
Toshkentdagi IT Parkda MENA mintaqasi startap ekotizimi bo‘yicha mutaxassis Xolid Al Tattan ishtirokida muhim seminar tashkil etildi. Mazkur tadbir “IT Park Saudi Arabia” bilan hamkorlikda o‘tkazilib, O‘zbekiston va Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasidagi texnologik hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratildi.

Startaplar uchun imkoniyatlar
Seminarga “Seed”, “Pre-Seed” va “Idea” bosqichidagi startaplar jalb qilinib, ularga Fors ko‘rfazi bozoriga chiqish, sarmoya jalb qilish va biznesni kengaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Xolid Al Tattan o‘z tajribasidan kelib chiqib, quyidagi yo‘nalishlarda muhim maslahatlar taqdim etdi:
- Fors ko‘rfazi innovatsion salohiyati – MENA mintaqasidagi startaplar uchun dolzarb tendensiyalar va istiqbolli yo‘nalishlar tahlili.
- Investorlar kutayotgan mezonlar – Venchur sarmoyadorlarning startaplarni qanday baholashi, bozorga tayyorlik, kengayish imkoniyatlari va eng ko‘p qiziqish uyg‘otuvchi sohalar haqida tushunchalar.
- Muvaffaqiyatli startaplar tajribasi – MENA mintaqasida sarmoya jalb qilib, muvaffaqiyatga erishgan startaplar strategiyalari va ularning asosiy yutuqlari.

Xolid Al Tattan, ayniqsa, “Seed” va “Pre-Seed” bosqichlaridagi startaplar uchun mahsulotni mukammal ishlab chiqish sarmoya jalb qilish jarayonida hal qiluvchi omil ekanligini ta’kidladi. Seminar ishtirokchilariga o‘z loyihalarini oldindan taqdim etish va mutaxassisdan shaxsiy fikr-mulohaza olish imkoniyati yaratildi..
IT Park va MENA hamkorligi
Xolid Al Tattanning O‘zbekistonga tashrifi davomida IT Park vakillari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha uchrashuvlar tashkil etildi. U O‘zbekiston va Fors ko‘rfazi mamlakatlari quyidagi uchta asosiy startap yo‘nalishida muvaffaqiyatli hamkorlik qilishi mumkinligini ta’kidladi:
- FinTech – Moliyaviy texnologiyalar bo‘yicha innovatsiyalar va raqamli xizmatlar.
- E-commerce – Elektron savdo platformalarining rivojlanishi.
- Web3 – Markazsizlashtirilgan texnologiyalar va blokcheyn asosidagi loyihalar.
Mazkur yo‘nalishlar O‘zbekistonda ham, MENA mintaqasida ham tez rivojlanayotgan va investorlar uchun jozibador hisoblanadi.
Venchur fondlari va startaplar bilan uchrashuvlar
Xolid Al Tattan venchur investitsiya jamg‘armalari hamda bozorning yetakchi ishtirokchilari – “Aloqa Ventures”, “United Ventures”, “Startup Garage”, “C-Space”, “U-Enter” bilan uchrashib, istiqbolli hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, u O‘zbekiston va MENA mintaqasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida mahalliy startaplar – “Jobster”, “Geomotive”, “Smartup”, “Verifix”, “Online Nurse”, “TextileFinds”, “kpi.com” jamoalari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Ekspert o‘z chiqishida O‘zbekiston startaplari uchun Fors ko‘rfazi mamlakatlari bilan qo‘shma akseleratsiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish va innovatsiyalar sohasida tajriba almashish imkoniyatlarini yaratish taklifini ilgari surdi.
Seminarning yakuni va natijalar
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘z savollariga javob oldilar va Fors ko‘rfazi bozoriga chiqish bo‘yicha aniq strategiyalarni muhokama qilishdi. Ishtirokchilar seminarning dolzarbligini ta’kidlab, O‘zbekiston va MENA mintaqasi o‘rtasidagi texnologik hamkorlikning rivojlanishidan umid bildirdilar.
Fikr bildirish