
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil yakunida O‘zbekiston iqtisodiyoti 6 foizga o‘sadi. 2025 yil uchun prognoz 5,8 foizni, 2026 yil uchun esa 5,9 foizni tashkil etadi. Bu Yevropa va Markaziy Osiyo (YeMO) mintaqasidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.
Jahon banki “Global iqtisodiy istiqbollar” nomli navbatdagi hisobotini e’lon qildi. Unda jahon iqtisodiyoti va mintaqalar, jumladan YeMO davlatlari uchun tendensiyalar, prognozlar hamda xatarlar tahlil qilingan.
Jahon banki iqtisodchilari ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 2024 yilda 6 foizga o‘sadi. 2025 yil uchun prognoz 5,8 foizni, 2026 yil uchun esa 5,9 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar oktabr oyida e’lon qilingan avvalgi prognozlar bilan mos keladi.
Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston hukumati 2024 yil uchun iqtisodiy o‘sishni 6,5 foiz deb baholab, mamlakat YaIM hajmini 115 milliard dollarga yetishini prognoz qilgan. 2025 yil uchun esa o‘sish sur’ati 6 foizni tashkil etishi va inflyatsiya 7-8 foizgacha pasayishi kutilmoqda.
YeMO mintaqasidagi tendensiyalar
Jahon bankiga ko‘ra, 2024 yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi iqtisodiy o‘sish sur’ati 3,2 foizgacha sekinlashgan. Bu asosan Rossiya va Turkiyada iqtisodiy o‘sishning pasayishi bilan bog‘liq.
Shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi mintaqadagi iqtisodiy faollikka salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda.
Inflyatsiyaning pasayish jarayoni to‘xtagan, mintaqadagi umumiy inflyatsiya darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Bazaviy inflyatsiya ko‘rsatkichlari esa pandemiyadan oldingi darajalardan ikki baravar yuqori.
Xomashyo narxlarining pasayishi vaziyatni biroz yumshatgan bo‘lsa-da, xizmatlar sohasidagi ishchi kuchiga bo‘lgan talabning yuqori bo‘lishi sababli mehnatga haq to‘lashdagi bosim saqlanib qolmoqda.
Pul o‘tkazmalari va iste’mol darajasi
Rossiya va Ukrainadagi urush oqibatida mintaqaga pul o‘tkazmalari pasayganiga qaramay, Janubiy Kavkazning ayrim mamlakatlarida bu ko‘rsatkich urushdan oldingi darajadan ham yuqori bo‘lib qolmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, Tojikistonga pul o‘tkazmalari barqaror darajada saqlanmoqda va bu aholi iste’molini qo‘llab-quvvatlashga yordam bermoqda.
Prognozlar
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, YeMO mintaqasida 2025 yilda iqtisodiy o‘sish 2,5 foizgacha sekinlashib, 2026 yilda 2,7 foizga ko‘tarilishi kutilmoqda.
Rossiya, Turkiya va Ukrainani hisobga olmaganda, mintaqa o‘sish sur’ati 2025-2026 yillarda 3,3 foizga yetishi kutilmoqda.
Inflyatsiya pasayishda davom etadi, bunga xomashyo narxlarining tushishi va mehnat bozori talabining pasayishi sabab bo‘ladi. 2025 yilda mintaqaning yarmida davlat qarzi oshishi prognoz qilinmoqda.
Xatarlar
Prognozga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pasayishi xavfi yuqori bo‘lib qolmoqda. Jahon banki ekspertlarining fikricha, global iqtisodiy siyosatdagi noaniqliklar saqlanib qolmoqda. Ayrim davlatlar tomonidan qo‘shimcha savdo cheklovlarining joriy etilishi mintaqadagi iqtisodiy holatni yanada yomonlashtirishi mumkin.
Barcha mintaqa davlatlarida harbiy xarajatlar oshgan. Rossiya va Ukraina urushi yanada keskinlashsa, vaziyatni yanada yomonlashtirishi mumkin.
Shuningdek, inflyatsiya darajasi pasayishi sekinlashishi, foiz stavkalarining yuqori darajada uzoq muddat saqlanishi iqtisodiy o‘sishni cheklashi mumkin.
Shuningdek, inflyatsiya darajasi pasayishi sekinlashishi, foiz stavkalarining yuqori darajada uzoq muddat saqlanishi iqtisodiy o‘sishni cheklashi mumkin.
Mintaqa uchun iqlim xavflari ham katta muammo bo‘lib qolmoqda. Haddan tashqari ob-havo hodisalari, masalan, qurg‘oqchilik va suv toshqinlari, iqtisodiy barqarorlikka jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Fikr bildirish