
1990-yillarning oxirlarida internet sanoati haqiqiy “oltin izlovchilar” davrini eslatardi. Investorlar, jurnalistlar va tadbirkorlar bu texnologiya savdo-sotiqni, ommaviy axborot vositalari, hattoki kundalik hayotni ham tubdan o‘zgartiradi, deb ishongan edilar. Va ular yanglishmagan.
Lekin bitta muhim joyda xato qilishdi: bu inqilob darhol ro‘y beradi, deb o‘ylashdi. Aynan shu noto‘g‘ri taxmin zamonaviy iqtisodiyot tarixidagi eng katta qulashlardan biri — dot-kom pufagining yorilishiga sabab bo‘ldi.
Dot-kom pufagi nima edi?
1995–2000-yillar oralig‘ida AQShda internet kompaniyalariga bo‘lgan ishonch haddan tashqari yuqori bo‘ldi. Agar sizning startapingiz nomida “.com” bo‘lsa, investorlar aksiyalaringizni darhol sotib olardi, hatto sizda ishlaydigan mahsulot, foyda yoki aniq biznes modeli bo‘lmasa ham.
Pets.com, eToys, Webvan kabi kompaniyalar an’anaviy sanoatlarni “inqilob qilamiz” degan va’dalar bilan millionlab dollar sarmoya oldi. Ularning aksiyalari keskin ko‘tarildi. Texnologiyaga ixtisoslashgan fond bozori — Nasdaq indeksi 1995-yilda taxminan 1,000 punkt atrofida bo‘lsa, 2000-yil boshida 5,000 punktdan oshdi.
Ammo uzoq davom etmagan bu yuksalish tezda haqiqat bilan to‘qnashdi. Aksariyat startaplar daromaddan ko‘ra ko‘proq xarajat qilayotgan edi. Investorlar pullarini sarflayotgan, lekin barqaror biznes yaratmayotgan edi. Ko‘plab kompaniyalar hech qachon foyda ko‘rmasligini anglagan investorlar orasida vahima tarqala boshladi.
2000-yil mart oyida pasayish boshlandi va ikki yil ichida Nasdaq deyarli 80% ga qulab tushdi. Trillionlab dollarlar yo‘q bo‘ldi, 2002-yilgacha internet startaplarining yarmidan ko‘pi bankrot bo‘ldi. Yuzlab kompaniyalar yopildi, minglab odamlar ishini yo‘qotdi — va bu bilan “pufak” portladi.
Bu nega yuz bergan?
Dot-kom pufagi haddan tashqari hayajon, noto‘g‘ri tushuncha va oson topilgan pul aralashmasidan yuzaga keldi. 1990-yillar oxirida internet hali yangi va sirli texnologiya edi. Ko‘pchilik uni kelajak deb bilib, imkoniyatni boy bermaslikka harakat qildi. Investorlar esa har qanday “.com” loyihaga pul tikishga tayyor edi, kompaniya barqarormi yo‘qmi, bu ularni qiziqtirmas edi.
Startap asoschilari sanoatlarni “inqilob qilamiz” deyishdi, lekin ularning qo‘lida ko‘pincha noaniq g‘oya va jozibali saytdan boshqa narsa yo‘q edi. Moliyaviy asoslar — daromad, foyda yoki barqaror biznes modeli — e’tiborga olinmadi. “Millionlab foydalanuvchi jalb qilinsa, qandaydir yo‘l bilan pul topamiz” degan fikr hukmron bo‘ldi. O‘sish — yagona mezonga aylandi.
Bundan tashqari, moliyalashtirish juda oson edi. Venchur kapital firmalari og‘ir savollar bermasdan har qanday startapga pul tikishardi. Internet kompaniyalari aksiyalarining narxi shu qadar tez o‘sardiki, hatto tajribali investorlar ham bu shovqinga qo‘shilib ketishdi. Ko‘plar bu kompaniyalar bir zumda IPO o‘tkazib, asoschilarini boyitayotganini ko‘rib, “men ham ulgurmay qolmay” deb sarmoya tikdi. Bu klassik FOMO — imkoniyatni boy berishdan qo‘rquv holati edi.
Ammo asosga ega bo‘lmagan biznes uzoqqa bormaydi. Bir necha kompaniya qulagach, bozor ishonchi ham qulab tushdi. Aksiyalar keskin qadrsizlandi, va shov-shuvli “texnologik inqilob” ko‘z ochib yumguncha o‘z yakuniga yetdi.
Asoschilar nima o‘rganishi mumkin?
Dot-kom pufagi shunchaki tarix emas — u bugungi kun startapchilari uchun muhim saboq. O‘shanda eng katta xatolardan biri — e’tibor muvaffaqiyat degani deb o‘ylash edi. Startaplar qurilgan mahsulotlari bilan emas, balki matbuotdagi shov-shuvlar va tez o‘sayotgan foydalanuvchilar soni bilan mashhur edi. Ammo bosim kuchayganida, bu raqamlar ularni saqlab qola olmadi.
Startap asoschilari uchun eng birinchi dars — bu foydalanuvchilar va bozor uchun haqiqiy yechim va qiymat yaratishdir. Startap haqiqiy muammoni hal qilishi va odamlar haqiqatan ham pul to‘lashga tayyor bo‘lgan mahsulot yaratishi kerak. Shov-shuv vaqtinchalik investor jalb qilishi mumkin, lekin barqaror biznes ularni uzoq vaqt saqlab qoladi.
Yana bir muhim jihat — daromad haqida erta o‘ylash. Dot-kom davrida ko‘p asoschilar monetizatsiyani orqaga surgan, “foydalanuvchi ko‘paysa, foyda o‘zi keladi” deb o‘ylashgan. Bu usul ish bermadi. Bugungi asoschilar nafaqat kelajakda, balki hozirning o‘zida ham pul biznes orqali qanday harakatlanishini tushunishlari kerak. Hatto uzoq muddatli mahsulot qurayotgan bo‘lsangiz ham, boshidan boshlab pul ishlashni va uni boshqarishni bilish — chidamlilikni ta’minlaydi.
Yana bir saboq — faqat tashqi sarmoyaga tayanish xavfli. Bozor saxiy bo‘lganda, mablag‘ doimo bo‘ladi degan tuyg‘u paydo bo‘ladi. Ammo 2000-yil va 2022-yilda bo‘lgani kabi, investor ishonchi pasaysa, faqat mablag‘ga tayanayotgan startaplar qulab tushadi. Asoschilar bozor o‘zgarishlariga tayyor bo‘lishi, xarajatlarni nazorat qilishi va kichik, bardoshli jamoa bilan ishlashi kerak.
Va nihoyat — sabr va intizom saboqlari. Dot-kom inqirozidan omon chiqqan kompaniyalar, masalan, Amazon, eng shovqinli yoki eng tez o‘suvchilar emas edi. Ular aniq maqsad, uzoq muddatli strategiya va og‘ir paytlarda ham ehtiyotkorlik bilan o‘sish qobiliyatiga ega bo‘lgan kompaniyalar edi. Ular biznesni marafon sifatida qabul qilgan, sprint emas.
Xulosa qilib aytganda, dot-com pufagi bizga yaxshi g‘oyaning o‘zi yetarli emasligini eslatadi. Uni hayotga tatbiq etish, vaqtni to‘g‘ri tanlash, moliyaviy intizom va haqiqiy qadriyat — mana shular uzoq umr ko‘radigan startaplar bilan tez yo‘qoladiganlar o‘rtasidagi farqni belgilaydi.
Xulosa
Dot-kom pufagi internet yomon g‘oya bo‘lganini emas, balki noto‘g‘ri yondashuv bilan ish tutilganini ko‘rsatadi. Texnologiya haqiqatdan ham dunyoni o ‘zgartiradi – ammo bu jarayon sekin, izchil va haqiqiy qiymat asosida kechdi.
Bugun sun’iy intellekt sohasi shunga o‘xshash holatga duch kelmoqda. Har kuni yangi “AI-powered” startaplar paydo bo‘lmoqda – ba’zida bu atama orqasida nima yotgani tushunarsiz. Investorlar yana noma’lum loyihalarga kattamablag‘ tikmoqda
Shu sabab dot-kom inqirozini tushunish — shunchaki tarix emas, bugun uchun ogohlantirishdir. Agar siz bugungi kun asoschisi bo‘lsangiz, ayniqsa AI bilan ishlayotgan bo‘lsangiz, sizda aniq maqsad, tushunarli rejalar va haqiqiy ta’sir bilan yaratish mas’uliyati bor. Texnologiya yangilanishi mumkin, lekin biznes qoidalari o‘zgarmaydi.
O‘tmishdan saboq oling. Faqat trendga ergashish yetarli emas. Chunki har bir texnologik inqilobda omon qoladiganlar — eng ko‘p shovqin ko‘targanlar emas, jimlikda uzoqqa bardosh beradiganlar bo‘ladi.
Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva
Fikr bildirish