
IT Park Uzbekistan xalqaro trening kompaniyasi Cert International tomonidan “Sifat menejmenti tizimi” ISO 9001:2015 sertifikati bilan taqdirlandi. Ushbu yutuq tashkilotda sifatni boshqarish bo‘yicha tizimli yondashuv joriy etilganini, ichki jarayonlarning xalqaro standartlarga muvofiq ravishda shaffof va samarali ekanini tasdiqlaydi.
Sertifikatni qo‘lga kiritish uchun IT Parkda ISO 9001:2015 standartlariga mos keluvchi zarur protsessual hujjatlarni ishlab chiqish va joriy etish maqsadida ishchi guruh tuzildi. Bu jarayonda barcha bo‘lim va bo‘linmalar rahbarlari faol ishtirok etishdi. Amalga oshirilgan jarayonlarning samaradorligini baholash uchun asosiy ko‘rsatkichlar va mezonlar belgilandi.
Keng qamrovli ishlarning natijasi sifatida IT Park muvaffaqiyatli auditdan o‘tdi va ISO 9001:2015 xalqaro standarti bo‘yicha sertifikat oldi.
Bundan tashqari, sifat menejmenti darajasini oshirish doirasida IT Parkning 30 nafar rahbar va xodimi maxsus treninglardan o‘tdi. Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan barcha ishtirokchilarga ISO 9001:2015 talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi xalqaro sertifikatlar topshirildi.
ISO 9001:2015 sertifikatining qo‘lga kiritilishi IT Park uchun muhim qadam bo‘lib, tashkilot, uning biznes jarayonlari va jamoasiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi. Ushbu yutuq xalqaro hamkorlarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar ochadi va IT Parkning global raqamli transformatsiya sharoitidagi pozitsiyasini kuchaytiradi.
Hozirda auditorlar tavsiyalari asosida sifat menejmenti tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda, bu esa tizimning uzoq muddatli samaradorligi va barqaror rivojlanishini ta’minlaydi.
Fikr bildirish