‘nikmalarni o‘zlashtiring.
- Networking qiling: Xakatonlar, mitaplar, konferensiyalarda qatnashing, o‘z loyihalaringiz haqida gapiring va tajribali mutaxassislar bilan aloqalar o‘rnating.
- Dastlabki ish tajribangizni imkon qadar erta orttiring: Biroq, sharoitlaringizni ham inobatga oling. Tajribangiz bo‘lmasa, shaxsiy loyihalar ustida ishlang, yangi texnologiyalar bilan tajriba qiling va motivatsiyangizni namoyish eting!
Comments (2)
Asadullasays:
Fevral 7, 2025 at 12:06 pmAssalomu alaykum yaxshimisiz men ham shu etabdaman kursni tugatganman lekin qayerga vakansiyaga topshirmay rad javobini olyabman
Gulnoza Sobirovasays:
Fevral 27, 2025 at 8:35 amVa alaykum assalom, boshlanishiga CVni to’g’ri shakllantirib har kuni 10-20 ish o’rinlariga vakanatlikka topshirib ko’ring