
Agar siz hech bo‘lmaganda bir marta venchur kapitali (VC) haqida eshitgan bo‘lsangiz, ehtimol Uber, Airbnb, Spotify kabi kompaniyalar haqida ham bilasiz. Ular butun sanoatlarni o‘zgartirib, sarmoyadorlarga millionlab, hatto milliardlab daromad keltirgan. Ammo ko‘pchilikni hayratga soladigan haqiqat shuki: har bir ulkan muvaffaqiyat ortida o‘nlab hattoki yuzlab muvaffaqiyatsiz yoki sekin o‘sadigan kompaniyalar bor.
Bu hodisani eng yaxshi tushuntirib beruvchi tushuncha bu — Power Law. Bu atama startap investitsiyalari daromadining qanday notekis taqsimlanganini ifodalaydi. Ya’ni, foydaning katta qismi faqat bir nechta kompaniyalardan keladi, qolganlari esa kichik muvaffaqiyat yoki to‘liq mag‘lubiyat bilan tugaydi.
Power Law nima?
Power Law ya’ni Kuch qonuni — ko‘plab tizimlarda qiymat yoki boylikning asosiy qismini oz sonli elementlar yaratishini anglatadi. Bu elementlar kompaniyalar, odamlar yoki voqealar bo‘lishi mumkin. Qolganlarning hissasi esa ancha kichik bo‘ladi. Venchur kapitali dunyosida bu shuni anglatadi: sarmoyadorlar uchun foydaning katta qismini atigi bir nechta startaplar keltiradi.
Startaplar olamida faqat juda oz qismi investorlar “home run” deb ataydigan ya’ni unicorn (1 milliard dollardan ortiq baholangan) yoki decacorn (10 milliard dollardan ortiq) kompaniyalarga aylanadi. Qolganlar esa, afsuski, bunday yutuqqa yaqinlasholmaydi ham.
Power Law ortidagi raqamlar
Venchur kapitalda raqamlar hech qachon aldamaydi. Masalan, odatiy bir VC fondi 100 ta startapga sarmoya kiritadi, lekin ularning faqat 1 yoki 2 tasi asosiy foydani olib keladi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, agar to‘liq muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlanmasa startap investitsiyalarining taxminan 75–80 foizi yo umuman foyda bermaydi, yo bo‘lmasa juda kam daromad keltiradi. Ammo qolgan 20–25 foiz startaplar juda katta muvaffaqiyatga erishishi mumkin. Eng hayratlanarli tomoni shundaki, portfeldagi atigi 1 foiz kompaniyalar butun fond foydasining katta qismini ta’minlashi mumkin.
Shu sababli, Power Law g‘oyasining asosi shundan iborat: venchur investorlar yirik risklarni qabul qilishga tayyor, chunki ular kamdan-kam, lekin ulkan natijalar keltiradigan startaplarga umid qiladi.
Real hayotdagi misollar
Keling, Power Law qanday ishlashini ba’zi mashhur venchur sarmoyalar orqali ko‘rib chiqamiz:
Sequoia Capital 1999-yilda Google’ga ilk bosqichda $12.5 million sarmoya kiritgan edi. Bugungi kunda bu sarmoya $50 milliarddan ortiq qiymatga ega. Bu — 4,000 barobarga o‘sish, ya’ni haqiqiy home run misoli.
Andreessen Horowitz esa 2009-yilda Facebook (hozirgi Meta)ga $40 million sarmoya tikdi. Bugungi kunda kompaniya $700 milliarddan ko‘proq baholanmoqda va bu firma uchun ulkan daromad olib keldi.
Ammo boshqalari-chi? Har bir Google yoki Facebook uchun yuzlab startaplar borki, ular hech qachon yirik muvaffaqiyatga erishmaydi yoki butunlay muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, venchur sarmoyalarning katta qismi yo zarar bilan, yo kichik foyda bilan yakunlanadi. Ammo Power law venchur kapitalistlarni bu o‘yinda ushlab turadi — ular har doim bitta ulkan g‘olib izlaydi.
Power Law ta’siri
Power Law’ni faqat investorlar emas, startap asoschilari ham tushunishi juda muhim. G‘oya oddiy: muvaffaqiyatli startap qurish oson emas. Hatto sizda a’lo mahsulot, kuchli jamoa va yetarli qo‘llab-quvvatlov bo‘lsa ham, ulkan natijaga erishish ehtimoli past. Ammo aynan shu sababli VC’lar riskliroq g‘oyalarni moliyalashtirishni xohlashadi — chunki bitta yutuqli sarmoya ko‘plab mag‘lubiyatlarni qoplaydi.
Asoschilar uchun Power Law’ni tushunish ustunlik beradi. Bu investorlarga siz e’tibor berishga arziydigan o‘yinda ishtirok etayotganingizni ko‘rsatadi. Venchur sarmoyadorlar bitta ulkan muvaffaqiyatga erishish umidida dovyurak va xatarli g‘oyalarni moliyalashtirishga tayyor bo‘lganligi sababli, siz keyingi “Google”ga aylanishingizni isbotlashingiz shart emas. Shunchaki startapingizning bunga imkoniyati borligini ko‘rsatish kifoya. Aynan shu imkoniyatning o‘zi moliyalashtirishni ta’minlashi mumkin — hatto kompaniyangiz hech qachon bozorda yetakchilikka erishmasa ham.
Xulosa
Power Law — bu venchur kapitalda daromadlarning juda notekis taqsimlanishini tushuntiradigan asosiy tushuncha. Startap dunyosida qaysi kompaniyalar muvaffaqiyat qozonishini oldindan bilish qiyin, ammo g‘oliblar shunchalik katta foyda olib keladiki, bu ko‘plab mag‘lubiyatlarni to‘liq qoplaydi.
Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva
Fikr bildirish