
IKEA do‘koniga qadam qo‘yganingizda shunchaki mebel ko‘rgazmasiga emas, balki ajoyib tarzda sahnalashtirilgan psixologik mo‘jizaga kirib qolasiz. Yiliga 50 milliard dollarlik mahsulot sotishdan tortib, millionlab shved köfte (meatball) taqdim etishgacha: IKEA shunchaki mebel giganti emas, balki madaniy fenomendir.
Biroq, bezaklar bilan qoplangan bu jozibali ko‘rinish ortida tengsiz g‘alaba, innovatsiya va bahs-munozaralar bilan to‘la hayratlanarli tarix yashiringan. Hammasi oddiy fermer oilasida dunyoga kelgan bolakaydan boshlangan.
Fojiali ilk qadamlar
XIX asrning oxirlarida nemis aristokrati Achim Kamprad jamiyatning qat’iy qoidalariga qarshi chiqib, past tabaqaga mansub ayol – Frantsiska bilan turmush quradi. Bu qarori tufayli o‘z oilasi tomonidan rad etilgan Achim, rafiqasi bilan Shvetsiyaning kichik bir qishlog‘iga ko‘chadi va yangi hayot boshlash uchun 450 akr maydonni sotib oladi.
Ammo kutilmaganda taqdir uni shafqatsiz sinovga soldi. Moliyaviy qiyinchiliklar va mahalliy banklarning rad javobi Achimni qattiq tushkunlikka tushiradi. U oxir-oqibat o‘z joniga qasd qiladi. Homilador Frantsiska esa yolg‘iz qolib, o‘z farzandlari bilan omon qolish uchun kurashishga majbur edi.
Bardoshli va qat’iyatli ayol bo‘lgan Frantsiska fermer xo‘jaligini gullab-yashnagan biznesga aylantirdi. Uning mashaqqati va fidoyiligi Kamprad merosining tamal toshiga aylandi.
Oradan ancha yillar o‘tib, 1926-yilda uning nevarasi Ingvar Kamprad dunyoga keldi. Ushbu fermer xo‘jaligida voyaga yetgan Ingvar bolalikdanoq tadbirkorlik qobiliyatini namoyon eta boshladi. U gugurt qutilari, Yangi yil tabriknomalari va lingonberry (shimol mevalari) sotib, foyda ko‘rishga harakat qildi. Buvisi uni doimo rag‘batlantirar va qo‘llab-quvvatlar edi. Yosh Ingvar esa topgan har bir tiyinini qayta investitsiya qilib, kelajakda IKEA’ga aylanishi mumkin bo‘lgan biznes poydevorini yaratdi.

IKEA’ning tug‘ilishi
Atigi 17 yoshida Ingvar Kamprad IKEA’ni rasman ishga tushirdi. Dastlab pochta orqali buyurtma tizimi yordamida mayda xo‘jalik buyumlarini sotardi. IKEA nomi uning ismi va familiyasi bosh harflari (Ingvar Kamprad), oilaviy fermer xo‘jaligi (Elmtaryd) va yaqin joylashgan qishloq nomi (Agunnaryd)ning birikmasidan hosil bo‘ldi.
Do‘kon ochish imkoniyati bo‘lmagan Ingvar shiypon ichida ishlardi, xaridorlarga kataloglar jo‘natib, kundalik arzon buyumlarni yetkazib berish orqali daromad ko‘rar edi. 1948-yil esa burilish nuqtasi yuz berdi va IKEA mebel savdosiga kirib keldi. Bu qaror Ikkinchi jahon urushidan keyin Shvetsiyada yuzaga kelgan uy-joy qurilishi rivojlanishidan ilhomlanib qabul qilindi.
Mebellarni mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olish va mahsulotlarga esda qolarli nomlar berish IKEA’ni boshqalardan ajratib turardi. Dizayn va taqsimotdagi innovatsion yondashuvlar tezda e’tibor qozondi va kompaniyaning shiddatli o‘sishiga zamin yaratdi.
Shved mebel urushlari
1950-yillar IKEA uchun burilish nuqtasi bo‘ldi, ammo bu o‘sish qarshiliklarsiz kechmadi. IKEA’ning hamyonbop va zamonaviy mebellari ommalashib borar ekan, u Shvetsiyaning an’anaviy mebel sanoatini larzaga soldi.
Bu esa bozorni egallab turgan yirik o‘yinchilar uchun yoqimsiz holat edi. Ular IKEA’ning arzon narx siyosatini o‘z hukmronliklariga bevosita tahdid sifatida ko‘rdi va oqibatda Shvetsiya milliy mebel sotuvchilari uyushmasi IKEA’ning faoliyatini cheklash va bozordan siqib chiqarish uchun birlashdi.
