
Rossiya Davlat dumasi 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab Instagram va Facebook’da reklama joylashtirishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Qonun kuchga kirishi uchun uni endi Federatsiya Kengashi va prezident tasdiqlashi kerak.
Taqiq Rossiyada nomaqbul yoki ekstremistik deb topilgan xorijiy tashkilotlarning axborot resurslariga taalluqli bo‘ladi. Bu Facebook va Instagram’ni o‘z ichiga oladi.
Yangi qonunga ko‘ra, reklama beruvchilar ham, uni tarqatuvchilar ham javobgarlikka tortiladi. Jazo sifatida jismoniy shaxslarga 2–2,5 ming rubl, mansabdor shaxslarga 4–20 ming rubl, yuridik shaxslarga esa 100–500 ming rublgacha jarima belgilanadi.
Mutaxassislar bu o‘zgarishlar YouTube va Instagram’dagi reklama bozorining qisqarishiga olib kelishini, aksincha, VKontakte va Telegram’dagi integratsiyalar soni ortishini taxmin qilmoqda.
Blogerlar va agentliklar uyushmasi qonunning 1-apreldan emas, aynan 1-sentyabrdan kuchga kirishini o‘zlarining katta g‘alabasi sifatida baholadi. Ular reklama bozorini moslashtirish uchun qo‘shimcha yarim yilga erishganini aytmoqda.
Blacklight agentligi rahbari Maksim Perlinning aytishicha, Instagram va YouTube’dagi reklama bozori ikki baravarga qisqaradi, biroq butunlay yo‘qolib ketmaydi. U ayrim blogerlar yashirin reklama va kriptovalyuta orqali noqonuniy daromad olishga harakat qilishini istisno etmaydi.
Didenok Team asoschisi Kirill Didenok esa ko‘plab brendlar o‘z reklama byudjetlarini Instagram’dan boshqa samarali platformalarga o‘tkazishga majbur bo‘lishini ta’kidlaydi. Uning fikricha, bu o‘rinda Telegram asosiy alternativaga aylanishi mumkin.
Fikr bildirish