
Yanvar oyida O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari sezilarli darajada oshdi, asosan, oltinning qimmatlashuvi hisobiga, deb xabar beradi Markaziy bank.
1-fevral holatiga ko‘ra, mamlakatning umumiy xalqaro rezervlari $42,9 milliardga yetdi, bu esa o‘tgan oyga nisbatan $1,72 milliard (+4,17%) ko‘pdir. Ushbu ko‘rsatkich 2024-yil oktabrida qayd etilgan eng yuqori darajaga yaqinlashmoqda.
Oltin qimmatlashdi, valyuta zaxiralari kamaydi
Zaxiralarning o‘sishiga asosiy sabab oltin narxining oshishi bo‘ldi – uning qiymati $3,02 milliardga ortib, rekord daraja – $35,06 milliardga yetdi. Bu esa jahon bozorlarida qimmatbaho metallning narxi $2900 ga yaqinlashgani bilan bog‘liq.
Oltin zahirasining fizik hajmi ham ozgina o‘sib, 12,3 million (382,57 tonna) dan 12,6 million troya unsiyasiga (391,9 tonna) yetdi.
Biroq valyuta zaxiralari sezilarli darajada – $1,29 milliardga kamayib, fevral boshiga kelib $7,3 milliarddan pastga tushdi. Shundan $442,3 millioni boshqa davlat markaziy banklari va Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisoblarida saqlanayotgan bo‘lsa, $6,75 milliard xorijiy tijorat banklarida joylashtirilgan.
Qimmatli qog‘ozlarga investitsiyalar
Oltindan tashqari, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlarning qiymati ham oshdi va $102,1 millionga yetdi. O‘tgan yilning oktabr oyida regulyator xorijiy obligatsiyalarni $65 millionga xarid qilib, ularning hajmini qariyb uch baravarga oshirgan edi.
Markaziy bank 2025-yilda AQSh davlat obligatsiyalarini sotib olishni davom ettirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, xalqaro zaxiralarni diversifikatsiya qilish maqsadida xavfsiz aktivlarga investitsiya qilish ham rejalashtirilgan.
Avvalroq, 2024-yilda O‘zbekiston oltin xarid qilish bo‘yicha dunyoning eng yirik o‘nta davlati qatoriga kirgani xabar qilingandi.
Fikr bildirish