Press ESC to close

MIT tadqiqoti: ChatGPTdan foydalanish miya faoliyati, xotira va mustaqil fikrlashga to‘sqinlik qilishi mumkin

Massachusets texnologiya instituti (MIT) Media laboratoriyasi tomonidan olib borilgan so‘nggi tadqiqot ChatGPT kabi generativ sun’iy intellekt vositalarining kognitiv jarayonlarga ta’siri borasida jiddiy xavotirlarni yuzaga chiqardi. Hozirda preprint shaklida e’lon qilingan ushbu tadqiqot natijalari, ayniqsa, yozish kabi ijodiy faoliyatlarda ushbu texnologiyalarga tez-tez murojaat qilish inson miyasining faoliyati, xotira qobiliyati va mustaqil fikrlash kuchining sezilarli pasayishiga olib kelishini ko‘rsatmoqda. Tadqiqotchilar buni “kognitiv qarz” deb atashmoqda — ya’ni, vaqt o‘tishi bilan insonning mustaqil fikrlash va qaror qabul qilish salohiyatining susayishi.

Tajriba: sun’iy intellekt va inson aql-zakovati

ChatGPT’dan foydalanish kognitiv jarayonga qanday ta’sir qilishini baholash uchun MIT tadqiqotchilari uch guruh ishtirokchilarni o‘z ichiga olgan nazorat ostidagi tajribani ishlab chiqdilar. Har bir guruhga bir xil vazifa berildi: insho yozish. Birinchi guruhga topshiriqni ChatGPT yordamida bajarish, ikkinchisiga an’anaviy internet qidiruv tizimidan foydalanish, uchinchi guruhga esa faqat o‘z bilimi va mulohazalariga tayanib insho yozish vazifasi topshirildi. Topshiriq davomida ishtirokchilarning miya faoliyati elektroensefalogramma (EEG) skanerlari orqali kuzatib borildi.

Natijalar keskin farq qildi. ChatGPT guruhi miyaning xotira, diqqat va fikrlash bilan bog‘liq qismlarida eng past neyron faolligini namoyish etdi. Bu guruh ishtirokchilari, shuningdek, so‘ralganda o‘z insholarining mazmunini eslay olmadilar. Bundan farqli o‘laroq, hech qanday vositadan foydalanmagan guruhda kognitiv faollikning yuqori darajasi va xotira sezilarli darajada yaxshilanganligi kuzatildi.

Uzoq muddatli ta’sirlar va ikkinchi bosqich sinovlari

Tajribaning ikkinchi bosqichida barcha ishtirokchilarga yana bir bor ayni insho yozish vazifasi berildi — bu safar hech qanday tashqi yordam vositalarisiz. Natijalar yana bir bor sun’iy intellektdan foydalanishning uzoq muddatli kognitiv salbiy oqibatlarini ko‘rsatdi. Ilgari ChatGPT’ga tayanganlar ancha yomon natija ko‘rsatib, baholovchilar “bir tomonlama va sayoz” deb ta’riflagan insholar yozishdi. Bu ishtirokchilar nafaqat yozgan matnlarini eslab qolishda qiynalishgan, balki o‘z ishlariga bo‘lgan bog‘liqlik hissi ham pasayganini bildirganlar.

Tadqiqotchilarning fikricha, bu holat “kognitiv qarz” ni tasdiqlaydi — ya’ni, inson fikrlash, xotira va ijodkorlikda tobora sun’iy intellektga bog‘lanar ekan, u o‘z intellektual mustaqilligini asta-sekin yo‘qotadi. Bunday bog‘liqlik esa uni noto‘g‘ri ma’lumotlarga ishonishga, manipulyatsiyaga uchrashga va ruhiy turg‘unlikka olib kelishi mumkin.   

Chuqurroq psixologik muammolar

Tadqiqot shuningdek, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan kontentni tanqidsiz qabul qilishning psixologik xavflarini ham ta’kidlaydi. Mualliflarning ta’kidlashicha, foydalanuvchilar ChatGPT kabi modellardan olingan takliflarning to‘g‘riligi yoki dolzarbligini baholamasdan nusxa ko‘chirganlarida, ular yuzaki yoki hatto noto‘g‘ri qarashlarni o‘zlashtirib olishlari ehtimoli yuqori. Bu nafaqat foydalanuvchining intellektual mustaqilligini pasaytiradi, balki uning o‘z ishiga bo‘lgan hissiy bog‘lanishini ham kamaytiradi.

Qiziq tomoni shundaki, EEG tekshiruvlari faqat o‘z fikriga tayanib ishlagan ishtirokchilarda nafaqat miya faolligi yuqori bo‘lganini, balki miyaning turli qismlari o‘rtasidagi aloqa ham kuchliroq ekanligini ko‘rsatdi. Bu odamlar keyinchalik o‘z insholarini yaxshiroq eslay oldilar va muhokama qila oldilar, o‘z ishlaridan ko‘proq mamnunlik his qildilar hamda ijodiy jarayonga nisbatan kuchliroq egalik tuyg‘usini namoyon etdilar.

Kelgusidagi oqibatlari

Tadqiqotni olib borgan olimlar ChatGPT kabi vositalardan umuman voz kechishni emas, balki ulardan ehtiyotkor va muvozanatli foydalanish zarurligini ta’kidlaydilar. Ularning fikriga ko‘ra: “LLM modellarini (katta til modellari) insoniyatga foydali vosita sifatida baholashdan avval, ularning inson tafakkuriga, o‘rganish jarayoniga va ijodiy salohiyatga qanday ta’sir qilayotganini chuqur o‘rganish lozim.” Mazkur tadqiqot sun’iy intellekt vositalarining haddan tashqari ko‘p qo‘llanilishi kognitiv qobiliyatlarning — ayniqsa ta’lim va ijodkorlik sohalarida — zaiflashishiga olib kelishi mumkinligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Sun’iy intellekt kuchli yordamchi bo‘lishi mumkin. Biroq u inson tafakkurining o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Ayniqsa, mustaqil fikrlash, xotira va ijodiy yondashuv kabi muhim qobiliyatlar uchun sun’iy emas, haqiqiy fikr faolligi zarur. Raqamli asrda inson aqlining qadri yo‘qolib ketmasligi uchun sun’iy intellekt vositalaridan ongli va tanqidiy asosda foydalanish eng muhim strategiyalardan biridir.

Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan