Press ESC to close

O‘zbekiston IT Parki va Ummon raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston IT Parki bosh direktori Abdulaxad Kuchqarov O‘zbekistondagi Ummon Sultonligining Favqulodda va Muxtor Elchisi Vafо Jabr Nasir al-Busaidiy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tashrifdan maqsad O‘zbekiston IT sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishish hamda O‘zbekiston va Ummon o‘rtasidagi axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish bo‘ldi.

IT Park Uzbekistan vakili Sevara Xidoyatova markaz faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlari, rezidentlar soni, mavjud davlat imtiyozlari hamda Zero Risk dasturi haqida taqdimot o‘tkazdi.

Tashrif davomida elchi Uzinfocom markazi faoliyati bilan tanishdi va IT sohasini rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari yuqori baholadi.

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchqarov Fors ko‘rfazi mamlakatlari bilan aloqalar mustahkamlanayotganini ta’kidladi. Jumladan, IT Park Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘z vakolatxonasini ochdi.

Elchi IT Park Uzbekistan vakillarini javob tashrifi bilan Ummon Sultonligiga taklif qildi. Yaqin orada Ummonning Savdo, sanoat va investitsiyalarni rivojlantirish vaziri Qays Muhammad al-Yusufning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda.

Ummon elchisining tashrifi ikki mamlakat o‘rtasida AKT sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. IT Park Uzbekistan xalqaro hamkorlikni kengaytirish va raqamli iqtisodiyotning birgalikda rivojlanishi uchun yangi hamkorlarni jalb etish borasida faol ish olib bormoqda.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan