
McDonald’s o‘zining 43 000 dan ortiq restoranini zamonaviy texnologiyalar bilan yangilash jarayonini boshladi. Jarayon internetga ulangan oshxona uskunalari, sun’iy intellekt asosidagi tizim hamda menejerlar uchun aqlli boshqaruv vositalarini o‘z ichiga oladi.
Kompaniyaning bosh maqsadi – mijozlar va ishchilarga yanada samarali va qulay tajriba yaratish. McDonald’s bosh axborot direktori Brayan Raysning ta’kidlashicha, hozirgi kunda xodimlar nosoz jihozlar, noto‘g‘ri buyurtmalar kabi muammolarga duch kelishmoqda.
“Restoranlarimiz juda jiddiy bosim ostida ishlaydi. Kassada mijozlar, drive-through orqali buyurtma beruvchilar, yetkazib beruvchilar – bularning barchasi ish yuklamasini oshiradi. Texnologik yechimlar esa bu yukni yengillashtiradi”, – deydi Rays.
Bu investitsiyalar McDonald’s uchun muhim davrda amalga oshirilmoqda. Yanvar oyida AQShda restoranlar savdosi sustlashdi, bu esa butun fast food sanoatida kuzatilayotgan pasayishning bir qismidir. Kompaniya kam daromadli mijozlar va oilalar moliyaviy bosim ostida qolayotganini qayd etgan. McDonald’s 2027-yilgacha sodiq mijozlar sonini 175 milliondan 250 millionga oshirmoqchi, buning uchun texnologik imkoniyatlarini kengaytirishga harakat qilmoqda.

McDonald’s bosh axborot direktori Brayan Rays
2023-yil oxirida “McDonald’s ushbu maqsadi yo‘lida Google Cloud bilan hamkorlikni qilishni boshladi. Bu tashabbus har bir restoranda ma’lumotlarni mahalliy darajada qayta ishlash va tahlil qilish imkonini beruvchi edge computing texnologiyasini joriy etishni nazarda tutadi. Ushbu yondashuv uzoq hududlardagi beqaror bulutli ulanishlarga bog‘liq bo‘lmaslik uchun tezroq va iqtisodiy jihatdan samaraliroq yechim hisoblanadi” – deydi Rays.
Rays 2022-yilda McDonald’sga qo‘shilgan bo‘lib, unga qadar Cardinal Health kompaniyasida bosh axborot direktori sifatida faoliyat yuritgan. Shuningdek, u avvalroq Kellogg, Mars va General Motors kabi yirik kompaniyalarda texnologik rahbar lavozimida ishlagan.
Edge computing texnologiyasi McDonald’s oshxona uskunalarining ishlash holatini oldindan bashorat qilish imkonini beradi. Masalan, fritözlar yoki mashhur McFlurry muzqaymoq mashinalarining buzilish ehtimoli AI orqali oldindan aniqlanishi mumkin. McDonald’s yetkazib beruvchilari allaqachon oshxona uskunalariga maxsus datchiklar o‘rnatishni boshlagan, ular edge computing tizimiga real vaqtda ma’lumot yetkazib beradi. Sun’iy intellekt esa ushbu ma’lumotlarni tahlil qilib, muammolar yuzaga kelishidan oldin ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishga yordam beradi.
McDonald’s buyurtmalarning to‘g‘riligini tekshirish uchun sun’iy intellekt asosidagi kompyuter ko‘rigi texnologiyasini o‘rganmoqda. Raysning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tizim do‘kon ichiga o‘rnatilgan kameralar orqali ishlaydi va buyurtma mijozga berilishidan oldin uning aniqligini tasdiqlash imkonini yaratadi.
“Agar bu muammolarni ular yuzaga kelishidan oldin bartaraf qila olsak, kelajakda operatsion jarayonlar ancha silliq kechadi”, – deya qo‘shimcha qiladi Rays.

