Press ESC to close

Seed raund startaplar uchun pitch tayyorlash siri

Startap asoschilariga investorlar e’tiborini jalb qilish va moliyalashtirishni ta’minlash uchun puxta ishlab chiqilgan pitch deck muhim rol o‘ynaydi. Dunyoning eng nufuzli startap akseleratorlaridan biri Y Combinator samarali seed raund pitch deck yaratish bo‘yicha aniq va ishonchli yondashuvni tavsiya etadi. Ushbu maqolada ularning tavsiyalari tahlil qilinib, sarmoyadorlarni ishontira oladigan kuchli pitch deck yaratish bo‘yicha muhim jihatlar yoritiladi.

Oddiy va tushunarli bo‘lsin

Sarmoyadorlar har kuni juda ko‘plab pitch decklarni ko‘rib chiqadi. Shu sababli aniqlik va soddalik taqdimotning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lishi shart. Har bir slayd asosiy fikrni aniq yetkazishi, keraksiz tafsilotlar va texnik jargon bilan ortiqcha yuklanmasligi lozim. Ideal holatda, pitch deck 10-12 slayddan iborat bo‘lib, har biri asosiy g‘oyani taqdim etishi kerak.

 Muvaffaqiyatli pitch deckning asosiy slaydlari

Y Combinator muvaffaqiyatli pitch deck quyidagi tarkibiy qismlarga ega bo‘lishi kerakligini tavsiya etadi:

Muammo

Startapingiz hal qilayotgan muammoni aniq va lo‘nda ifodalang. Muammo muhim, dolzarb va statistik ma’lumotlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Iloji bo‘lsa, bu muammo nega hozir hal qilinishi zarurligi ham ko‘rsatilishi kerak.

Yechim

Mahsulot yoki xizmatingiz ushbu muammoni qanday hal qilishini tushuntiring. Siz taklif etayotgan yechim mavjud alternativalardan nimasi bilan ustunligi va nega aynan sizning startapingiz bu masalani eng samarali hal qilishi mumkinligini ko‘rsating.

Bozor Imkoniyati

Sarmoyadorlar bozor hajmini aniq tushunishni xohlaydi. Shu sababli Umumiy manzilli bozor (TAM – Total Addressable Market), Xizmat ko‘rsatish mumkin bo‘lgan bozor (SAM – Serviceable Available Market) va Erishish mumkin bo‘lgan bozor (SOM – Serviceable Obtainable Market) bo‘yicha aniq raqamlarni taqdim eting.

Mahsulot

Mahsulotingizni vizuallar, demo yoki skrinshotlar yordamida jonlantiring. Uning asosiy funksiyalari va foydalanuvchilarga qanday qiymat taqdim etishini tushuntiring.

Biznes modeli

Startapingiz qanday daromad olishini sodda va tushunarli tarzda tushuntiring. Sizda daromad manbai obuna, tranzaksiya to‘lovlari yoki reklama orqali bo‘lishi mumkin – asosiy maqsad sarmoyadorlarga aniq va tushunarli moliyaviy oqimni ko‘rsatishdir.

Ilk natijalar

Agar startapingiz ilk natijalarga erishgan bo‘lsa, ularni sarmoyadorlarga taqdim eting. Masalan: daromad, faol foydalanuvchilar soni, hamkorliklar yoki o‘sish sur’atlari kabi asosiy ko‘rsatkichlar sarmoyadorlar uchun muhim. Ijtimoiy dalillar va mijozlarning ijobiy fikrlari esa startapingizga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.

Raqobat 

To‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita raqobatchilarni aniqlang. Tahliliy jadvaldan foydalanib, startapingiz nimasi bilan boshqalardan ustun ekanligini ko‘rsating.

Bozorga chiqish strategiyasi

Mijozlarni qanday jalb qilishingizni tushuntiring. Bu pullik marketing, virusli o‘sish, hamkorliklar yoki bevosita savdo strategiyalari bo‘lishi mumkin.

Moliyaviy ma’lumotlar va prognozlar

Garchi dastlabki bosqichdagi startaplar keng qamrovli moliyaviy ma’lumotlarga ega bo‘lmasa ham, kelajakdagi moliyaviy prognozlar va asosiy bosqichlar haqida ma’lumot berish, sarmoyadorlarga o‘sish salohiyatingizni tushunishga yordam beradi.

Jamoa

Asoschilar va asosiy jamoa a’zolarini tanishtiring. Ularning tajribasi, ekspertizasi va nima uchun bu biznesni rivojlantirish uchun tanlangan eng maqbul odamlar ekani haqida ma’lumot bering.

Investitsiya 

Qancha sarmoya jalb qilmoqchi ekanligingiz va ushbu mablag‘ qanday maqsadlarga yo‘naltirilishini aniq tushuntiring (masalan, jamoani kengaytirish, mahsulot ishlab chiqish, marketing). Shuningdek, investitsiya startapingizni keyingi bosqichga qanday olib chiqishini ko‘rsatib bering.

Tayyorladi: Laylo Xondamirovna

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan