
O‘zbekistonning umumiy qiymati taxminan 1,5 mlrd AQSH dollariga teng bo‘lgan navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalari xalqaro moliya bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi. 18 va 20-fevral kunlari Londonda AQSH dollarida 7-yillik, yevroda 4-yillik va so‘mda 3-yillik xalqaro obligatsiyalarni sotish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilindi. O‘zbekistonning xalqaro obligatsiyalariga jami 4,2 mlrd dollarlik talab kelib tushgan. Xususan:
AQSH dollaridagi 7-yillik obligatsiyalarga – 2 mlrd dollar;
Yevrodagi 4-yillik obligatsiyalarga – 1,6 mlrd yevro;
So‘mdagi 3-yillik obligatsiyalarga – 7,3 trln so‘m.
Obligatsiyalar bo‘yicha foiz stavkalari quyidagicha belgilab berilgan:
500 mln AQSH dollari miqdoridagi 7-yillik obligatsiyalar – 6,95%;
500 mln yevro miqdoridagi 4-yillik obligatsiyalar – 5,1%;
6 trln so‘m miqdoridagi 3-yillik obligatsiyalar – 15,5%.
Vazirlik shuningdek, 2024-yilda chiqarilgan obligatsiyalar bo‘yicha ma’lumotlarni ham taqdim etgan:
2024-yil may oyida sotilgan dollardagi 7-yillik obligatsiyalar 7,125% stavka bilan;
Yevroda chiqarilgan 3-yillik obligatsiyalar – 5,375% stavka bilan;
So‘mdagi 3-yillik obligatsiyalar – 16,625% stavka bilan joylashtirilgan edi.
Shuningdek, 2025-yilning yanvar-fevral oylarida ichki moliya bozorida joylashtirilgan 3-yillik davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bo‘yicha foiz stavkasi 15,6−16,1% oralig‘ida bo‘lgan.
Obligatsiyalarni joylashtirishdan tushgan mablag‘lar davlat byudjeti taqchilligini qoplash va ipoteka dasturini moliyalashtirish uchun banklarga resurs ajratishga yo‘naltiriladi.
Yevrodagi obligatsiyalar «Yashil» maqomi bilan chiqarilgan bo‘lib, ulardan tushgan mablag‘lar suv tejovchi texnologiyalar, sanitariya sohasini yaxshilash hamda boshqa loyihalarni moliyalashtirishga sarflanadi. Vazirlik «Yashil» obligatsiyalardan tushgan mablag‘lar xalqaro standartlar asosida hisobot qilib borilishini ta’kidladi.
2021−2024-yillar davomida 1,2 mlrd dollarlik «Barqaror rivojlanish maqsadlari» va «Yashil» maqomiga ega xalqaro obligatsiyalar chiqarilgan bo‘lib, ular bo‘yicha hisobotlar xalqaro talablar asosida e’lon qilingan. Loyihalarni tanlab olish jarayoniga BMTning rivojlanish dasturi (UNDP) jalb qilingan va mustaqil baholash «Sustainalytics» tomonidan taqdim etilgan.
Dollar va so‘mda chiqarilgan obligatsiyalarning mablag‘lari uy-joy qurilish dasturlari, maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish hamda ta’mirlash ishlariga yo‘naltirilishi ma’lum qilindi.
Fikr bildirish