
Pepsi brendining O‘zbekistondagi ishlab chiqaruvchisi International Beverages Tashkent (IBT) Baraka Market do‘konlari tarmog‘ining to‘liq ulushiga ega bo‘ladi.
Bu xarid Holten Group bilan bog‘liq bo‘lgan bir xil yuridik shaxslarga tegishli kompaniyalar o‘rtasidagi kelishuv doirasida amalga oshirilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi ushbu bitimga rozilik berganini e’lon qildi. Qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil shuni ko‘rsatdiki, bu korporativ tuzilmani qayta tashkil etish bo‘lib, u bozordagi raqobat muhitiga bevosita ta’sir ko‘rsatmaydi.
Baraka Market brendi ostida faoliyat yurituvchi Urban Retail MCHJ 2020-yil iyul oyida Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan. U asosan alkogolsiz ichimliklarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning rahbari sifatida Nikolay Viktorovich Razumovskiy qayd etilgan.
Kompaniyaning ustav kapitali 5 milliard so‘m bo‘lib, uning 99% ulushi Birlashgan Arab Amirliklarida ro‘yxatdan o‘tgan Holten Enterprise Holdings Ltd kompaniyasiga tegishli. Qolgan 1% ulush esa Holten Group Corp ga qarashli.
Shuningdek, aynan shu kompaniyalar International Beverages Tashkent (IBT) korxonasining asoschilari hisoblanadi, ulardagi ulush taqsimoti mos ravishda 99,9% va 0,1%.
Fikr bildirish