Press ESC to close

Kapital va risk: Venetsiyada boshlangan zamonaviy investitsiya tizimi

Hali hech kim “startap” demasdan, venchur sarmoyadorlar sahnaga chiqmasdan va texnologik inqilob boshlanmasdan oldin, bir shahar moliyaviy tarixda iz qoldirgan vositani ixtiro qilgan edi. U zamonaviy texnologiyalar markazi emasdi. Bu o‘rta asr Venetsiyasi edi – savdogarlar, dengizchilar va sarguzasht ixlosmandlaridan iborat suv ustidagi respublika. Va bu sayohatlarning ortida, hatto XI asrlardayoq boshlangan kuchli, ammo sodda g‘oya yotardi: kommenda.

Kommenda mantig‘i

Kommenda bu – kapital va xavf o‘rtasidagi hamkorlik edi. Kimdir pulga ega, kimdir esa bu pul bilan xavfli va murakkab ishni amalga oshirishga jasorat va mahoratga ega bo‘lgan. Bu g‘oya qaroqchilar haqidagi roman syujetiga o‘xshab ketishi mumkin, ammo aslida bu ilk huquqiy kelishuv – hozirgi biznes shartnomalariga o‘xshash hujjat bo‘lib, bank yoki korporatsiyalar mavjud bo‘lishidan bir necha asrlar oldin global savdo imkonini bergan. Ajablanarlisi, kommenda mantig‘i zamonaviy venchur kapital sxemalariga juda o‘xshash.

Odatda, kommendada bir tomon – boy savdogar yoki zodagon kapitalni taqdim etar edi. U “kommendator” deb atalgan. Ikkinchi tomon, “traktator” esa ko‘pincha kapitan yoki savdogar bo‘lib, u O‘rta yer dengizi orqali hatto undan ham uzoqroqqa suzishga, mahsulotlar sotish, foyda bilan qaytishga rozi bo‘lgan. Bunday sayohatlar oylar davom etgan. Bo‘ronlar, qaroqchilar, urush va kasalliklar oddiy xavf hisoblangan. Agar kemalar eson-omon qaytsa, foyda bo‘lingan. Agar qaytmasa – investor hammasini yo‘qotgan. Bu esa asl venchur kapital mantig‘i: yuqori xavf, yuqori foyda.

Shartnomalar, javobgarlik va ilk huquqiy innovatsiyalar

Bu kelishuv norasmiy yoki tasodifiy bo‘lmagan. U qonuniy kuchga ega, yozma, muhrlangan va ba’zida Venetsiya amaldorlari huzurida notarial tasdiqlangan shartnoma edi. Hujjatlarda hamma narsa batafsil yozilgan: qancha mablag‘ sarmoya qilinayotgani, qanday tovarlar bilan savdo qilinishi mumkinligi, foyda qanday taqsimlanishi, kechikish yoki yo‘qotish holatlarida nima bo‘lishi. Bugungi kunda ham ko‘plab kommenda shartnomalari Venetsiya davlat arxivida saqlanib qolgan va ularning barchasi o‘sha davrda Venetsiya huquq tizimi qanchalik ilg‘or bo‘lganini ko‘rsatadi.

Kommendaning eng ilg‘or jihatlaridan biri bu – javobgarlikni qanday tartibga solganidir. Agar sayohat muvaffaqiyatsiz tugasa, savdogar yo‘qotishlar uchun javobgar bo‘lmagan. Bu esa oddiy qarzlardan katta farq qiladi: odatiy kreditda qarzdor qanday bo‘lmasin qarzni qaytarishi kerak. Kommandada esa investor bu xavfni shartnomaning bir qismi sifatida qabul qilgan. Bu tamoyil – bugun biz “cheklangan majburiyat” deb ataydigan narsa – zamonaviy investitsiya tizimining asosiy tamoyillaridan biridir.

Kommenda turlari

Har bir kommenda bir xil bo‘lmagan. Ba’zilari “bir tomonlama” edi, ya’ni butun kapitalni faqat investor taqdim etgan. Bunday holatda, savdogar odatda foydaning taxminan 25 foizini o‘z mehnati uchun olgan, qolgan 75 foizi esa investorga tegishli bo‘lgan. Boshqa hollarda esa ikkala tomon ham mablag‘ kiritgan. Bular “ikki tomonlama” kelishuvlar deb atalgan va bunday hollarda foyda odatda 50/50 nisbatda taqsimlangan, bu esa tengroq hamkorlikni aks ettirgan.

Nega aynan Venetsiya?

Kommendani muvaffaqiyatli qilgan narsa faqat huquqiy tuzilma emas edi. Bu Venetsiyaning o‘ziga xosligida edi. Shahar geografik va madaniy jihatdan bunday moliyaviy vositani ixtiro qilishga ayni mos edi. Suv bilan o‘ralgan va keng qishloq xo‘jaligi yerlaridan uzilgan Venetsiya savdo kuchiga aylanishdan boshqa yo‘l topa olmagan. Shaharda malakali flot, xususiy tadbirkorlik anʼanalari va o‘rta asr davlatlarining ko‘pchiligidan farqli o‘laroq, savdo manfaatlarini faol himoya qilgan siyosiy tizim mavjud edi. Hatto Venetsiyada kemalar va yuklarning davlat reyestrlari yaratilgan bo‘lib, bu sarmoyadorlarga o‘z sayohatlarini kuzatishda yordam bergan.

Hukumat ham savdoni infratuzilma orqali qo‘llab-quvvatlagan. Venetsiya kelayotgan mahsulotlar uchun ulkan omborlar qurdi va xavflarni baham ko‘rish uchun dastlabki sug‘urta mexanizmlarini ishlab chiqdi. Ular o‘lchov va og‘irlik birliklarini standartlashtirdi, bu esa bitimlarning adolatli bo‘lishini taʼminladi va ishonchlilikni yaratdi. Ishonch esa sarmoya kiritishda muhim omildir.

Shu tarzda venetsiyalik savdogarlar Islom dunyosi, Konstantinopol, Iskandariya va undan nariga sayohat qila boshladi. Kommenda bilan moliyalashtirilgan safarlar orqali ular ziravorlar, ipak, fil suyagi, qimmatbaho toshlar va ekzotik mahsulotlarni olib keldi va bu mahsulotlar butun Yevropa bo‘ylab ulkan foyda evaziga sotildi. Bu foyda faqat shaxslarni boyitmadi – Venetsiya iqtisodiyotini ham qurishga xizmat qildi. Saroylar, cherkovlar, kutubxonalar va jamoat binolari ana shu dastlabki sarmoyalarning natijasida qad rostladi.

Albatta, kommenda o‘z chegaralariga ega edi. U eng yaxshi bir martalik sayohatlar uchun ishlagan. Bu uzoq muddatli bizneslar yoki yirik operatsiyalar uchun mo‘ljallanmagan edi. Ammo vaqt o‘tishi bilan, savdo kengayib, yangi moliyaviy vositalar paydo bo‘lishi bilan kommenda ruhi rivojlandi. O‘rta asrlar oxiri va Uyg‘onish davrida italiyalik savdogarlar doimiy kompaniyalar tuza boshladi, ulardan baʼzilari investorlarga ulush sotib olish va sotish imkonini berdi. Bular zamonaviy korporatsiyalarning ilk ajdodlari edi – va barchasi oddiygina kommendadan boshlangan edi.

Kommendaning Yevropaga tarqalishi

Venetsiyalik savdogarlar tobora jasurroq va boyroq bo‘la boshlagan sayin, ular g‘oyalari faqat shahar kanallari doirasida qolmadi. Boshqalar ham kommendaning kuchini payqay boshladi. Genuya, Piza va Florensiya kabi dengiz savdosi orqali boyib borayotgan shaharlar ham shunga o‘xshash shartnomalardan foydalanishni boshladi. Ayniqsa, Genuya bu moliyaviy vositani moslashtirish va yanada murakkab shakllarga keltirish bo‘yicha asosiy markazga aylandi.

Genuyada bu shartnoma collegantia deb nom olgan va bir nechta sarmoyadorlarga birgalikda bitta ekspeditsiyani moliyalashtirish imkonini bergan. Bu esa bugungi kunda “fond” deb ataladigan tizimning dastlabki shakllarini yaratdi. Endi bu faqat ikki tomonlama bitim emas edi – bir nechta sarmoyador bir savdogarni qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘ldi. Bu esa individual xavfni kamaytirib, sarmoya hajmini oshirdi.

Bu kichik o‘zgarish katta natijalarga olib keldi. U savdogarlarga yanada katta orzular qilish, kengroq ekspeditsiyalarni rejalashtirish va ilgari juda qimmat yoki xavfli hisoblangan bozorlarga kirishga yo‘l ochdi.

Kolumb ekspeditsiyasi

XV asrga kelib xavf va foydani bo‘lish tamoyili savdo sarmoyadorlari doirasidan chiqib, qirolliklar saroylariga ham kirib bordi. Bu evolyutsiyaning eng yaqqol misollaridan biri – Xristofor Kolumbning sayohati edi.

Kolumb yurishi rasmiy ravishda kommenda asosida bo‘lmagan bo‘lsa-da, mazmunan aynan shu tamoyilga asoslangan edi. Xristofor Kolumb Ispaniya qiroli va malikasi huzuriga kelib, g‘arbga suzib Osiyoga yetish haqidagi rejasini taqdim etishi, bu zamonaviy startup-pitch’ga o‘xshardi. Unda na kema, na jamoa, na Atlantika ortidagi yerlarning xaritasi bor edi. Biroq unda jasoratli g‘oya bo‘lgan. Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash evaziga u Ispaniyaga savdo yo‘llari, yangi yerlar va mislsiz boyliklarni va’da qildi. Malika Izabella va qirol Ferdinand ushbu yurishni moliyalashtirishga rozi bo‘ldi va ular “Santa-Fe kapitulyatsiyasi” deb nomlangan rasmiy bitimni imzoladi.

Ushbu bitim Kolumbga foydaning ma’lum ulushi, qahramonlik unvonlari va topilgan yerlarni boshqarish huquqini berdi. Ispaniya monarxiyasi moliyaviy xavfni o‘z zimmasiga oldi – xuddi dastlabki sarmoyador kabi. Agar yurish muvaffaqiyatsiz bo‘lsa, ular zarar ko‘rardi; agar omad kulib boqsa, butun foyda ularniki bo‘lardi. Kolumbning sayohati “davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kommenda”ning bir shakli edi – faqat xususiy savdogarlar o‘rniga sarmoyador imperiya edi.

Kolumb Osiyoning ziravorlarini topmagan bo‘lsa-da, Amerikaga yo‘l ochdi – bu esa Ispaniyaga yuz yillik mustamlakachilik, boylik va qudrat eshiklarini ochdi. Bu yurish tarixdagi eng dramatik risk asosidagi ekspeditsiyalardan biri bo‘lib, kommenda modeli qanchalik uzoqqa tarqalgani va rivojlanganini ko‘rsatadi.

Fond bozori tomon: Kommendaning merosi qanday davom etdi?

Bu g‘oyalar Yevropaning shimoliy hududlaridagi savdoga ham ta’sir o‘tkaza boshladi. Bryugge, Amsterdam va London kabi shaharlari yirik savdo markazlariga aylanar ekan, ular italyan modelini qabul qilib, o‘z iqtisodiyotlariga moslashtira boshlashdi. XVI-XVII asrlarga kelib, golland va ingliz savdogarlari tobora takomillashgan investitsiya tizimlaridan foydalanayotgan edi – bu esa dunyodagi ilk fond birjalarining paydo bo‘lishiga olib keldi.

Eng mashhur misol – 1602-yilda tashkil etilgan Gollandiya Sharqiy Hindiston kompaniyasi. U oddiy savdo shirkati emas, tarixdagi birinchi yirik aksiyadorlik jamiyati bo‘ldi. Investorlar kompaniya aksiyalarini sotib olib, uning faoliyatiga qarab dividendlar olishi mumkin edi. Bu tuzilma “kommenda” deyilmagan, lekin venetsiyaliklar yaratgan shartnomaning asosi – xavf va foydani bo‘lishish, uzoq masofalarga savdo qilish va kelajak uchun jasoratli qadamlar hanuz mavjud edi.

Venetsiya portlaridan Silikon vodiysigacha

Kommendadan aksiyadorlik jamiyatiga o‘tish tarixda burilish nuqtasi bo‘ldi. Ikki shaxs o‘rtasidagi oddiy bitim endi yirik miqyosli moliyaviy tizimga aylandi. Ushbu yangi model biz tanigan kapitalizm asosini yaratdi: venchur moliyalashtirish, cheklangan majburiyat, ommaviy bozorlar va boylik faqat mehnat bilan emas, balki riskni boshqarish orqali ham yaratilishi mumkin degan g‘oya.

Moliyaviy tizimlar tobora murakkablashgan bo‘lsa-da, kommenda ruhi saqlanib qoldi. Aslida, bu ishonch haqida edi – safarga, kafolatsiz natijaga, taraqqiyot riskka loyiq degan fikrga bo‘lgan ishonch. Bugungi kunda bu tarix har bir startapga kiritilgan venchur kapitali, har bir boshlang‘ich sarmoya va har bir orzusi uchun homiy qidirmoqchi bo‘lgan asoschida yashamoqda.

Eng hayratlanarlisi, ushbu tarix shohlar yoki armiyalar emas, balki savdogarlar va shartnomalar tomonidan harakatga keltirilgan. U saroylarda emas, balki portlar va bozor maydonlarida, begona odamlar qo‘l siqib, bitimlar tuzib, boyliklarini shamolda jo‘natgan joylarda qurilgan. Zamonaviy global iqtisodiyot sanoat bilan emas – ishonch bilan boshlangan. Va texno-milliarderlardan ancha oldin venetsiyalik savdogarlar dunyoga kelajak uchun qanday jasorat bilan sarmoya qilishni ko‘rsatib bergan edi.

Bugun birorta texnologik asoschi venchur kapitalistdan mablag‘ olayotgan bo‘lsa, u bexabar holda, ming yil avval Venetsiya portlarida boshlangan bir “raqs”ni takrorlamoqda. Kapital jasorat bilan uchrashadi. Boylik tasavvur bilan qo‘shiladi. Va kelajak har bir shartnoma orqali barpo etiladi.

Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan