Press ESC to close

Kelajak kasblari: qaysi sohalar porlaydi, qaysilari so‘nadi?

Mehnat dunyosi tub o‘zgarishlar yoqasida turibdi. 2030-yilga kelib, mavjud ish o‘rinlarining qariyb chorak qismi avtomatlashtirish, yangi ish o‘rinlarining yaratilishi yoki butunlay yo‘qolishi orqali o‘zgaradi. Texnologik innovatsiyalar, demografik siljishlar va ekologik muammolar, global megatendensiyalar tezlashar ekan, kompaniyalar ham, xodimlar ham bizning avlodimiz uchun eng katta mehnat bozoridagi o‘zgarishga tayyorlanmoqda.

Raqamlar nigohida: yangi ish o‘rinlari va yo‘qotishlar

So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030-yilgacha mavjud rasmiy ish o‘rinlarining 22 foizi sezilarli darajada o‘zgaradi. Shundan 14 foiz – ya’ni taxminan 170 million – yangi ish joylari bo‘lib, 8 foiz (92million) lavozim esa butunlay yo‘qoladi. 

Natijada, taxminan 78 millionta sof ish o‘rni qo‘shiladi, bu esa hozirgi mehnat kuchining 7 foiziga teng.

Ammo bu raqamlar faqatgina tanganing bir tomonini ko‘rsatadi. Eng muhim jihat — qaysi ish o‘rinlari ortib borayotgani va boshqalari nega yo‘qolayotganida.

Eng tez o‘sayotgan kasblar va ularni rivojlantirayotgan omillar

Bugungi kunda eng tez rivojlanayotgan kasblar texnologiya bilan bog‘liq: sun’iy intellekt va mashinali o‘rganish mutaxassislari, katta ma’lumotlar tahlilchilari, dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar va fintex muhandislari -bularning barchasiga bo‘lgan ehtiyoj kun sayin ortib bormoqda. Bu sohalardagi yuksalishning sabablari – AI rivoji, raqamli infratuzilmaning kengayishi, va robototexnika hamda axborotni qayta ishlash texnologiyalaridagi yutuqlardir.

Texnologiyaga parallel ravishda, yashil iqtisodiyotdagi kasblar ham jadallik bilan rivojlanmoqda. Global iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish borasidagi harakatlar natijasida qayta tiklanuvchi energiya muhandislari, atrof-muhit olimlari va elektr transport vositalari bo‘yicha mutaxassislar kabi kasblarga ehtiyoj ortib bormoqda. Yashillikka o‘tish nafaqat sayyorani asrash haqida — balki butunlay yangi mehnat bozorini shakllantirish haqida.

Bundan tashqari, iqtisodiyotning asosiy kasblari ham sezilarli o‘sishga ega: qishloq xo‘jaligi ishchilari, yetkazib beruvchilar, quruvchilar va chakana savdo xodimlari. Ularning kengayishiga demografik o‘zgarishlar, shaharsozlik rivoji, iste’molchi talabining oshishi va yashash xarajatlarining ko‘tarilishi sabab bo‘lmoqda. Masalan, faqatgina qishloq xo‘jaligida ishchilar soni 2030-yilgacha 35 millionga oshishi kutilmoqda.

Keksayib borayotgan aholiga ega mamlakatlarda parvarish iqtisodiyoti jadal rivojlanmoqda. Hamshira mutaxassislari, shaxsiy parvarish bo‘yicha yordamchilar va ijtimoiy ishchilar sog‘liqni saqlash tizimlarining kengayishi va jamiyatlarning keksalarga g‘amxo‘rlik qilishga tayyorgarligi sababli katta o‘sishga erishishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, ta’lim sohasidagi ish o‘rinlari ham ortmoqda, ayniqsa mehnat yoshidagi aholisi katta yoki tez o‘sayotgan mamlakatlarda. O‘rta, oliy va kasbiy ta’limdagi o‘qituvchilar — eng talab yuqori bo‘ladigan kasblardan biri bo‘ladi.

Geosiyosiy beqarorlik esa kiberxavfsizlik, razvedka va strategik biznes rejalashtirish kabi sohalarda ish o‘rinlarining yaratilishiga hissa qo‘shmoqda. Savdo aloqalarining parchalanib borayotgani va milliy xavfsizlik xavotirlarining ortib borishi sababli, xavfsizlik tahlilchilari, strategik maslahatchilar va biznes razvedkasi mutaxassislariga bo‘lgan talab ortmoqda.

Bundan tashqari, yashash xarajatlarining ko‘tarilishi va samaradorlik ehtiyoji sababli ta’minot zanjiri bo‘yicha ekspertlar, logistika menejerlari va optimallashtirishga ixtisoslashgan sun’iy intellekt mutaxassislari ham tobora ko‘proq talab qilinmoqda.

Xavf ostidagi kasblar: Kimlar ishsiz qolmoqda

Ayni paytda, ba’zi kasblar sezilarli xavf ostida. Avtomatlashtirishga eng qulay bo‘lgan sohalarda ish o‘rinlari qisqarib bormoqda. Jumladan: kotiblar, ma’lumot kirituvchilar, kassirlar, bank operatorlari, boshqaruv assistentlari va pochta xodimlari. Sun’iy intellekt va dasturiy ta’minot bu vazifalarni tezkor, arzon va aniq bajara oladi. Bosmaxona ishchilari, buxgalterlar, auditorlar va hatto grafik dizaynerlar ham generativ AI sabab qisqarish yoqasida. Endilikda logotiplar va vizual materiallarni AI bir necha soniyada tayyorlay oladi. Shuningdek, huquqiy kotiblar soni ham kamaymoqda, chunki yuridik firmalar avtomatlashtirilgan hujjatlar va sun’iy intellekt yordamidagi tadqiqotlarga o‘tmoqda. Umuman olganda, AI, robototexnika va raqamli tizimlar 2030-yilgacha 5 million ish o‘rnini butunlay egallashi mumkin. Aholi sonining pasayishi va iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi esa savdo, xizmat ko‘rsatish va menejment sohalarida talabni kamaytirmoqda – ayniqsa rivojlangan davlatlarda.

Bu nimani anglatadi

Bu o‘zgarishlar raqamlargagina emas – balki tanlovlar haqida. Ishchilar uchun bu yangi ko‘nikmalarni tez egallab, eng tez o‘sayotgan sohalarga moslashishni anglatadi. Kompaniyalar uchun esa bu tezkor texnologik o‘zgarishlar va global dinamikalarga moslasha oladigan iqtidorlarga sarmoya kiritishni anglatadi.

Kelajakdagi mehnat bozori barcha hududlarga teng taqsimlanmaydi. Ba’zi mintaqalar avtomatlashtirish ta’sirini kuchliroq his qiladi, boshqalari esa aholi o‘sishi, yashil infratuzilma loyihalari yoki texnologiya asosidagi ish o‘rinlaridan foyda ko‘radi.

Lekin bir narsa aniq: 2030-yil mehnat bozorida muvaffaqiyatli harakat qilish uchun chaqqonlik, yangilikka ochiqlik va uzluksiz o‘rganishga sodiqlik zarurdir. Kimki bu o‘zgarishlarni qabul qila olsa — undan ochiladigan imkoniyatlar har qachongidan ham kengroq bo‘lishi mumkin.

Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan