
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “MWC Barcelona – 2025” Jahon mobil kongressi doirasida “Ookla” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda “Ookla” prezidenti va bosh direktori Stiven Bye, strategiya bo‘yicha bosh direktor Chip Strenj hamda Shimoliy Osiyo va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo direktori Viktor Zeng ishtirok etdi.
Mazkur uchrashuv davomida internet infratuzilmasini rivojlantirish, tarmoq sifati monitoringini kuchaytirish hamda texnologik innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, mamlakatda 5G tarmog‘ini rivojlantirish jarayonlarini tezlashtirish, mobil aloqa operatorlari uchun ilg‘or texnologik yechimlarni sinovdan o‘tkazish va xalqaro tajribaga asoslangan holda ularni joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Tadbirda “Ookla” vakillari O‘zbekistonning so‘nggi yillarda mobil internet tezligi bo‘yicha sezilarli o‘sishga erishganini qayd etdilar. Speedtest Global Index ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilda mamlakat ushbu reytingda 133-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2025-yil yanvar holatiga kelib, 68-o‘ringa ko‘tarilgan. Shu tariqa, O‘zbekiston so‘nggi to‘rt yil ichida 65 pog‘onaga yuqorilagan.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida hamkorlikni mustahkamlash va qo‘shma loyihalar ustida ish olib borish masalalarini muhokama qildilar.
Ma’lumot uchun: 2006-yilda tashkil etilgan “Ookla” kompaniyasi internet tezligini o‘lchash va tahlil qilish bo‘yicha yetakchi tashkilotlardan biri hisoblanadi. U foydalanuvchilarga Speedtest platformasi orqali internet tezligini aniqlash imkoniyatini taqdim etadi hamda har oy Speedtest Global Index reytingini yangilab, dunyo bo‘ylab mobil va simli internet tezliklarini solishtirib boradi.
Fikr bildirish