
Microsoft tibbiyot xodimlari ishini yengillashtirish maqsadida “Dragon Copilot” sun’iy intellekt yordamchisini taqdim etdi. Yangi texnologiya hujjatlarni avtomatlashtirish va ma’lumotlarni tezkor qidirish orqali shifokorlarning yuklamasini kamaytirishga yordam beradi.
“Dragon Copilot” “Dragon Medical One” (ovozli qaydlar va kasallik tarixini yuritish) hamda “DAX Copilot” (tibbiy hujjatlarni avtomatlashtirish) texnologiyalarini o‘zida jamlagan. Bu tizimlar 2021-yilda Microsoft tomonidan sotib olingan Nuance Communications tomonidan ishlab chiqilgan.
AI yordamchisining asosiy imkoniyatlari:
- Real vaqt rejimida tibbiy qaydlarni avtomatik yaratish va to‘ldirish
- Qabul natijalari va tavsiyalarni avtomatik shakllantirish
- Tibbiy ma’lumotlarni ishonchli manbalardan izlash
- Shifokorlarning so‘rovlariga tezkor javob berish
- AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi kabi nufuzli manbalarga havola berish
“Dragon Copilot” mobil ilova, brauzer va ish stolida ishlaydi. Dastur 2025-yil may oyida AQSh va Kanadada ishga tushiriladi. Keyinchalik Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Niderlandiyada ham foydalanish mumkin bo‘ladi.
Microsoft hozircha obuna narxini e’lon qilmagan.
Avvalroq Google ham shifokorlarning tushunarsiz yozuvlarini aniqlash uchun Google Lens ilovasiga maxsus funksiya qo‘shgani ma’lum bo‘lgandi.
Fikr bildirish