
Platformaning yaratilishiga asos solgan shaxsiy tajribalar
Pivot.Uz nashri Kanadalik muhojirlar asos solgan Savyn tech startapi asoschilari bilan suhbat qilib uning yaralishi tarizi bilan qiziqdi. Bir kuni Sakeena Mihar sayrga chiqqanida yuragi birdan tez urishni boshladi, nafas olishi qiyinlashdi va tafakkuri go‘yo muzlab qoldi. U o‘zini yomon his qilgani uchun darhol to‘xtashga majbur bo‘ldi. O‘sha paytda u tanasida nima sodir bo‘layotganini tushunmasdi.
Mihar urush girdobida qolgan mamlakatdan kelgan muhojir edi. U urush paytida tez-tez sirenalar ovozini eshitgan. Kanadaga ko‘chib kelganidan keyin ham, sirenalar ovozi unda kuchli vahima xurujlarini keltirib chiqarardi.
“Men urushni boshimdan o‘tkazganman va shu sababli travmani shaxsan his qilganman,” deydi Mihar. “Mamlakatimni tark etganimdan keyin ham bu alomatlar yo‘qolmadi. Nima sodir bo‘layotganini esa toki bir kuni do‘stim menga men ehtimol PTSD bilan yashayotganimni aytmaguncha tushunmasdim, ”
Amerika Psixiatriya Assotsiatsiyasiga ko‘ra, Posttravmatik stress buzilishi (PTSD) — bu tabiiy ofatlar, og‘ir avtohalokatlar, terroristik hujumlar, urush, zo‘ravonlik yoki hayot uchun xavfli vaziyatlarni boshdan kechirgan yoki guvoh bo‘lgan insonlarda rivojlanishi mumkin bo‘lgan ruhiy kasallikdir. PTSD har qanday yosh, millat va madaniyat vakillarida uchrashi mumkin bo‘lib, ayollar erkaklarga qaraganda ikki baravar ko‘proq ushbu kasallikka chalinadi.
“Men yillar davomida PTSD bilan yashaganman, lekin buni bilmaganman,” deydi Mihar. “Terapevtga murojaat qilganimdan keyin o‘zimni ancha yaxshi his qildim. Jamoam ichida ko‘plab odamlar shunday holatni boshdan kechirayotgan bo‘lishi mumkin, lekin ular unga qanday nom berishni ham bilmaydi va ruhiy salomatlik atrofidagi uyat tufayli bu haqda gapirishmaydi.”
Bu tushuncha Miharni Savyn Tech nomli raqamli platformani ishga tushirishga undadi.
Insonlar uchun inklyuziv ruhiy salomatlik platformasi
Savyn — ruhiy salomatlik uchun innovatsion raqamli yechimlar ishlab chiqadigan va bir necha tillarda virtual PTSD terapiyasini taqdim etuvchi mukofotga sazovor ijtimoiy loyiha hisoblanadi. Ushbu platforma vahima xurujlari, PTSD simptomlari va travmatik holatlar bilan kurashishda ilmiy jihatdan samaradorligi isbotlangan terapevtik usullarni taklif qiladi.
Bundan tashqari, Savyn odamlar uchun moliyaviy, madaniy va til to‘siqlarini yengib o‘tish imkonini beruvchi, istalgan joy va vaqtda foydalanish mumkin bo‘lgan qulay usullarni taqdim etadi.
Mihar faqat texnologiya sohasida ishlash bilan cheklanmay, shu bilan birga, turli tashkilotlarga inklyuziya, tenglik va xilma-xillik bo‘yicha treninglar o‘tkazuvchi ekspert hamdir. U Ryerson Universitetida faoliyat yuritgan davrida ushbu universitetdagi musulmon xodim va o‘qituvchilar tarmog‘ini ham tashkil etgan.
Muhim uchrashuv va platformaning yaratilishi
2018-yilda dunyodagi eng yirik ochiq innovatsion tanlovlardan biri bo‘lmish Cooperathon tadbirida Mihar Yang Vang va Vik Shao-Chih Chian bilan tanishdi. Ular o‘z tajribalarini baham ko‘rishdi va ruhiy salomatlik bo’yicha murojaat qilish uyat bo‘lgan jamiyatlarda qanday o‘zgarish yasash mumkinligi haqida fikr almashishdi.
Tadbir yakunida ular ijtimoiy ta’sir mukofotiga loyiq topildilar va PTSD muammosi bilan kurashayotgan zaif guruhlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Savyn platformasini yaratishga qaror qilishdi.
Asoschilarning shaxsiy tajribalari
Savyn’ning hammuassisi va bosh marketing direktori (CMO) Yang Vang ham Kanadaga xalqaro talaba sifatida kelganidan keyin ruhiy sog‘lig‘ida jiddiy muammolarga duch kelgan.
“Universitetdagi birinchi yilim juda qiyin o‘tdi – til to‘sig‘i, madaniy tafovutlar va akademik bosim menga katta ta’sir ko‘rsatdi,” deydi u. Vang barcha qiyinchiliklarni yengib, o‘qishni eng yaxshi talabalar qatorida tamomladi. Keyinchalik u Monrealda rahbar lavozimiga ko‘tarildi, ammo bu lavozim unga kuchli bosim yukladi.
“Bir kuni metroda ishga ketayotib, birdan nafas ololmay qoldim. O‘zimni butkul ojiz his qildim va o‘sha lahzada o‘layotgandek tuyuldim,” deydi u.
Shifokorlar unga panik xuruj bo‘lganini aytishdi.
“O‘sha kuni men ilk bor ruhiy sog‘lig‘im qanchalik muhimligini tushundim,” deydi Vang. “Immigrant sifatida biz hayotimizda ko‘plab qiyinchiliklarni yengib o‘tishga majburmiz, ammo ruhiy salomatligimizni e’tiborsiz qoldiramiz. Ayniqsa, ba’zi jamiyatlarda bu mavzu hanuzgacha stigma hisoblanadi.”
Shu sababli Vang Savyn Tech’ni hammuassislik qilishga qaror qildi, maqsadi esa – ruhiy salomatlik bo‘yicha xabardorlikni oshirish, stigma bilan kurashish va o‘z tajribasi bilan jamiyatga foyda keltirishdir.
Ilm-fan asosidagi yondashuv
Savyn’ning bosh ilmiy direktori (CSO) Vik Shao-Chih Chian — nevrologiya sohasi bo‘yicha mutaxassis bo‘lib, miya saratoni, Alzheimer kasalligi va klinik tadqiqotlar bo‘yicha ilmiy ishlar olib borgan. Uning ilmiy yondashuvi Savyn’ni ilmiy jihatdan ishonchli platformaga aylantirdi.
“PTSD muammosiga bo‘lgan qiziqishim nevrologiya sohasiga bo‘lgan qiziqishimdan kelib chiqadi,” deydi Chian. U shuningdek, LGBTQ+ hamjamiyati vakillari PTSD rivojlanish ehtimoli ikki baravar yuqori ekanini ta’kidlaydi.
Kelajak rejalari va rivojlanish
Savyn Ryerson Universitetining Social Ventures Zone va Biomedical Zone inkubatsiya dasturlarida rivojlanmoqda. Kelajakda chatbotlar, virtual uy hayvonlari va gamifikatsiya orqali terapiya jarayonini yanada samarali qilish rejalashtirilgan.
Savyn’ning mobil ilovasi ishga tushirilmoqda, bu esa PTSD bilan kurashayotgan yanada ko‘proq odamlarga yordam berish imkonini beradi.
Batafsil ma’lumot olish uchun Savyn’ning rasmiy veb-saytiga tashrif buyuring:
🌐 www.savyntech.com
Laylo Xondamirovna
Fikr bildirish