McDonald’s 2024-yilda AQShning ayrim restoranlarida edge computing texnologiyasini sinovdan o‘tkazishni boshladi va yil davomida uni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya ayni paytda nechta restoran ushbu tizim bilan ishlayotganini va jarayonning qachon to‘liq yakunlanishini oshkor etmagan.
Shuningdek, edge computing texnologiyasi joriy etilishi McDonald’s drive-through tizimlarida ovozli sun’iy intellektni ishga tushirish imkonini beradi. Raysning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya ushbu imkoniyatni Google Cloud bilan hamkorlikda o‘rganmoqda. McDonald’s 2019-yildan beri ovoz bilan boshqariladigan drive-through tizimlari va robotlashtirilgan fritözlar ustida tajriba o‘tkazib keladi. 2024-yilda esa u International Business Machines (IBM) bilan avtomatlashtirilgan buyurtma qabul qilish bo‘yicha hamkorlikni to‘xtatdi.
Bundan tashqari, edge computing texnologiyasi restoran menejerlariga operatsion jarayonlarni samarali boshqarishda yordam beradi. Raysning ta’kidlashicha, kompaniya menejerlarning ish yukini kamaytirish maqsadida “generativ AI virtual menejer” yaratish ustida ishlamoqda. Ushbu tizim ish smenalarini rejalashtirish kabi ma’muriy vazifalarni avtomatlashtiradi. Fast food sanoatida bunday texnologiyalarni sinovdan o‘tkazayotgan yagona kompaniya McDonald’s emas. Masalan, Yum Brands o‘zining Pizza Hut va Taco Bell brendlari uchun shunga o‘xshash imkoniyatlarni o‘rganmoqda.
Google Cloud’ning chakana savdo va iste’mol tovarlari bo‘yicha boshqaruvchi direktori Xose Gomesga ko‘ra, McDonald’s fast food sohasida edge computing texnologiyasidan foydalana boshlagan ilk kompaniyalardan biri bo‘lsa-da, bu borada yolg‘iz emas. Ushbu texnologiya tarqalgan jismoniy lokatsiyalarga ega har qanday sohada, shu jumladan, shifoxonalar va fabrikalarda ham keng qo‘llanilishi kutilmoqda.
Garchi McDonald’s texnologik transformatsiyada birinchilardan bo‘lsa ham, kompaniya muayyan qiyinchiliklarga duch kelishi kutilmoqda. Gartner bozor tadqiqotlari va IT-konsalting firmasining chakana savdo bo‘yicha tahlilchisi Sandip Unnining fikriga ko‘ra, asosiy muammolar xarajatlar hamda texnologiyalarni franshiza va korporativ restoranlarga bir xilda tatbiq etishdagi murakkablik bo‘lishi mumkin. McDonald’s esa bu boradagi investitsiyalar hajmini oshkor qilishdan bosh tortadi.
Shunga qaramay, Unnining ta’kidlashicha, McDonald’s tez xizmat ko‘rsatish restoranlari orasida raqamli texnologiyalarga sarmoya kiritish borasida nisbatan tajovuzkor yondashuvga ega. Bundan tashqari, kompaniya mijozlar haqida ulkan hajmdagi ma’lumotlarni yig‘ib kelayotgani unga sodiq mijozlar bazasini kengaytirish va mijoz tajribasini yaxshilash bo‘yicha ustunlik qiladi.
Sun’iy intellekt ushbu mijoz ma’lumotlaridan foydalanib, shaxsiy va aksiyalarni taklif qilish imkonini beradi. Masalan, AI mijozlarning avvalgi xaridlar tarixini ob-havo ma’lumotlari bilan bog‘lash orqali individual tavsiyalar bera oladi.
“Agar biz bir mijozning shirinliklarni yaxshi ko‘rishini bilsak, issiq yoz kunida unga mobil ilova orqali McFlurry uchun maxsus taklif yuborishimiz mumkin,” – deydi Rays.
Tayyorladi: Zuhraxon Mansurova
Fikr bildirish