Jang markazida Shvetsiya mebel yarmarkalari turardi. Bunday tadbirlar mebel ishlab chiqaruvchilariga mahsulotlarini namoyish etishning muhim imkoniyati edi. Ko‘pchilik raqobatchilar yarmarkalarda shunchaki broshyuralar va namunalar taqdim qilgan bo‘lsa, Ingvar Kamprad bir qadam oldinga bordi ya’ni u butun mebel jihozlarini olib kelib, ularni yarmarkaning o‘zida arzon narxlarda sotdi. Bu usul olomonni o‘ziga jalb etdi va IKEA’ning raqobatchilarga nisbatan ustunligini yanada oshirdi.
Raqobat tobora keskinlashdi. Dastlab, yarmarkalarda savdo qilish butunlay taqiqlangan bo‘lsa, keyinchalik mahsulot narxlarini ko‘rsatish ham man etildi. Ingvar bunday to‘siqlarga javoban Shvetsiyaning yirik shaharlarida mustaqil mebel yarmarkalarini tashkil etdi. Natijada, mijozlar ommaviy ravishda IKEA’ga oqib kela boshladi.
Bu “mushuk va sichqon o‘yini” IKEA’ni “jabrlanuvchi” sifatida namoyon qildi, jamoatchilik esa unga hamdardlik bildirib, brendga bo‘lgan ishonchni mustahkamladi. Ingvarning bardoshliligi raqobatchilarni toqatsizlantirdi. Ular Ingvarni gidraga o‘xshatishardi – “boshini kesib tashlasang, o‘rniga yana ikkitasi o‘sib chiqadi.”
Halokatli ultimatum va Polshaga burilish
Ammo mebel sotuvchilari IKEA’ni butunlay bozordan siqib chiqara olmasliklarini anglab, eng keskin zarbani berdi. Ular yetkazib beruvchilarga shart qo‘ydi:
“Agar IKEA bilan hamkorlik qilsangiz, biz bilan ishlash huquqingizdan mahrum bo‘lasiz.”
Bu IKEA’ni inqiroz yoqasiga olib keldi. Yetkazib beruvchilar qo‘rquvdan ommaviy ravishda IKEA bilan aloqalarini uzdi, Ingvar esa qiyin ahvolga tushib qoldi.
Ammo u yana bir bor o‘zining tengsiz zukkoligini namoyon etdi. IKEA tirik qolishi uchun tezkor strategik o‘zgarishlar qildi:
· Sodiq yetkazib beruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga tezkor to‘lovlar va yanada qulay shartlar taklif qildi, bu esa chuqur sadoqat hissini shakllantirdi.
· Eng katta burilish Polshaga yo‘nalish edi. U yerda yog‘och yetkazib berish va ishlab chiqarish jarayonlarini yo‘lga qo‘ydi.
Bu harakat IKEA’ni Shvetsiyadagi raqobatchilar nazoratidan chiqarib yubordi va shu bilan birga ishlab chiqarish xarajatlarini keskin pasaytirishga imkon berdi. Aynan shu bosqich kompaniyaning global ta’minot tizimiga asos soldi.
Qayta tug‘ilish
Shved mebel urushlari IKEA’ni yo‘q qilish uchun boshlangan edi, biroq aksincha, uni yanada mustahkam va innovatsion kompaniyaga aylantirdi. Ingvar keyinchalik bu bo‘g‘ozni “yashirin baraka” deb atagan edi. Chunki aynan shu qiyinchiliklar IKEA’ni o‘zgacha qilish, yangi yo‘llarni topish va o‘sishda davom etishga majbur qilgan.
1950-yillar oxiriga kelib IKEA oddiy mebel sotuvchisi emas, balki butun sanoatni o‘zgartirishga tayyor bo‘lgan harakatga aylanib bordi.
Ba’zan innovatsiyalar eng kutilmagan holatlarda tug‘iladi. IKEA uchun ulkan yutuqlardan biri shunchaki mayda logistik muammo sabab yuzaga kelgan edi.
Bir kuni fotosessiyadan so‘ng xodimlardan biri stolni omborga qaytarishga tayyorlayotganda uning yig‘ilgan holatda juda katta joy egallashini payqadi. U shunchaki o‘z fikrini aytdi:
“Nega oyoqlarini olib tashlamaymiz?”
Bu sodda taklif butun IKEA biznes modelini tubdan o‘zgartiradigan g‘oyaga aylandi: yig‘ma (flat-pack) mebel.

Flat Pack Furniture
Flat-pack (yig‘ma) mebel g‘oyasi juda oddiy tuyulsa-da, mebel sanoatini tubdan o‘zgartirdi. IKEA mebellarni ajratib, kichik qismlarga bo‘lib qadoqlash orqali mahsulot hajmini sezilarli darajada kamaytirdi. Bu saqlash va tashish jarayonlarini yanada samarali qilishga imkon berdi.
