
Internet tarixidagi qahramonlar haqida gap ketganda, afsonaga aylangan ba’zi ismlar yodga tushadi. Masalan, Tim Berners-Lee- Butunjahon internet tarmog‘ining otasi. Marc Andreessen – ilk keng ommaga mo‘ljallangan brauzerni yaratganlardan biri. Ammo shu yorqin lahzalar ortida Kevin Hughes kabi insonlar turadi Jamoatchilikka unchalik tanilmagan, lekin zamonaviy internetning poydevorini yaratishda hal qiluvchi rol o‘ynagan kamtarona iqtidor egasi.
1990-yillarning boshlarida internet hali faqat olimlar va tadqiqotchilar o‘rtasida ishlatiladigan tajribaviy konsepsiya edi. Aynan shu vaqtda, Kevin Hughes Gavayi shtatidagi Honolulu Community College talabasi edi. O‘sha paytda ko‘pchilik veb-saytlar oddiy va faqat matndan iborat bo‘lgan. Internet keng jamoatchilik uchun emas, balki kod yozishni tushunadigan texnik foydalanuvchilar uchun yaratilgan edi. Hughes esa bu qarashni o‘zgartirishni istadi.
U ilk kampus saytlaridan birini ishlab chiqqan bo‘lib, bu sayt oddiy katalog emas, balki ilg‘or kontent markazi edi. U kampus muzeyining virtual sayohatini ham o‘z ichiga olgan bo‘lib, foydalanuvchilarga eksponatlarni masofadan turib rasmlar va tavsiflar orqali ko‘rish imkonini berdi. Bugun bu odatiy holdek tuyuladi, onlayn muzey bo‘ylab yurish, eksponatlarni bosib ko‘rish. Ammo 1990-yillarning boshlarida bu inqilobiy yangilik edi. Hughes veb-fazoni faqat matnli axborot joylashtirish maydonigina emas, ko‘rgazmali, ta’limiy va interaktiv makonga aylantirish mumkinligini ham ko‘rsatdi.
Lekin u faqat sahifalar yaratish bilan cheklanmagan. U vositalar ham yaratgan. Hughes SWISH (Simple Web Indexing System for Humans – insonlar uchun oddiy veb-indeksatsiya tizimi) deb nomlangan dasturiy vositani ishlab chiqdi, bu internetdagi ilk qidiruv tizimlaridan biri bo‘lgan. Bu hali Google, Bing yoki Yahoo paydo bo‘lmagan davr edi. Internetda axborot izlash murakkab va tartibsiz jarayon hisoblangan. SWISH orqali foydalanuvchilar turli saytlar bo‘ylab axborot qidirib topa oladigan bo‘ldi, bu esa internetni oddiy, foydali va tartibli makonga aylantirdi.
Uning eng uzoq umr ko‘rgan ishlanmalaridan biri — Apache HTTP Server dasturining ilk versiyalarida ishlatilgan ommaviy domen (ya’ni bepul foydalanish mumkin bo‘lgan) ikonkalari to‘plamini yaratganidir. Apache serveri bugungi kunda ham internetning katta qismini quvvatlovchi ochiq manbaa (open-source) tizimlardan biri. Hughes yaratgan bu kichik grafikalar -oddiy papka belgilari, hujjat ramzlari, navigatsiya uchun o‘qchalar – oddiy ko‘rinsa-da, o‘sha paytda internetda foydalanuvchilar uchun tushunarli, tanish va qulay interfeys yaratishga yordam bergan.
Aynan mana shunday erta innovatsiyalari tufayli, Hughes internet tarixidagi ilk pionerlar qatoriga kiritildi. 1994-yilda bo‘lib o‘tgan birinchi xalqaro World Wide Web konferensiyasida, u Butunjahon Internet Shuhrat Zaliga (World Wide Web Hall of Fame) kiritilgan atigi olti kishidan biri bo‘ldi. Bu e’tirof uni texnologiya olamida taniqli shaxsga aylantirishi kerak edi. Ammo aksincha, uning merosi sekin-asta unutilib bordi.
Bunga sabab — Hughes hech qachon an’anaviy Silicon Valley yo‘lidan bormaganidir. U shon-shuhrat ortidan quvmagan, startap ochmagan, investorlar bilan million dollarlik shartnomalar imzolamagan. U muammoni hal qiladigan, doim foydali ishlaydigan vositalar yaratishga e’tibor qaratgan. Insonlarga raqamli dunyoni tushunishga yordam beradigan interfeyslar yasagan. 1990-yillar oxiri va 2000-yillar boshidagi tezkor, foyda markazida bo‘lgan texnologik madaniyatda Hughes kabi sokin, amaliyotga yo‘naltirilgan yaratuvchilar ko‘pincha tarixdan chetda qolgan.
Ammo uning mehnati hanuzgacha muhim ahamiyatga ega. Har safar kimdir biror veb-saytda qidiruv vositasidan foydalansa, raqamli muzey ekspozitsiyasini tomosha qilsa, yoki fayl yuklab olish uchun oddiy ikonchani bossa, u aslida Kevin Hughes yaratgan internetning bir bo‘lagidan foydalanayotgan bo‘ladi.
Bugun biz sun’iy intellekt, kengaytirilgan reallik va markazlashmagan veb texnologiyalari davriga kirayotganimizda, har kuni yurayotgan raqamli yo‘llarimizni yaratgan insonlarni eslash muhimdir.
Kevin Hughes hech qachon eng shov-shuvli platformani yaratmagan, milliard dollarlik kompaniya sotmagan. Ammo u veb dunyoni qanday ko‘ramiz, qidiramiz va boshdan kechiramiz degan savollarning barchasiga yechim topgan. Shuning uchun biz Kevin Hughes’ni eslashimiz zarur, bu faqat hurmat uchun emas, balki sokin innovatsiyalar hamon dunyoni o‘zgartirayotgani haqida eslatmadir.
Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva
Fikr bildirish