
O‘zbekistonda farmatsevtika sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida venchur va investitsion fondlar tashkil etilmoqda. Ushbu tashabbuslar 28-yanvar kuni e’lon qilingan Prezident farmoni asosida amalga oshirilmoqda.
“Asakabank” huzurida kelgusi ikki oy ichida kapitali 10 million AQSh dollariga teng bo‘lgan venchur fond tashkil etiladi. Mazkur fond biotexnologiya, hujayra texnologiyalari va onkologiya yo‘nalishidagi farmatsevtika startaplarini moliyalashtirishga qaratiladi.
Shuningdek, “Asakabank”da alohida yuridik shaxs maqomisiz 100 million AQSh dollari kapitalga ega bo‘lgan investitsion fond tashkil etiladi. Ushbu mablag‘ning 50 foizi O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (FRRU) tomonidan, qolgan qismi esa “Asakabank” tomonidan ta’minlanadi. Fond farmatsevtika sohasidagi ilmiy-amaliy va investitsion loyihalarni moliyalashtiradi, bunda mablag‘lar investitsion takliflar asosida taqsimlanadi. Moliyalashtiriladigan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari Farmatsevtika agentligi qoshidagi Ilmiy-texnik kengash tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi. Loyiha doirasidagi import shartnomalarini esa “Loyihalar va import shartnomalarini kompleks ekspertiza markazi” davlat unitar korxonasi ko‘rib chiqadi.
Farmatsevtika sohasini rivojlantirish maqsadida 2025-yil 1-iyulga qadar dorivor o‘simliklarning beshta namunaviy plantatsiyasi tashkil etiladi. 2026-yil oxiriga kelib, ushbu o‘simliklarni qayta ishlash bo‘yicha loyihalar ishga tushiriladi. Shuningdek, farmatsevtika korxonalarida ilg‘or standartlarni joriy etishga ko‘maklashish maqsadida marketing va konsalting xizmatlarini taqdim etuvchi davlat muassasasi — Pharm Service tashkil etiladi.
18-dekabr kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalliy farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish zarurligini ta’kidladi. 2025-yilga qadar 200 turdagi dori vositalari ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqiladi, bu esa ishlab chiqarish hajmini ikki barobarga oshirishga xizmat qiladi. Ushbu maqsadlar uchun imtiyozli shartlarda 400 million AQSh dollari jalb etiladi. Ayniqsa, onkologik kasalliklar uchun dorilar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratiladi, chunki hozirda mamlakat ushbu preparatlarni asosan import qiladi. Olimlar, tadbirkorlar va investorlar ushbu yo‘nalish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etishlari mumkin.
Bundan tashqari, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 20 milliard so‘m grant ajratiladi. Ushbu mablag‘lar farmatsevtika sohasidagi yangi ishlanmalarni tijorat loyihalariga aylantirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltiriladi.
Fikr bildirish