Press ESC to close

Ilon Maskning sun’iy intellekti endi Telegram’da ham ishlay boshladi

Ilon Mask asos solgan xAI kompaniyasining Grok sun’iy intellektli chat-boti endilikda Telegram’da ham mavjud. Ushbu imkoniyat faqat Telegram Premium foydalanuvchilari uchun ochiq va ular uchun bepul bo‘ladi.

Grok chat-boti Grok 3 modeliga asoslangan. Ammo Telegram’dagi versiyada Think (mantiqiy tahlil) va DeepSearch (manbalarni chuqur izlash) funksiyalari mavjud emas — bu imkoniyatlar faqat Grok ilovasi va X (Twitter) platformasida qoladi.

Botning Telegram’da paydo bo‘lgani haqida foydalanuvchilar ilk marta 20-mart kuni xabar bera boshlashdi. Biroq ayrimlari tizimga kirishda muammo va javoblarning kechikishi haqida shikoyat qilgan — bu ortiqcha yuklama bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Grok — Maskning 2023-yilda ishlab chiqilgan, ChatGPT’ga muqobil sifatida maydonga chiqqan sun’iy intellekt botidir. U yangiliklarni tahlil qilish, real vaqtda ma’lumot izlash va foydalanuvchilarning savollariga javob berishga qodir.

Ilon Mask Grok’ni “dunyoning haqiqiy manzarasini aks ettiruvchi va an’anaviy sun’iy intellektlardan ko‘ra erkinroq” tizim sifatida taqdim etgan. Bot o‘z bazasidan tashqari, X platformasidan ham ma’lumot olib ishlay oladi. Kelgusida Grok “TruthGPT” — maksimal halollikka asoslangan sun’iy intellekt tizimining bir qismiga aylanishi rejalashtirilmoqda.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan