
O‘zbekiston Milliy banki 2027-yilgacha ma’lumotlarni boshqarish tizimini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Ushbu loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. Bu haqda 27-fevral kuni milliy bank hamda KPMG tomonidan o‘tkazilgan forumda ma’lum qilindi. Forumda ma’lumotlarni boshqarish va taqdim etishning yangi modeliga o‘tish masalalari muhokama qilindi.
Loyihalar, jarayonlar va ma’lumotlarni boshqarish departamenti direktori Go‘zal Raximovaning so‘zlariga ko‘ra, “Avtomatlashtirilgan tahliliy axborot tizimi” (“Automated Data Reporting” – ADR) yaratish Milliy bank va tijorat banklari o‘rtasida ma’lumot almashish va tahlil qilish jarayonlarini osonlashtiradi. Jahon banki texnik ko‘magida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha doirasida tijorat banklari bilan ish olib borilmoqda. KPMG mutaxassislari esa o‘tish jarayoni va tizimni ishga tushirishda yordam bermoqda.
“Milliy bank 2000-yillar boshlaridayoq samarali ma’lumotlarni yig‘ish tizimlarini yaratgan. Biroq, o‘sha vaqtdagi va hozirgi ma’lumotlar hajmi o‘rtasida katta farq bor. Hozirda esa yanada keng qamrovli tizim ishlab chiqilmoqda. Dastlab, ma’lumotlarni to‘plash jarayonini to‘liq o‘rganishimiz kerak edi”, — dedi Raximova.
Uning ta’kidlashicha, tizimni 2027-yilgacha ishga tushirish rejalashtirilgan, ammo bu kabi loyihalarni rivojlangan davlatlar regulyatorlari o‘nlab yillar davomida ishlab chiqishadi.
Bundan tashqari, kelajakda tizimni sun’iy intellekt bilan integratsiya qilish rejalashtirilgan.
KPMG Kavkaz va Markaziy Osiyo texnologik amaliyoti bo‘yicha direktori Mixail Ivanetsning so‘zlariga ko‘ra, platforma ikki bosqichda ishlab chiqiladi. Birinchi bosqichda Milliy bankning tartibga soluvchi va ichki ma’lumotlarni boshqarish jarayonlari uchun integratsiyalashgan model yaratiladi. Ikkinchi bosqichda esa ma’lumotlarni aniqlash, yig‘ish, sifat nazorati, saqlash, qayta ishlash, tahlil qilish va vizuallashtirish jarayonlarini avtomatlashtiruvchi ADR tizimi ishlab chiqilib, joriy etiladi.
KPMG Kavkaz va Markaziy Osiyo texnologik amaliyoti bo‘yicha hamkori Oksana Borisova ushbu tizimni yaratishda quyidagi jihatlar inobatga olinganini ta’kidladi:
- Milliy bankka tartibga soluvchi ma’lumotlarni tayyorlash va taqdim etishda nazorat ostidagi tashkilotlarga yukni kamaytirish;
- Nazoratni amalga oshirish uchun ma’lumotlarni yetarli darajada, sifatli va o‘z vaqtida olish;
- Ma’lumotlarni uzatish va saqlash xavfsizligini ta’minlash.
Borisovaning ta’kidlashicha, bunday tizimlar dunyo bo‘ylab regulyatorlar tomonidan joriy etilgan bo‘lib, jumladan, Angliya banki, Yevropa Markaziy banki, Singapur pul-kredit boshqarmasi, Yaponiya banki hamda Rossiya Markaziy banki tomonidan ham qo‘llanilgan.
Avvalroq Milliy bank mikroqarzlarning to‘liq qiymatini cheklashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi. Mikroqarzlar bo‘yicha kunlik foiz stavkasi 0,3% dan 0,25% gacha pasaytirilmoqda. Shuningdek, muddatli to‘lov va lizing qarz yuki ko‘rsatkichida hisobga olinadi.
Fikr bildirish