
Kvant texnologiyalari bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarning aksiyalari birdaniga keskin tushib ketdi. Bunga Nvidia bosh direktori Jen-Hsun Xuanning kvant kompyuterlari kelajagi haqidagi prognozi sabab bo‘ldi.
Kvant hisoblash bozorida bugun kuchli zarba sezildi: IonQ, Rigetti Computing va boshqa kompaniyalarning aksiyalari pasaydi. CES 2025 ko‘rgazmasi doirasida tahlilchilar uchun o‘tkazilgan tadbirda Xuan «foydali» kvant kompyuterlari paydo bo‘lishi o‘nlab yillarni talab qilishi mumkinligini aytdi.
«Agar 15 yil haqida gapiradigan bo‘lsak, bu juda optimistik fikr. 30 yil esa haddan tashqari pessimistona. Ammo 20 yil ancha real ko‘rinadi», — dedi Xuan.
Shuningdek, u Nvidia sun’iy intellekt chiplarini ishlab chiqishda yetakchi sifatida kvant texnologiyalarining rivojlanishini tezlashtirishda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.
Bozor qanday javob berdi?
IonQ — aksiyalar 45% ga tushdi
Rigetti Computing — 48% dan ortiq pasayish
Quantum Computing Inc. — 49% ga quladi
D-Wave Quantum — 47% ga pasaydi
Ushbu kompaniyalar ilgari ham investitsiya jalb qilishda qiyinchiliklarga duch kelgan edi, Nvidia rahbari kabi yirik texnologiya yetakchilarining skeptik fikrlari esa vaziyatni yanada murakkablashtirdi.
Katta o‘yinchilar bu vaziyatga qanday munosabatda?
Google o‘z yo‘lidan bormoqda. 2024-yil dekabr oyida kompaniya kvant chipi Willowni taqdim etdi va kvant hisoblashdagi asosiy muammo — kubitlar qo‘shilganda xatolik ko‘rsatkichlarini kamaytirishda sezilarli yutuqlarga erishganini e’lon qildi.
«Xatoliklar asosiy muammo bo‘lib qolmoqda, chunki kvant ma’lumotlari atrof-muhit bilan o‘zaro ta’sir natijasida osongina yo‘qolishi mumkin», — dedi Google Quantum AI rahbari Hartmut Neven.
Google’ning muvaffaqiyatlariga qaramay, Xuanning fikrlari kvant hisoblash hali rivojlanishning ilk bosqichida ekanini ko‘rsatmoqda.
Fikr bildirish