Press ESC to close

Sequoia’ning sirli formulasi: tarixdagi eng muvaffaqiyatli venchur kapital firmasiga nazar

Bugungi kunda venchur kapital olamida milliard dollarlik biror kompaniyani muvaffaqiyatli qo‘llab-quvvatlash murakkab bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, Sequoia Capital buni odatdagidek amalga oshiradi. Apple, Google, PayPal, Airbnb, WhatsApp va Stripe kabi gigantlar uning portfelida jamlangan. Bunday yutuqlar tasodif emas.  Ammo uni boshqalardan nimasi ajratib turadi?

1972-yilda Don Valentin tomonidan asos solingan Sequoia texnologik inqilobga shunchaki guvoh bo‘lmagan, balki uning yaratuvchilaridan biriga aylangan. Fairchild va National Semiconductor’dagi tajribasi unga texnologiyaning qayerga yo‘nalishini va kimlar bilan bu yo‘ldan oldin borishini tushunish imkonini bergan. U hali yigirma yoshlardagi, garajda ishlayotgan Stiv Jobsning Apple’iga ishonib, ilk sarmoyani kiritdi – bu keyinchalik afsonaviy qarorga aylandi.

Ishonchga asoslangan sarmoya yondashuvi

Sequoia ko‘plab startaplarga tarqoq sarmoya tikadigan firmalardan farqli ravishda, oz sonli kompaniyalarni tanlab, ularga butun e’tiborini va kuchini bag‘ishlaydi. Hamkorlar kompaniyaga chuqur kirib boradi – ular rahbarlarni tanlashda, strategiyani belgilashda, hatto inqiroz vaqtida asoschilar yonida bo‘lishadi. WhatsApp misolida bu yondashuv $60 millionlik sarmoyani $3 millardga aylantirdi.

Shuningdek, Sequoia birinchi bo‘lib “platformaviy venchur” modelini joriy etdi. U startaplarni faqat moliyaviy emas, balki boshqaruv, HR, yuridik, PR va hattoki ruhiy salomatlik bo‘yicha ham qo‘llab-quvvatlaydi. Eng muhim jihati – bu yordam doimiy va proaktiv tarzda amalga oshiriladi.

Xulq-atvor ilmning ajralmas o‘rni

Sequoia Capital qaror qabul qilish jarayonida xulq-atvor fani (behavioral science), ayniqsa, katta rol o‘ynaydi. Bu yondashuv qisman Nobel mukofoti sovrindori Daniel Kahnemanning kognitiv xatoliklar haqidagi ishlaridan ilhomlangan. Firma hamkorlarini haddan tashqari ishonch, tasdiqlashga moyillik (confirmation bias) va yo‘qotishdan qo‘rquv (loss aversion) kabi aqliy tuzoqlarni aniqlashga o‘rgatadi. Sarmoya bo‘yicha qarorlar qat’iy tuzilgan bahslar orqali belgilanadi — har bir hamkor bitim foydasini ham, xavfini ham asoslab berishi kerak. Bu intellektual halollik madaniyati Sequoia’ning ko‘plab venchur firmalarni egallab olgan o‘tkinchi trendlardan chetda qolishiga yordam bergan.

Bundan tashqari, Sequoia odatiy VC firmalaridan ko‘ra uzoq muddatli yondashuvni tanlaydi. Aksariyat firmalar 5–7 yilda chiqish (exit) qilishga intilsa, Sequoia 2021-yilda o‘zining AQSh fondini qayta tuzib, ochiq tuzilmali investitsiya vositasiga aylantirdi. Bu esa unga Stripe, Instacart yoki DoorDash kabi kompaniyalarda IPO’dan keyin ham ulushini ushlab qolish imkonini beradi. Ushbu model xedj fond strategiyalariga o‘xshaydi va Sequoia’ga kompaniyalarni ommaviy savdo bosqichida ham qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi — bu esa zamonaviy bozor muhitida muhim farqlovchi omildir.

Global yondashuv va barqaror yetakchilik

Sequoia hech qachon bir joyda turib qolmagan. 2000-yillarning boshlarida u Silikon vodiysidagi ilk firmalardan biri sifatida global kengayishga chiqib, Sequoia India va Sequoia China bo‘limlarini ochdi. Har ikkala bo‘lim ham o‘z-o‘zidan kuchli investitsiya markazlariga aylandi. Garchi 2023-yilda geosiyosiy tangliklar sabab Sequoia China bilan aloqalar qayta ko‘rib chiqilgan bo‘lsa-da, xalqaro kengayish qarori Sequoia’ga kelgusi global innovatsiyalar to‘lqinini — xususan ByteDance (TikTok) va Meituan kabi kompaniyalarni — eng yaqin masofadan kuzatish imkonini berdi.

Yetakchilikdagi o‘zgarishlar ham noodatiy nafislik bilan amalga oshirilgan. Don Valentin chetga chiqqanidan so‘ng, Michael Moritz va Doug Leone firmani boshqarib, har biri o‘z izini qoldirgan, biroq Sequoia qadriyatlarini saqlab qolgan. Bugungi kunda firmaga Roelof Botha va Alfred Lin yetakchilik qilmoqda — ularning tahliliy salohiyati chuqur operatsion tajriba bilan uyg‘unlashgan. Masalan, Lin Sequoia’ga qo‘shilishidan oldin Zappos’da moliyaviy va operatsion direktor bo‘lgan, hozir esa Airbnb, DoorDash va Figma’dagi sarmoyalarni boshqarmoqda.

Squoia nafaqat sarmoya beradi, balki startaplar bilan haqiqiy strategik sheriklik o‘rnatadi. Ular bilan birga o‘sadi, qadriyatlar yaratadi va har bir asoschi, har bir kompaniya, har bir avlod orqali texnologik tarixni shakllantiradi. Venchur olamida noyoblik doim qadrlanadi – Sequoia esa hatto “noyob tushunchasining o‘ziga ham yangi mazmun baxsh etadi.  

Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan