
Prezident Shavkat Mirziyoyevga 21-aprel kuni xorijiy sarmoyalarni jalb etish borasida joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar yuzasidan taqdimot qilindi. Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, shu davrda mamlakatga 8 milliard 700 million AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb etilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 foizga ko‘proqdir.
Mazkur sarmoyalar energetika, metallurgiya, kimyo sanoati, farmatsevtika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, kommunal xizmatlar hamda ijtimoiy sohalardagi loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilmoqda. Loyihalar qo‘shilgan qiymat yaratish va yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga xizmat qilmoqda.
Yilning birinchi yarmi yakuniga qadar 18 milliard dollardan ortiq sarmoya o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. Umuman olganda, 2025-yilda mamlakatga 42 milliard dollarlik xorijiy investitsiya jalb etish, 81 ta yirik hamda 8 mingdan ortiq kichik va o‘rta loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Prezident har bir loyihani aniq manzilli yondashuv asosida yuritish, vazirliklar, hokimliklar va tarmoq rahbarlari ishtirokida muammolarni o‘z vaqtida hal qilish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi. U iqtisodiy beqarorliklar davrida har bir investor bilan individual ishlash, loyihalarning samaradorligini oshirish muhimligini qayd etdi.
Shuningdek, yangi investitsiya loyihalarini tezroq ishga tushirish, sanoatni rivojlantirish va daromadli ish o‘rinlari yaratish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilishda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalariga o‘zgartirish kiritish tartibi ham muhokama qilindi. Endilikda hokimliklarga tugallangan loyihalarda o‘zgartirishlar kiritish taqiqlanadi — bu faqat hukumat darajasida ko‘rib chiqiladi. Xususiylashtirish dasturi doirasida esa 49 ta korxonaning davlat ulushi xalqaro bozorga chiqarilishi belgilandi.
Fikr bildirish