Press ESC to close

Hashamat ortidagi haqiqatlar fosh bo‘ldi

TikTok’da tarqalgan bir qator videolarda xitoylik fabrika egalari va ta’minotchilar hashamatli brend mahsulotlari – masalan, Lululemon legginslari yoki Hermès Birkin sumkalari – chakana narxining bir necha baravar arzonga ishlab chiqarilishini ko‘rsatmoqda. Masalan, chakana bozorda minglab dollarga sotiladigan Birkin sumkasi aslida atigi $1,000 ga tushadi. Xuddi shunday, $100 ga sotiladigan legginslar faqat $5–$6 ga ishlab chiqarilishi aytilmoqda.  

Ba’zi ishlab chiqaruvchilar o‘z fabrikalarida mashhur brendlar uchun mahsulot tayyorlashni bildirgan. Ularning aytishicha, birgina fabrika bir vaqtning o‘zida ham qimmatbaho brendlar, ham ularning arzon muqobillarini ishlab chiqaradi. Bu da’volar shuni anglatadiki, ko‘plab mashhur brendlar aslida ishlab chiqarishni Xitoyga topshirgan, ammo ular bilan bir xil fabrikalarda brendsiz mahsulotlar ham tayyorlanmoqda. Biroq bu holat rasmiy shartnomalarga asoslanganmi yoki noqonuniymi -hanuz bahsli masala bo‘lib qolmoqda.  

Ushbu videolarda ko‘pincha material xarajatlari, ishchi kuchi va ishlab chiqarish jarayonlari batafsil tahlil qilinadi. Bu orqali brendli hashamatli mahsulotlar bilan ularning brendsiz muqobillari o‘rtasidagi farq juda kichik ekani ta’kidlanadi. Ayrim kontent yaratuvchilar esa iste’molchilarga mahsulotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri fabrikalardan qanday xarid qilish mumkinligi bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar ham bermoqda – bu esa an’anaviy chakana savdo zanjirini chetlab o‘tish imkonini beradi.

Bojlar va savdo siyosatining ta’siri

Bunday fosh etuvchi kontentlar aynan AQShning Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga nisbatan yangi boj siyosatini joriy qilgan bir davrda ommalashmoqda. De minimis imtiyozining bekor qilinishi sababli endilikda Xitoy va Gonkongdan keladigan barcha mahsulotlar — qiymatidan qat’i nazar — import bojlariga tortiladi. Ba’zi boj stavkalari esa 145% gacha yetmoqda.

Bunga javoban, xitoylik ishlab chiqaruvchilar TikTok orqali iste’molchilar bilan bevosita bog‘lanib, ularni past narxlar va muqobil xarid yo‘llari bilan qiziqtirmoqda. Bunday direct-to-consumer (D2C) modeli yordamida ular nafaqat boj va narx ustamalarini kamaytirmoqda, balki iste’molchilarga bevosita xizmat ko‘rsatmoqda.

Iste’molchilar reaksiyasi va sanoatga ta’siri

Iste’molchilar ushbu videolarni iliq kutib olmoqda. Aksariyati esa hashamatli brendlar narxining sun’iy ravishda oshirilganidan norozi bo‘lib, ushbu ochiqlikni ijobiy baholashmoqda. Shu bilan birga, trend brend qiymati, ishlab chiqarish etikasi va mahsulotning asl narxi haqida keng muhokamalarni keltirib chiqarmoqda.

Biroq bu holat intellektual mulk huquqlari va soxta mahsulotlar xavfi borasida ham xavotir uyg‘otmoqda. Ba’zi ishlab chiqaruvchilar hashamatli brendlar uchun ruxsat etilgan ishlab chiqaruvchilar bo‘lsa-da, boshqalari brendli mahsulotlarni nusxalash huquqiga ega emas — bu esa sanoatda huquqiy va axloqiy bahslarni kuchaytirmoqda.

Xulosa qilib aytganda, TikTok’da kuchayib borayotgan bu harakat an’anaviy hashamatli narxlash tizimiga jiddiy zarba bermoqda. Xitoylik ishlab chiqaruvchilar ochiqlikni tanlab, iste’molchilarga ishlab chiqarish xarajatlarini ko ‘rsatmoqda va ular uchun bevosita xarid imkoniyatlarini yaratmoqda. Bu harakat brendlar va savdo zanjirlariga, balki butun global chakana savdo tizimiga uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan