
Qozog‘iston Respublikasining xalqaro don bozorlaridagi o‘rni tobora mustahkamlanmoqda. O‘zbekiston esa bug‘doy yetkazib berish bo‘yicha Qozog‘istonning eng yirik hamkori sifatida yetakchiligini davom ettirmoqda.
Qozog‘iston temir yo‘llari ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda jami 10,6 mln tonna don tashilgan bo‘lib, shundan 8,1 mln tonna eksport qilingan. Eksportning eng katta ulushi O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi — 3,3 mln tonna. Bu nafaqat yuqori ko‘rsatkich, balki O‘zbekistonning Qozog‘iston don eksportidagi strategik hamkor sifatida o‘rnini tasdiqlaydi.
Shuningdek, Xitoyga 1,7 mln tonna, Tojikistonga 1,2 mln tonna (2023-yilga nisbatan 20% ko‘p), Qirg‘izistonga esa 140 ming tonna (2023-yildan 1,9 barobar ko‘p) don yetkazilgan.
Eron va Ozarbayjon bozorlariga qaytilganligi ham Qozog‘iston eksportining geografik ko‘lami kengayib borayotganidan dalolat beradi. Xususan, Eron bozoriga don yetkazib berish 2 barobar oshib, 526 ming tonnani tashkil etdi, Ozarbayjonga esa 211 ming tonna (1,8 barobar ko‘p) don yetkazilgan.
Yangi hosil doni bo‘yicha sentabr-dekabr oylarida jami 5 mln tonna don tashilgan bo‘lib, bu 2023-yilning shu davriga nisbatan 50% ko‘proqdir. Ushbu davrda O‘zbekistonga 1,5 mln tonna (45% o‘sish), Tojikistonga 633 ming tonna (57%), Afg‘onistonga 190 ming tonna (51%), Xitoyga esa 592 ming tonna (2%) don eksport qilingan.
Eron bozoriga bu davrda don yetkazib berish 30 barobar oshib, 455 ming tonnani tashkil etdi. Ozarbayjonga esa 188 ming tonna don eksport qilingan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davrida umuman kuzatilmagan edi.
O‘zbekistonning Qozog‘istondan bug‘doy importidagi ulushi uning mintaqadagi muhim don bozorlaridan biri ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Fikr bildirish