Press ESC to close

Startup Garage endi Nukusda

Startup Garage tashabbusi O‘zbekistonda o‘z tarmog‘ini kengaytirib, Nukus shahrida yangi filialini ishga tushirdi. Qoraqalpog’istondagi innovatsion markaz AloqaBank binosida, Islom Karimov ko‘chasi 102-uyda joylashgan bo‘lib, yosh tadbirkorlar uchun zarur resurslar va mentorlik dasturlarini taqdim etishni maqsad qilgan.

Nukus filiali ochilishi bilan Startup Garage markazlarining soni oltitaga yetdi. Joriy yil boshidan buyon shunday markazlar Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlarida ham tashkil etilgan. Har bir filialning asosiy maqsadi yosh innovatorlarga o‘z g‘oyalarini hayotga tatbiq etish va muvaffaqiyatli biznesga aylantirish uchun ko‘mak berishdan iborat.

Startup Garage’ning asosiy vazifalaridan biri yosh tadbirkorlarni startap loyihalarini ishlab chiqish va rivojlantirishda qo‘llab-quvvatlashdir. Markaz ularning minimal ishlashga qodir mahsulotini (MVP) yaratishiga yordam berib, tajribali mentorlar bilan bog‘lashni ta’minlaydi. Shuningdek, ofis maydoni va texnik infratuzilma bilan ta’minlash, huquqiy yordam ko‘rsatish, bank ekotizimiga integratsiya qilish, investitsiyalar jalb etishda amaliy yordam berish ham asosiy maqsadlardan biri sanaladi. Shu bilan birga, Startup Garage mahalliy va xalqaro bozorlarni zabt etishda startaplarga ko‘maklashadi.

Nukusdagi ochilish marosimida startap ekotizimiga qiziquvchi 80 ga yaqin yoshlar ishtirok etdi. AloqaVentures vakillari tomonidan tashkil etilgan maxsus sessiyada venchur kapitalining startaplarni qo‘llab-quvvatlashdagi o‘rni va investitsiya jalb qilish jarayoni bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

Tadbir doirasida 10 nafar startap asoschisi o‘z loyihalarini soha ekspertlariga taqdim etdi. Natijada, ulardan ikki loyiha istiqbolli deb topilib, Startup Garage rezidenti sifatida tanlandi. Bu ularga mentorlik, moliyaviy imkoniyatlar va biznesni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini yaratadi.

Yangi innovatsion markazlar tarmog‘ini kengaytirish orqali Startup Garage O‘zbekistonda startap ekotizimini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Bu yosh tadbirkorlar uchun o‘z g‘oyalarini real biznesga aylantirish va muvaffaqiyat sari yo‘l ochish imkonini beradi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan