
Sun’iy intellekt va Web3 texnologiyalar kesishgan nuqtada faoliyat yuritayotgan Tools for Humanity startapi navbatdagi qadamini e’lon qildi. OpenAI bosh direktori Sam Altman hamkorligida asos solingan ushbu loyiha inson bilan AI agentni farqlash uchun mo‘ljallangan mobil qurilma — Orb Minini ommaga taqdim etdi.
Orb Mini qurilmasi San-Fransiskodagi “At Last” nomli taqdimot marosimida, kompaniya qurilmalar bo‘yicha rahbari va Apple sobiq dizayneri Rich Heley tomonidan ilk bor namoyish etildi. U smartfonga o‘xshash korpusda ishlab chiqilgan bo‘lib, foydalanuvchining ko‘z to‘r pardasini skanerlovchi ikkita yirik sensor bilan jihozlangan. Ushbu texnologiya foydalanuvchiga blokcheyn asosida yagona “inson ekanligi”ni isbotlovchi identifikator beradi.
Aslida World (avvalgi nomi Worldcoin) loyihasi insoniyatning sun’iy intellekt bilan chigal aralashuvini nazorat qilish g‘oyasiga tayangan holda yaratilgan. Kompaniya ushbu Orb qurilmalari orqali millionlab odamlarni identifikatsiyadan o‘tkazishni maqsad qilgan. Hozirda 26 milliondan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan, 12 milliondan ziyodi esa tasdiqlangan.
Orb Mini — kompaniyaning katta hajmdagi Orb qurilmalariga portativ alternativ sifatida taklif qilinmoqda. Qurilmaning asosiy maqsadi ilovalar ishlatish emas, balki ommaviy tekshiruvlarni soddalashtirishdir. Taqdimotdan so‘ng, loyiha hammuassisi Aleks Blania qurilma kelajakda POS (savdo nuqtasi) funksiyalariga ega bo‘lishi, hatto sensor texnologiyasi boshqa ishlab chiqaruvchilarga ham litsenziya asosida taqdim etilishi mumkinligini bildirdi.
Tools for Humanity, shuningdek, AQShda World Network do‘konlarini ishga tushirmoqda. Austin, Atlanta, Los-Anjeles, Mayami, Nešvill va San-Fransiskoda ochiladigan mazkur do‘konlar aholiga Orb orqali ro‘yxatdan o‘tish imkonini taqdim etadi.
Ushbu e’lonlar World loyihasining AQShdagi kengayishini anglatadi. Ayni paytda loyiha Janubiy Amerika, Lotin Amerikasi va Osiyo davlatlarida faolroq.
Orb Mini’ning OpenAI bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi bor-yo‘qligi hali noma’lum. Ammo Sam Altmanning har ikki loyihada ham ishtirok etayotgani — kelajakda World va OpenAI integratsiyasi ehtimolini oshiradi.
Fikr bildirish