Press ESC to close

Meta Llama sun’iy intellekt modelini o‘zbek tilida ishlashga moslashtirishni ko‘zlamoqda

Meta kompaniyasi o‘zining sun’iy intellekt modeli — Llama’ni davlat veb-saytlariga integratsiya qilish va mutaxassislarni ochiq kodli texnologiyalar asosida ishlashga tayyorlash niyatida ekanligini bildirdi.

Raqamli texnologiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha Meta kompaniyasiga takliflar bildirgan.

Mazkur masalalar Senura Abeyvardena — Meta’ning Markaziy Osiyo, Mo‘g‘uliston, Shri-Lanka va Maldiv orollari uchun mas’ul vakili ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda muhokama qilindi. Muloqot davomida sun’iy intellekt va onlayn ta’lim yo‘nalishlarida hamkorlik qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda vazirning birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos Adliya vazirligi bilan hamkorlikda yaratilgan Lex AI chat-boti haqida to‘xtaldi. Ushbu chatbot Llama modelidan foydalangan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, fuqarolarga davlat xizmatlaridan foydalanish va rasmiy hujjatlarni tayyorlashda ko‘mak beradi.

Shuningdek, Nvidia bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbir va unda 300 nafar ixtisoslashgan universitet talabalari qatnashishi haqida so‘z bordi. Shu kabi tashabbusni Meta bilan ham amalga oshirish taklif etildi.

Vazir o‘rinbosari Rustam Karimjonov esa may oyida ishga tushiriladigan “1M AI Prompters” (1 million sun’iy intellekt yaratuvchisi) onlayn platformasi haqida axborot berdi va Meta kompaniyasining ta’lim kurslarini ushbu platformada joylashtirish bo‘yicha fikr bildirdi.

O‘z navbatida, Senura Abeyvardena sun’iy intellektni o‘zbek tilida rivojlantirish va mahalliy ma’lumotlar bazasi infratuzilmasini yaratish tashabbusini ilgari surdi. U Tayvan hamda Qozog‘istonda amalga oshirilgan loyihalarning muvaffaqiyatli natijalarini misol qilib keltirdi.

Meta vakili, shuningdek, kompaniya tomonidan Llama modelini davlat saytlariga tatbiq etish va mutaxassislar uchun virtual treninglar o‘tkazishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi. Bu jarayonda modellarni o‘rgatish va ochiq kodli dasturlar bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Yevrokomissiya tomonidan Apple va Meta kompaniyalariga mos ravishda 570 million va 228 million dollar miqdorida jarima belgilangan edi. Ushbu choralar kompaniyalarning monopoliyaga qarshi qonunlarni buzishi bilan bog‘liq bo‘ldi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan