
Samsung – maishiy texnika, televizorlar, smartfonlar, yarimo‘tkazgichlar, xotira chiplari va integratsiyalashgan tizimlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik sanoat korporatsiyasi. Janubiy Koreyaning Suvon shahrida joylashgan ushbu kompaniya bugungi kunda texnologiya olamidagi eng mashhur brendlardan biri bo‘lib, mamlakat eksportining katta qismini o‘z ichiga oladi.
Ilk qadamlar
Samsung 1938-yil 1-mart kuni Li Byong Chxul tomonidan Taegu shahrida oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi do‘kon sifatida asos solingan. U mahalliy bozordan lapsha va boshqa turli mahsulotlarni sotib olib, ularni Xitoy va unga yaqin hududlariga eksport qilgan. Kompaniya nomi – Samsung koreys tilida “uchta yulduz” degan ma’noni anglatadi. Koreya urushidan so‘ng Li o‘z biznesini yanada kengaytirib, mamlakatdagi eng yirik jun fabrikalaridan birini ishga tushirdi.
Li o‘z faoliyatini sanoatlashtirishga yo‘naltirib, urushdan keyingi Koreyaning iqtisodiy tiklanishiga hissa qo‘shishni maqsad qilgan. Bu davrda uning kompaniyasi hukumat tomonidan joriy etilgan proteksionistik siyosatlar – yirik mahalliy konglomeratlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni raqobatdan himoyalash va qulay moliyalashtirish sharoitlarini yaratish tufayli tez sur’atlarda rivojlandi.
1950-yillarning oxiriga kelib Samsung Koreyada uchta yirik tijorat banki, bir sug‘urta kompaniyasi, shuningdek, sement va o‘g‘it ishlab chiqaruvchi zavodlarni o‘z nazoratiga oldi. 1960-yillarda esa kompaniya yana bir nechta sug‘urta kompaniyasi, neftni qayta ishlash zavodi, neylon ishlab chiqarish korxonasi va universal do‘konni sotib oldi. Bu esa kompaniyaning nafaqat sanoat, balki moliya sohalarida ham yetakchilik qilishiga zamin yaratdi.
Sanoat va ishlab chiqarishdagi rivojlanish
1970-yillarda Samsung to‘qimachilik sanoatida raqobatbardoshlikni ta’minlash maqsadida butun ishlab chiqarish zanjiri – xom ashyodan tortib tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish tizimni yo‘lga qo‘ydi. Bu davrda Samsung Heavy Industries, Samsung Shipbuilding va Samsung Precision Company (keyinchalik Samsung Techwin) kabi yangi sho‘ba korxonalar tashkil etildi. Shuningdek, kompaniya og‘ir sanoat, kimyo va neft-kimyo sohalariga faol sarmoya kiritib, o‘zining barqaror o‘sishi uchun mustahkam poydevor yaratdi.
Elektronikaga kirib kelish
Samsung 1969-yilda elektronika sohasiga qadam qo‘yib, bir nechta bo‘limlarni tashkil etdi. Kompaniyaning ilk mahsuloti oq-qora televizorlar edi. 1970-yillarga kelib Samsung maishiy elektronika mahsulotlarini xalqaro bozorga eksport qila boshladi. O‘sha davrda u allaqachon Koreyaning yirik ishlab chiqaruvchilaridan biriga aylangan va Korea Semiconductor kompaniyasining 50 foizlik ulushini sotib olgan edi.
Texnologik taraqqiyot
1970-yillarning oxiri va 1980-yillarning boshlarida Samsung texnologik yo‘nalishlarda keskin kengayish bosqichiga o‘tdi. Kompaniya tarkibida alohida yarimo‘tkazgich va elektronika bo‘limlari tashkil qilinib, aviatsiya sohasi uchun yangi bo‘lim ochildi. Korxonalar uchun IT yechimlariga bo‘lgan ehtiyoj ortgani bois Samsung Data Systems (bugungi Samsung SDS) tashkil etildi. Bu qadam kompaniyaga axborot texnologiyalari xizmatlari sohasida tezda yetakchi mavqega ega bo‘lish imkonini berdi.
Bundan tashqari, Samsung ikkita ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etib, texnologik faoliyatini quyidagi sohalarga kengaytirdi: elektronika, yarimo‘tkazgichlar, yuqori polimer kimyosi, gen muhandisligi, telekommunikatsiya, aviatsiya va nanotexnologiyalar.
Global darajadagi kompaniyaga aylanish
1987-yilda kompaniya asoschisi Li Byong Chxul vafot etganidan so‘ng, rahbarlik uning o‘g‘li Li Kun Xiga o‘tdi. Samsung besh mustaqil kompaniyaga ajratildi. Elektronika sohasi Li Kun Xi nazoratida qoldi, qolgan to‘rt kompaniyani esa boshqa farzandlar boshqardi.
Li Kun Xi Samsung’ning mahalliy bozordagi ustun mavqeyi uni haddan tashqari qulay hududga olib kirgani va kompaniya global raqobatga tayyor emasligini tan oldi. U kompaniya rahbarlariga shunday degan edi: “Xotin va bolalaringdan tashqari hamma narsani o‘zgartir.”
U ilgari surgan “yangi boshqaruv” konsepsiyasi doirasida Samsung rahbarlardan xatolarni ochiq tan olishni, quyi lavozimdagilarga esa tanqid bildirish huquqini berishni talab qildi. Sondan ko‘ra sifatini ustun qo‘ydi, ayollarni yuqori rahbarlik lavozimlariga tayinladi va byurokratiyani kamaytirdi.
Yetakchilik va sinovlar
Li Kun Xi tomonidan Samsung ichki madaniyatida amalga oshirilgan tub islohotlar natijasida kompaniya global elektronika bozorida davomiy kengayib boraverdi. Biroq 1990-yillar nafaqat yutuqlar, balki bir qator jiddiy korporativ mojarolar bilan ham yodda qoldi. Samsung bir necha patent huquqini buzilishi bo‘yicha da’volar va poraxo‘rlik ishlariga duch keldi.
Hatto 1996-yilda Li Kun Xi sobiq prezident Ro Tae Vuga pora berganlikda aybdor deb topildi. U ikki yilga ozodlikdan mahrum etildi, ammo sudya hukmni shartli jazo bilan almashtirdi va 1997-yilda u afv etildi.
Shunga qaramay, Samsung texnologik salohiyati va mahsulot sifati bo‘yicha barqaror o‘sishni saqlab qoldi. Kompaniyaning yarimo‘tkazgichlari, kompyuter monitorlari va LCD ekranlari o‘z toifalarida global bozor ulushi bo‘yicha yetakchi beshlikka kirdi.
Smartfonlar va iste’mol texnologiyalaridagi yetakchilik
2000-yillar Samsung o‘zining Galaxy smartfon turkumini yaratib, global texnologiya bozorida katta muvaffaqiyatga erishdi. Bu mahsulotlar nafaqat kompaniyaning eng mashhur qurilmalariga aylandi, balki dunyodagi eng ko‘p sotilgan smartfonlar qatoridan joy oldi. Shuningdek, Samsung Apple’ning ilk iPhone modellariga mikroprotsessor yetkazib bergan va XX–XXI asrlar davomida eng yirik mikrochip ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan.
2006-yildan buyon Samsung dunyodagi eng ko‘p televizor sotgan ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. 2010-yilda Galaxy liniyasi Galaxy Tab orqali planshetlar segmenti kengaydi, 2013-yilda esa Galaxy Gear yordamida aqlli soatlar bozorga kirib keldi. 2019-yilda kompaniya o‘zining ilk bukiluvchi smartfoni bo‘lgan Galaxy Fold’ni taqdim etdi.