“IKEA effekti”
Ammo yig‘ma mebel faqat xarajatlarni tejash vositasi emas edi. U kutilmagan psixologik effekt ham yaratdi – keyinchalik olimlar buni “IKEA effekti” deb nomladi.
Mijozlar o‘z mebellarini o‘zi yig‘gani uchun jarayon ularda qoniqish va egalik hissini kuchaytirardi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, inson o‘zi yaratgan narsani boshqalarnikidan ko‘ra ko‘proq qadrlaydi.
Mebelini yig‘ish jarayoni odamlar uchun mashaqqatli ish emas, balki shaxsiy yutuq va faxr manbaiga aylangan. IKEA shunday qilib, odatiy savdo jarayonini o‘yin shakliga o‘girib, mijoz bilan brend o‘rtasidagi aloqani mustahkamladi.
Endi odamlar IKEA’ni oddiy do‘kon sifatida emas, balki ularni jarayonga jalb qiladigan va egalik hissini taqdim etadigan brend sifatida qabul qila boshladi.
1960-yillarga kelib, IKEA Shvetsiyada allaqachon yulduz bo‘ldi, lekin Ingvar Kampradning maqsadlari bundan ham ulkanroq edi. Kompaniyaning ilk do‘konlari muvaffaqiyat qozonganidan so‘ng, Ingvar IKEA shunchaki mebel sotmayotganini, balki butun bir tajriba yaratayotganini anglab yetdi.
Shu tariqa u IKEA do‘konlarini nafaqat savdoni maksimal oshirish, balki mijozlarni qayta va qayta qaytishga undaydigan tarzda loyihalashga kirishdi. Aynan shu yondashuv IKEA’ni dunyo miqyosidagi chakana savdo gigantiga aylantirishning boshlanishi bo‘ldi.
IKEA strategiyasining markazida uning o‘ziga xos do‘kon tuzilishi turardi. Bu maqsadli ravishda ishlab chiqilgan mijoz safari bo‘lib, xaridorlarni bitta yo‘nalishda harakatlanishga majburlovchi labirintga o‘xshardi.
Ingvar do‘konda qancha ko‘p vaqt o‘tkazilsa, rejasiz xarid qilish ehtimoli shuncha ortishini tushunib yetdi.
– Birinchi qadam: mijoz do‘konga kirishi bilan aylanma yo‘lak bo‘ylab yurishga majbur bo‘ladi.
– Har bir burilish: yangi xonalar va mebel yechimlarini ochib beradi, bu esa xaridorni ilhomlantiradi.
– Yashirin tuzoq: mijozlar rejadan tashqari xarid qilish istagiga tushadi, chunki har bir burchak yangi g‘oyalar va sotib olish istagini uyg‘otadi.
Do‘konlarning ulkan maydoni va yagona kirish-chiqish dizayni ham atayin ishlab chiqilgan bo‘lib, mijozlarni do‘konda uzoqroq qolishga undash uchun mo‘ljallangan edi.

IKEA yorug‘lik, vizual jozibadorlik va do‘kon dizaynini ataylab shunday joylashtirdiki, mijozlar majburan sekin yurish, ko‘proq mahsulotlarni ko‘rib chiqish va natijada, ko‘proq xarid qilishga undalgan edi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, IKEA’da xaridlarning aksariyati oldindan rejalashtirilmagan – bu esa ushbu strategiyaning naqadar samarali ekanligini tasdiqlaydi.
Ingvar Kamprad mijozlarning harakatlarini kuzatib, do‘konlarda tushlikdan keyin odamlar oqimi keskin kamayishini sezdi. Bu muammoni hal qilish uchun u do‘kon ichida restoranlar ochishga qaror qildi.
Bu yondashuv chakana savdo va mehmondo‘stlik sanoati o‘rtasidagi chegaralarni butkul yo‘q qildi. IKEA endi shunchaki do‘kon emas, mijozlar vaqt o‘tkazish uchun keladigan joyga aylandi.

Ingvar merosi
Ingvar Kamprad 2018-yilda vafot etdi, ortida 450 dan ortiq do‘kon va 50 dan ziyod mamlakatlarga yoyilgan ulkan imperiyani qoldirib ketdi.
Shaxsiy boyligiga qaramay Ingvar kamtarona hayot kechirdi – u eski Volvo mashinasida yurdi va doimiy ravishda ekonom klassda parvoz qildi. Uning IKEA uchun yaratgan “ko‘pchilik uchun yaxshiroq kundalik hayot yaratish” g‘oyasi bugungi kunda ham kompaniyaning global faoliyatini ilhomlantirib kelmoqda.
Bugungi kunda IKEA shunchaki mebel sotuvchi brend emas:
– Madaniy fenomen;
– Innovatsiyalar maktabi;
– Matonat va bardoshlilik kuchining yorqin namunasidir.
Tayyorladi: Zuhraxon Mansurova
Fikr bildirish