
Startaplar o‘rtasidagi raqobat endi sud jarayonlariga ko‘chdi. AQShning HR texnologiyalari startapi Rippling, raqibi Deel ustidan joriy yilda Irlandiyada da’vo ochdi. Asosiy ayblov: Deel kompaniyasi Rippling ichkarisiga josus yuborgan.
Ushbu da’vo ortidan Rippling endi Deel’ning hammuassisi va CEO’si Alex Bouazizga rasmiy sud hujjatlarini yetkazmoqchi. Ammo bu oson kechmayapti — Fransiyada yollangan sud ijrochilari Bouazizni hech qaerdan topa olishmayapti.
Nima bo‘lyapti?
- Rippling sudga taqdim etgan hujjatlarga ko‘ra, Deel o‘z xodimlaridan birini Rippling ichkarisiga yollab, ma’lumot to‘plash bilan shug‘ullangan.
- Ayblovga qo‘shilgan “josus”ning arizasi butun voqeani detektiv filmga o‘xshatadi.
- Deel esa barcha ayblovlarni inkor qilmoqda.
Endi esa Rippling jarayonni davom ettirish uchun Bouazizga rasmiy hujjatlarni yetkazishi kerak. Ammo bu bo‘yicha asosiy muammo — Bouaziz topilmayapti.
Bouaziz qayerda?
- U fransuz fuqarosi va Parijdagi manzili ko‘rsatilgan, ammo ijrochilar uni u yerda topa olishmagan.
- Fransuz nashri Challenges ma’lumotiga ko‘ra, Bouaziz “nihoyatda ko‘chmanchi”, ammo “Fransiyaga juda bog‘langan”.
- U LinkedIn’dagi profilida Tel-Aviv, X (Twitter) sahifasida esa Nyu-Yorkda ekanini bildirgan.
- Rippling ehtimoliy yechim sifatida uni elektron pochta orqali ogohlantirishni rejalashtiryapti.
Katta kompaniyalar, katta da’volar
Deel va Rippling — inson resurslarini boshqarish va global yollash xizmatlarida asosiy o‘yinchilardan biri. Bu kabi sud jarayonlari:
- startaplar o‘rtasidagi keskin raqobatni ochib beradi;
- texnologik kompaniyalarning ma’lumotlar xavfsizligiga nisbatan qanchalik ehtiyotkor bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi;
- CEO’lar va rahbarlarning shaffofligi, yuridik javobgarligi hamon muhim mavzu ekanini eslatadi.
Fikr bildirish