2008-yil aprel oyida Li Kun Xi ishonchni suiiste’mol qilish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash ayblovlari bilan hibsga olindi va oradan ko‘p o‘tmay Samsung raisligidan iste’foga chiqdi. U soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda aybdor deb topildi, qariyb 80 million AQSh dollari miqdorida jarima belgilandi va uch yilga shartli qamoq jazosi tayinlandi. 2009-yil dekabrida esa u Janubiy Koreya hukumati tomonidan afv etildi, bu unga Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi tarkibida qolish va Janubiy Koreyaning 2018-yil Pxyonchxan qishki olimpiadasi mezbonligini qo‘lga kiritish bo‘yicha tashabbusiga boshchilik qilish imkonini berdi.
2010-yildan keyingi rahbariyat va rivojlanishlar
2010-yil mart oyida Samsung Group rahbariyati Li Kun Xini konglomeratning eng yirik bo‘limi – Samsung Electronics boshqaruviga qaytardi. Oradan ko‘p o‘tmay, u butun Samsung Group’ning raisi sifatida faoliyatini tikladi. 2014-yilda yurak xurujiga uchragan Li Kun Xi koma holatga tushib qoldi. Garchi u rasmiy lavozimlarini saqlab qolgan bo‘lsa-da, Samsung Group’ning amaldagi rahbari sifatida uning o‘g‘li Li Chje Yon (Jay Y. Lee) faoliyat yurita boshladi.
2017-yilda Li Chje Yon sobiq prezident Park Geun Xega pora berganlikda aybdor deb topilib, qamoq jazosiga hukm qilindi. U bir yildan so‘ng jazosi shartli jazo bilan almashtirilib, ozodlikka chiqarilgan edi. Biroq bu qaror keyinchalik bekor qilindi va u 2021-yil yanvar oyida yana qamoqqa qaytarildi. Oradan yetti oy o‘tib shartli ravishda ozod qilindi.
Li qamoqda bo‘lgan davrda kompaniya boshqaruvi ikki, keyinchalik uch nafar bosh direktor o‘rtasida bo‘lingan holda davom etdi. Shu bilan birga, Li 2020-yilda yana bir moliyaviy jinoyat bo‘yicha ayblov bilan yuzlashdi. Bu ish 2015-yilda kompaniyaning ikki sho‘ba korxonasi o‘rtasida amalga oshirilgan qo‘shilish jarayonidan kelib chiqqan edi. Hukumat birlashuvda kompaniyalar qiymati ataylab manipulyatsiya qilingani, buning orqali Li Samsung ustidan to‘liq nazoratni mustahkamlashga uringanini bildirdi.
2020-yilda Li Kun Xi vafot etganidan so‘ng, uning o‘g‘li Li Chje Yon rasmiy ravishda Samsung Group boshqaruvini o‘z qo‘liga oldi. 2022-yilda esa u Samsung Electronics’ning ijrochi raisi etib tayinlandi. Uning rahbarligi ostida kompaniya sun’iy intellekt (AI) va yangi avlod yarimo‘tkazgich ishlab chiqarish texnologiyalari kabi ilg‘or yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratdi.
2020-yillarning boshlarida Samsung’ning yarimo‘tkazgich bo‘limi global talabning pasayishi hamda savdoning tushishini boshdan kechirdi. Bu muammoni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqarish hajmini kamaytirildi va yuqori darajadagi chiplar ishlab chiqarishga katta sarmoya kiritildi. Mobil qurilmalar segmentida Galaxy liniyasi yangi bukiluvchi smartfonlar – Galaxy Z Flip va Galaxy Z Fold bilan kengaytirildi. Shuningdek kompaniya yangi aqlli soatlar va smart uy mahsulotlarini ham bozorga taqdim etdi. Samsung’ning televizorlar ishlab chiqarish sohasi esa hanuzgacha kompaniyaning asosiy kuchli yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Tayyorladi: Zuhraxon Mansurova
Fikr bildirish