
Instagram foydalanuvchilari uchun yangi qulayliklar joriy qilindi. Endilikda platformada shaxsiy xabarlarni avtomatik tarjima qilish, xabarlarni mahkamlash hamda guruh chatlariga QR-kod orqali qo‘shilish kabi funksiyalar mavjud.
99 ta tilga avtomatik tarjima
Instagram shaxsiy suhbatlarda tarjima funksiyasini ishga tushirdi. Hozircha 99 ta til qo‘llab-quvvatlanadi, tarjima matni esa asl xabar ostida aks etadi. Bu esa turli tillarda muloqot qilishni yanada qulaylashtiradi.
Ilovadan chiqmasdan musiqa almashish
Endilikda foydalanuvchilar Instagram’dan chiqmagan holda musiqa ulashishlari mumkin. Xabarlar bo‘limidagi stikerlar orasida qo‘shiqlar katalogi mavjud. Qabul qiluvchi esa 30 soniyalik musiqiy parchani tinglash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Xabarlarni mahkamlash
Foydalanuvchilar endi muhim xabarlarni (matn, rasm yoki Reels) shaxsiy yoki guruh chatining yuqori qismiga mahkamlashlari mumkin. Mahkamlangan xabarlarni ushlab turish orqali boshqarish hamda o‘zgartirish imkoniyati ham mavjud.
QR-kod orqali guruh chatiga qo‘shilish
Instagram guruh suhbatlariga yangi ishtirokchilarni qo‘shish jarayonini soddalashtirdi. Endilikda guruh chatining nomini tanlash, taklif havolasini bosish va QR-kodni skaner qilish orqali guruhga qo‘shilish mumkin.
Xabarlarni oldindan rejalashtirish
Endi xabarlarni oldindan rejalashtirib, to‘rt haftagacha kechiktirib yuborish imkoniyati mavjud. Buning uchun “Yuborish” tugmasini bosib turish kifoya. Bu funksiya biznes va kontent yaratuvchilar uchun ayniqsa foydali bo‘lishi kutilmoqda.
Instagram’ning ushbu yangilanishlari foydalanuvchilarga yanada qulay tajriba yaratish uchun mo‘ljallangan.
Fikr bildirish