Press ESC to close

Murod Parmonov va pDaftar: startap qanday muammolarni hal qilmoqda?

O‘zbekistonda startap ekotizimi jadal rivojlanishda davom etmoqda. Texnologiyalar va tadbirkorlikning muvaffaqiyatli vakillaridan biri Murod Parmonov o‘zining pDaftar ilovasi va boshqa startaplari bilan bu sohada o‘z o‘rnini topdi. pDaftar kichik va o‘rta bizneslar uchun moliyaviy boshqaruvni osonlashtirib, mintaqadagi texnologik rivojlanishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Bu intervyuda biz Murod Parmonovdan uning startaplari, innovatsiyalari, qiyinchiliklari va xalqaro bozorga chiqish rejalari haqida suhbatlashamiz.

— Startaperlik yo‘lida sizni ilhomlantirgan asosiy omillar nima edi?
— Dasturchi sifatida yaratgan dasturimdan minglab insonlar foydalangani menga kuchli ilhom beradi. Biror loyiha muvaffaqiyat qozonsa, u yuz minglab odamlarning muammolarini hal qilishga yordam berishi mumkin. Bu men uchun juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan omil edi. Shuningdek, startaperlik orqali yaxshi daromad topish imkoniyati ham mavjud. Insonlar muammolariga yechim taklif qilish orqali nafaqat ularga yordam berasiz, balki moliyaviy muvaffaqiyatga ham erishishingiz mumkin. Mana shu maqsadlar va yaxshi niyatlar bilan startaperlik sohasiga qadam qo‘ydim.

— pDaftarni yaratishga qanday ehtiyojlar va muammolar sabab bo‘ldi?
— Bir tadbirkor do‘stim bilan uchrashishga kelishib olardik, ammo u hech bo‘sh vaqt topolmasdi. Doim qarz daftaridagi muammolar yoki boshqa ishlar bilan band edi. Bu meni o‘ylantirib qo‘ydi: qanday qilib do‘stimga yordam bera olaman? Shu tarzda qarzlarni eslatib turadigan dastur yaratish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, qo‘shnimiz ham qarzlarni oddiy daftar yordamida boshqarardi. Shu muammolarni inobatga olib, jamoa yig‘dim va maxsus sayt (mobil ilova) yaratishni boshladik.

— Tadbirkorlikning ilk darvlarida qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz va ulardan qanday saboq oldingiz?
— Men hali o‘zimni muvaffaqiyatli tadbirkor deb hisoblamayman, hozir faqat muayyan bosqichlarga o‘tish jarayonidaman. Shu paytgacha o‘rgangan eng muhim saboqlarimdan biri — kerakli vaqtda “yo‘q” deya olish. Bu, albatta, to‘g‘ri qarorlar qabul qilish uchun juda muhim.

— pDaftar’ning asosiy funksiyalari va undan foydalanish afzalliklari haqida gapirib bersangiz
— Hozirda pDaftar’ning asosiy funksiyasi qarzdorlikni boshqarishdan iborat. Masalan, sizning oziq-ovqat do‘koningiz bor va doimiy ravishda mahsulotlarni qarzga oluvchi mijozlaringiz mavjud. pDaftar mana shu qarzlarni ham sizga, ham mijozingizga eslatib turish vazifasini bajaradi. Bu esa hisob-kitoblarni tartibga soladi va esdan chiqishlarning oldini oladi.

— Startaplaringizda erishilgan muvaffaqiyatlar haqida bo‘lisha olasizmi?
— Startapimiz hali boshlang‘ich bosqichda, shuning uchun katta yutuqlarga erishganimiz yo‘q. Ammo meni quvontirgan bir voqea: yaqinda bir foydalanuvchimiz pDaftar’dan 1 yillik obuna sotib oldi. Bu, albatta, kichik yutuq bo‘lsa-da, biz uchun katta ahamiyatga ega va faqat boshlanishi deb ayta olaman.

Bundan tashqari, 2024-yil 25-aprel kuni O‘zbekiston FinTech Assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan WERISE Business Accelerator dasturida pDaftar loyihasi 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi va 5000 AQSH dollari miqdorida mukofot jamg‘armasini yutib oldi. Bu g‘alaba xalqaro investorlar va mutaxassislar bilan uchrashish imkoniyatini taqdim etdi. Ushbu muvaffaqiyat bizni ilhomlantirdi va startapimizni yanada rivojlantirish uchun kuch berdi.

Kelgusida biz xalqaro bozorga chiqish, yangi texnologiyalarni joriy qilish va bizneslar uchun innovatsion yechimlarni taqdim etishda davom etamiz.

— pDaftar xalqaro bozorga chiqishi uchun qanday strategiyalarni rejalashtiryapsiz?

— Xalqaro bozorga chiqishdan oldin, avvalo O‘zbekistonda bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar bor. Hozir aynan shu strategiyalarni ishlab chiqyapmiz. Masalan, Dedcollection tizimi — bu orqali bank tizimlari bilan integratsiya amalga oshiriladi. Bu tizim biznes egalari uchun mijozlardan qarzlarni qaytarib olishga yordam beradi. Ayni vaqtda, investorlar va banklar bilan kelishuv jarayonidamiz. Nasib qilsa, tez orada ushbu strategiyaning natijalarini ko‘rsatamiz.

Strategiyaning keyingi bosqichi esa MDH davlatlarini qamrab olishdir. Chunki bu mintaqada qarzga savdo qilish qadriyati keng tarqalgan va pDaftar ularga yordamchi bo‘lishiga ishonaman.

— Boshqa startap loyihalaringiz haqida qisqacha gapirib bersangiz
— Yana bir startapim — Termiz shahridagi ZUMDA taom yetkazish xizmati. Ushbu loyiha doirasida hozirgacha 7000 dan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatildi. Bugungi kunda men asosan pDaftar va ZUMDA loyihalari bilan shug‘ullanib kelmoqdaman.

— O‘zbekiston startap ekotizimining asosiy kuchli va zaif tomonlari haqida fikringiz qanday?
— O‘zbekistonda dasturchilarni ko‘paytirish bo‘yicha juda ko‘p loyihalar amalga oshirilmoqda, bu ekotizimning kuchli tomonlaridan biri. Biroq ularni saralash va samaradorligini aniqlash uchun yetarli imkoniyatlar hali yo‘q.
Stripe, PayPal kabi xalqaro to‘lov tizimlari startaplarni xalqaro bozorga olib chiqishda muhim rol o‘ynaydi, lekin bu tizimlarning O‘zbekistonda ishlamasligi katta to‘siq bo‘lib qolmoqda.
Yana bir muhim jihat — har bir viloyatda hublar ochilishi kerak. Hublar — inkubatorlar bo‘lib, ular startaplarni g‘oya darajasidan MVP (minimum viable product) holatiga olib chiqishda yordam beradi va netvorking imkoniyatlarini ta’minlaydi. Tajribali mutaxassislarni hublarga jalb qilish bu tizimning muvaffaqiyatli bo‘lishiga yordam beradi.

Kuchli tomonlaridan yana biri sifatida O‘zbekistonda startap ekotizimini yaxshilash uchun tezkor o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini aytish mumkin. Bu ijobiy rivojlanishlarning boshlanishidir.

— Sizningcha, O‘zbekiston startaplari uchun investorlarni jalb qilishning asosiy qiyinchiliklari nimada?
— Ochig‘i, hozircha investitsiya jalb qilmaganman, lekin investorlar bilan suhbatlarda qatnashib kelmoqdaman. Mening fikrimcha, eng murakkab tarafi bu prezentatsiya qilish san’ati. To‘g‘ri biznes modelini tanlash va uni kerakli investorga aniq va tushunarli yetkazib berish — bizning asosiy zaifligimiz bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, qonunchilikning barqaror emasligi ham katta to‘siq. Investorlar odatda inson huquqlari, biznesga egalik huquqi masalalari kafolatlangan davlatlarni tanlashadi. Masalan, agar sizning ko‘cha yo‘lakchalaringiz har kuni o‘zgartirilsa, bu sizga noqulaylik tug’dirishi aniq, to‘g‘rimi? Investorlar ham pulini ishonchli joyga qo‘yishni xohlaydi. Turli yangi qonunlarning kiritilishi yoki tez-tez o‘zgarishi investitsiyalar xavf ostida qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Mana shu omillar chet ellik investorlarning O‘zbekistonga kelishini qiyinlashtiradi.

— Siz oʻz startaplaringizga investor qidirish jarayoni qanday ketmoqda?
— Yaqinda Pitch Deck’imizni yozib bo’ldik va uni investor bo’lishi mumkin bo’lgan nozmodlarga yuborganman. Ular meni Toshkentga suhbatga chaqishgan, ammo men Surxondaryoning Termiz shahrida bo’lganim sababli, yuzna-yuz uchrashishga imkoniyatim yo’q. Shuning uchun hozirda Zumda loyihamiz uchun angel investor bilan suhbat belgilaganmiz.

— pDaftar’ning kelgusi rivojlanish bosqichlari qanday bo‘ladi?
— Biz bu startapni katta Dedcollector biznesiga aylantirmoqchimiz. Bu ekotizim ichiga qarzdorlikni sug‘urta qilishdan tortib, to‘lovlarni avtomatlashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarni kiritmoqchimiz.
Natijada, kichik va o‘rta biznes egalari hech qanday xavotirsiz qarzga savdo qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi va kerakli paytda o‘z pullarini qaytarib olishlari osonlashadi. Bu esa barqaror iqtisodiyot shakllanishiga yordam beradi.

— Startap boshlashni o‘ylayotgan yoshlarga qanday maslahatlar bera olasiz?
— Startaper hozirgi kunda IT bilan bog’langan bo’lgani sababli IT sohasini tushunishi kerak deb hisoblayman. Texnologiyalardan qanday foydalanadi, shularni bilib borishi kerak deb o’ylayman. Bundan tashqari ingliz tilini bilishi, chunki bu tilsiz yangi ma’lumotlarni ololmaysiz, yangiliklar bilan hamanafas bo’lolmaysiz. Chet elliklar bilan gaplashmoqchi bo’lsangiz, bu ham qiyinchilik tug’diradi. Shu sababdan yuqoridagi 2 narsani maslahat bergan bo’lar edim.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan