
Allen Stanford – Texasda tug‘ilgan, o‘z mehnati bilan boylik orttirgan, moliyaviy imperiya barpo qilgan global orzular sari intilgan milliarder sifatida ko‘rilardi. Bankir xalqaro moliyachi darajasiga ko‘tarilib, Karib dengizi orollarida ofshor moliyaviy imperiyasini, hashamatli kriket turnirlarini va siyosiy ta’sir doirasini yaratdi. Ammo bu porloq obraz ortida tarixdagi eng yirik – 8milliard dollarlik Ponzi sxemalaridan biri yashiringan edi. U fosh etilgach, bu firibgarlik moliya bozorlari va sport olamiga katta zarba berdi.
Ko‘chmas mulkdan boylik sari
1950-yilda Texas shtatining Mexia shahrida tug‘ilgan Robert Allen Stanford Amerika orzusiga yetishmoqchi edi. U Baylor universitetida moliya yo‘nalishida tahsil oldi va dastlab sport zali ochib, tadbirkorlikni sinab ko‘rdi — bu loyiha ko‘pga bormadi. Ammo 1980-yillardagi Texas neft inqirozi davrida u o‘z omadini ko‘chmas mulkdan topdi — arzonlashgan mulklarni sotib olib, ularni foyda bilan sotish orqali boylik yig‘di. Bu muvaffaqiyat unga bank sohasiga kirishish uchun kapital va ishonch berdi.
1985-yilda u Karib dengizidagi kichik hudud — Montserrat orolida Guardian International Bank’ni tashkil etdi. Keyinroq bu faoliyatni Antigua oroliga ko‘chirib, bank nomini Stanford International Bank deb o‘zgartirdi. Aynan shu sharqiy Karib sohillarida Stanford o‘zining moliyaviy “kartochkalar uyi”ni qurdi.
Ponzi sxemasining qurilishi
Stanfordning banki yuqori foizli depozit sertifikatlarini taklif qilib, minglab investorlarni jalb qildi. U $50 milliarddan ortiq aktivlarni boshqarayotganini ko‘rsatdi, lekin bu yolg‘on edi – investorlarning daromadlari yangi kelganlarning pullaridan to‘lanayotgan klassik Ponzi sxemasi edi.
2009-yilda AQShning Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi (SEC) olib borgan tergov shuni fosh qildiki, Stanford mijozlar pullarini va’da qilinganidek investitsiya qilmagan. Aksincha, u bu mablag‘lardan hashamatli hayotni moliyalash uchun foydalangan — xususan, shaxsiy samolyotlar, yaxtalar, va yirik siyosiy xayriyalarni o‘z ichiga olgan sarf-xarajatlar uchun.
Qo‘lga olinishi, sud va hukm
2009-yil iyun oyida Allen Stanford hibsga olinib, 14 moddada ayblandi — ularga simli firibgarlik, pochta orqali firibgarlik, til biriktirish va tergovga xalaqit berish kabi jinoyatlar kirardi. Prokurorlar uni yigirma yil davomida 7 milliard dollardan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirganlikda ayblashdi.
2012-yilda Stanford 13 moddada aybdor deb topildi va 110 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, unga qariyb 6 milliard dollarlik aktivlarni davlat foydasiga musodara qilish buyurildi.
Bugungi kunda u jazoni Florida shtatidagi Coleman federal qamoqxonasida o‘tayapti.
Sport olamidagi shov-shuv
Allen Stanfordning eng g‘alati va ko‘zga ko‘rinarli tashabbuslaridan biri — kriketga sarmoya kiritishi edi. Antigua orolida, u mashhur shaxsga aylangan joyda, u Stanford 20/20 turnirini tashkil etdi va g‘oliblarga misli ko‘rilmagan mukofotlar va’da qildi. 2008-yilda u Angliya va Karib yulduzlar jamoasi o‘rtasidagi bir martalik o‘yin uchun 20 million dollarlik sovrin ajratdi — bu o‘sha davrda kriket tarixidagi eng qimmat o‘yin edi.
Uning bu faoliyati uchun Antiguan hukumati tomonidan riddor (ser) unvoni berilgan edi, ammo keyinchalik sudlanganidan so‘ng bu unvon undan olib qo‘yildi. Stanfordning keskin yuksalishi va birdan qulash holati kriket olamida og‘riqli iz qoldirdi — turnir yopildi, mukofot pullari muzlatildi, va sportchilar umid bilan kutgan yutuqlari birdan yo‘qoldi.
Jabrlanuvchilarga yetgan og‘ir zarba
Stanfordning firibgarligi 18 mingga yaqin investorga zarar yetkazdi. Ularning aksariyati — nafaqaga chiqqan, umr bo‘yi jamg‘arib kelgan mablag‘larini ishonchli va yaxshi boshqarilayotgan bank deb o‘ylab, Stanfordga topshirgan odamlardan iborat edi. Jabrlanuvchilar orasida sportchilar, mashhurlar va oddiy fuqarolar ham bor edi.
Sud jarayonlari orqali ba’zi mablag‘lar qaytarib olingan bo‘lsa-da, oradan o‘n yildan oshganiga qaramay, ko‘plab jabrlanuvchilar hanuzgacha to‘liq kompensatsiyani kutib yashamoqda.
2025-yil yanvarda SEC tomonidan Stanfordga qarshi ish bo‘yicha yakuniy qaror e’lon qilindi, bu deyarli 15 yil davom etgan mojaroga qisman yakun yasadi. Biroq bu fojianing aks-sadosi haligacha moliyaviy va insonlar hayotida sezilmoqda.
Xulosa
Allen Stanfordning tarixi – ochko‘zlik, zaif nazorat va xarizmatik shaxsning insonlarni aldash kuchi haqida ogohlantiruvchi darsdir. Yillar davomida u regulyatorlar, mijozlar, hattoki butun hukumatlarni aldab, imidjga va tez boyish orzusiga ishonishni o‘yin qildi.
Uning voqeasi moliyaviy nazoratni kuchaytirishga sabab bo‘ldi, ammo har doim yangi firibgarlik shakllari paydo bo‘lishini unutmang. Stanford esa bizga shuni eslatadiki: “haddan tashqari yaxshi eshitiladigan” investitsiya va’dasi ortida, aksar hollarda portlash arafasidagi bomba yotadi.
Allen Stanford o‘zining qurib bitkazgan boyliklari emas, yo‘q qilgan ishonchi bilan tarixda qoladi.
Tayyorladi: Navro‘zaxon Bo‘riyeva
Fikr bildirish